2.Iqtisodiy xavfsizlikni ifodalovchi makroiqtisodiy ko’rsatichlar
Mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi holati mezon va ko’rsatkichlar tizimi orqali baholanadi. Makro va mikro darajada iqtisodiy xavfsizlikka bo’ladigan tahdidlarni tahlil qilish va bashoratlashda iqtisodiy xavfsizlikning mingdan ziyod ko’rsatkichlaridan foydalaniladi. Lekin shularning ichida 19 ta indikatordan foydalanish maqsadga muvofiq deb hisoblaniladi. Bu indikatorlar iqtisodiyotning real va moliyaviy sektorlarida va ijtimoiy sohada iqtisodiy xavfsizlikning muhim jihatlarini ifodalaydi. 19 ta indikatorning xususiyatlaridan biri ular orasidagi o’zaro bog’liqlikdir.
Iqtisodiy xavfsizlikning mezon va ko’rsatkichlari asosida iqtisodiy tizimning
amal qilishidagi tahlikali chegaralar belgilanadi. Ko’rsatkichlar tahlikali chegaralar sifatida qabul qilingan birliklardan chekingan holatlarda tizim izchil rivojlanishga bo’lgan qobiliyatini, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini yo’qotib boradi, transmilliy korporatsiyalarning ekspansiyasi ob’yektiga aylanib qoladi, milliy boyliklarning talon-taroj qilinishidan zarar ko’radi. Davlat siyosatini ishlab chiqishda iqtisodiyotni nafaqat sifat, balki xavflardanxoli bo’lgan tarzda rivojlanish chegaralarini son jihatdan ham belgilashi talab etiladi. Demak mamlakatda iqtisodiy xavfsizlik holatining sustlashishiga ma’lum bir chegara doirasida yo’l qo’yilishi mumkin. Iqtisodiy xavfsizlik uchun ko’rsatkichlarning o’zi emas, ularning chegaraviy miqdori muhim ahamiyatga ega. SHu chegaralarga rioya qilmaslik takror ishlab chiqarishning turli elementlarini normal taraqqiy etishiga to’sqinlik qiladi. Iqtisodiy xavfsizlikda negativ, buzuvchi jarayonlarning shakllanishiga olib keladi. Iqtisodiy xavfsizlikning miqdoriy ko’rsatkichlari bo’yicha milliy manfaatlarni ta’minlash maqsadida ko’rsatkichlarning eng quyi yoki yuqori chegaralari aniqlanadi. Hokimiyat institutlari tomonidan amalga oshiriladigan iqtisodiy xavfsizlik siyosati ko’rsatkichlarning barchasini me’yorida saqlab turishga qaratilishi kerak.
Iqtisodiy xavfsizlikning bir chegaraviy ko’rsatkichi boshqa shunday ko’rsatkichning yomonlashuvi hisobiga ta’minlanishi mumkin emas. Davlat har bir konkret holatdaxavfsizlik va iqtisodiy samaradorlikni uyg’unlashuvini ta’minlashga harakat qilishi kerak bo’ladi. Ayni paytda qisqa davr oralig’ida foyda keltirishi mumkin bo’lgan ish, strategik jihatdan umuman foydasiz bo’lishi mumkin. Iqtisodiy xavfsizlikning mezoni – iqtisodiy xavfsizlikning mohiyatini ifodalovchi muhim jarayonlar nuqtai nazaridan iqtisodiy holatni baholash hisoblanadi. U quyidagilarni o’z ichiga oladi:
– resurs salohiyati va uni rivojlantirish imkoniyatlarini baholash;
– resurs, kapital, mehnatdan samarali foydalanish darajasini etakchi
mamlakatlar darajasiga va shuningdek, ichki va tashqi xarakterga ega
bo’lgan tahdidlar minimumni tashkil etgandagi darajasiga muvofiqligini
baholash;
–iqtisodiyotning raqobatbardoshligini baholash;
–hududiy sarhadlarni va iqtisodiy makonni yaxlitligini baholash;
–suverenitet va mustaqillikni, tashqi tahdidlarga qarshi turish imkoniyatlarini baholash;
–ijtimoiy barqarorlikni va ijtimoiy ziddiyatlarni oldini olish va hal etish
imkoniyatlarini baholash.
Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun uning indikatorlari monitoringini tashkil etish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Monitoring iqtisodiy xavfsizlik ko’rsatkichlarini aniqlash, tahlil qilish va ularning o’zgarish tendensiyalari va istiqbolini aniqlash imkonini beradi. Mutaxassislarning fikricha, mezonlar biror-bir harakatni amalga oshirish uchun yo’llanma sifatida qabul qilinishi mumkin emas. Uni amalga oshirishda jamiyat bazisini qayta tashkil etish, resurs va ishlab chiqarish salohiyatini qayta qurish, yangi
bozor institutlarini, xo’jalik yuritish dastaklarini, boshqarish tizimini yaratishga muvofiq bosqichma-bosqich harakat qilish zarur bo’ladi.
Iqtisodiy xavfsizlikning quyidagi ko’rsatkichlari mavjud:
-yalpi ichki mahsulot (hududiy yalpi mahsulot);
- inflyatsiya darajasi;
-davlat byudjeti kamomadi;
-ichki qarz darajasi;
-tashqi qarz darajasi;
-ishsizlik darajasi;
-turmush darajasi va sifati;
-oltin valyuta zahiralari;
-xufiyona iqtisodiyot faoliyati;
-ekologik holat.
Yuqoridagi ko’rsatkichlardan tashqari yana bir qator ko’rsatkichlar ham mavjud. Masalan, aholi daromadlari, chakana narxlar miqdori, uy-joy bilan ta’minlanganlik, hududning mamlakat yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, hududning to’lov balansi, eksport-import saldosi va boshqalar.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ko’rsatkichlarning barcha majmuasi qabul qilingan chegaralar doirasida bo’lgan va bir chegaraviy ko’rsatkich boshqa bir chegaraviy ko’rsatkichning yomonlashuvi hisobiga yaxshilanmagan taqdirdagina xavfsizlikning eng yuqori darajasiga erishiladi.
Xavfsizlik ko’rsatkichlari bilan ularning tahlikali chegara miqdorlari
o’rtasidagi bog’liqlik dinamikada o’rganilishi zarur.
Dostları ilə paylaş: |