9-rasm. Qarama-qarshi yo‘nalishli absorbsion qurilmaning sxemasi. 1–eritma yig‘gich; 2–absorberlar; 3–sovitgichlar; 4– nasoslar
Ushbu qurilmada suyuqlik chegaralangan sikl bo‘yicha harakat qiladi. Birinchi kolonnada qisman tozalangan gaz ikkinchi kolonnaga yo‘naltiriladi. Ikkinchi kolonna ham suyuqlik bilan chegaralangan sikl bo‘yicha ta’minlanib turiladi. Ikkinchi kolonnaga berilayotgan eritma-ning konsentratsiyasi ma’lum qiymatga yetganda birinchi kolonnaning sikliga yuboriladi. Shunday qilib, eritmaning konsentratsiyasi birinchi kolonnadan ikkinchi kolonnaga o‘tganda ko‘payadi va birinchi kolonnaning siklida konsentratsiyasi ancha yuqori bo‘lgan eritma hosil bo‘ladi. Ushbu eritma issiqlik almashgich (5) da isitilib, desorbsion kolonna (6) ga yuboriladi. Desorberda suyuqlikda yutilgan komponent issiqlik ta’sirida bug‘latiladi. Toza issiq erituvchi yig‘gich (2) ga tushadi. Bu erituvchi nasos (3) yordamida issiqlik almashgich (5) va sovitgich (4) orqali ikkinchi kolonnaning siklida qaytariladi. Desorbsiya qilingan gaz esa uskunaning yuqorigi qismidan uzatiladi. Ushbu qurilmada suyuqlik resirkulatsiya qilinadi va faqat ayrim yo‘qotilishlarni qoplash uchun kam miqdordagi toza erituvchi qo‘shib turiladi, erigan komponent esa toza holda hosil bo‘ladi.
10-rasm. Resirkulatsiyali absorbsion-desorbsion qurilmaning sxemasi: 1–absorberlar; 2–yig‘gichlar; 3–nasoslar; 4–sovitgichlar; 5–issiqlik almashgich; 6–desorber.
11-rasmda tabiiy neftga yo‘ldosh gazlarni ajratishga mo‘ljallangan absorbsion qurilmaning sxemasi keltirilgan. 30–40o C haroratli gaz xomashyosi isitkichlar (10) va sovitgichlar (3) tizimi orqali faza ajratgichi (13) ga kiradi. Gaz tarkibidagi suv bug‘larini ajratib olish uchun isitgichlarga dietilenglikolning 70–80 % eritmasi II yuboriladi. Faza ajratgichidan so‘ng gazlar absorber (1) ga kiradi, kondensat – deetanizatsiyaga, tarkibida suvni ushlagan dietilenglikol eritmasi esa – regeneratsiyaga yuboriladi.
Regeneratsiya qilingan absorbent absorberdan chiqayotgan quruq gaz bilan sovitgich (3) da uchrashadi, u yerda absorbent asosan yengil uglevodorodlar (etan va metan) bilan to‘yinadi va dastlabki to‘yingan absorbentning idishi (2) ga yuboriladi. Idish (2) dan dastlabki to‘yingan absorbent absorber (1) ning yuqorigi qismiga beriladi, quruq gaz III esa isitgich (10) orqali qurilmadan tashqariga chiqariladi.