Mir Alisher Navoiyning asarlarida emotsional, aqliy va hissiy bilish bilan bogʻliq fikrlar, inson tafakkurini oʻrganish va mas’uliyat bilan hayotga, oʻz hayoti va boshqalar hayotiga munosabatda boʻlish kabi diqqatga xos jarayonlar aks etgan.
Alisher Navoiy inson tanasi va uning ruhi haqida oʻz fikrlarini bildirib borib, inson tanasi bu uning miyasi bilan bogʻliqligini “Mahbub ul-qulub” asarida koʻrsatib oʻtadi. Umuman Alisher Navoiy asarlarida inson, uning ruhiy-psixologik, axloqiy-psixologik jarayonlari keng tahlil qilinib insonni barkamol boʻlishga, jamiyatni yaxshi insonlar qoʻlida boʻlishi va ijtimoiy munosabatlarda taraqqiyotga yoʻnalishi kabi masalalar, pedagogika va psixologiya masalalari oʻrganiladi.
Navoiy ijodida oʻz davri ma’naviyatining muhim koʻrinishi – axloq masalasi asosiy oʻrin tutadi. Navoiy inson axloqining uzviy tarkibiy qismi boʻlgan, uning emotsional-hissiy kechinmalarini tashkil etuvchi ishq-muhabbatni, sevgini yuksak ijtimoiy axloqiy tushuncha darajasiga koʻtarish bilan insondagi bu ruhiy jarayonni oʻrgandi va ifodalab berdi. Bu yerda Navoiyning fikricha, ishq-muhabbat, sevgi insonlar faoliyatini boshqaruvchi, tartibga soluvchi omil boʻlib, inson qalbini turli illatlardan tozalovchi, insonda yuksak ma’naviy his-tuygʻuni uygʻotuvchi qudratli ruhiy-axloqiy kuch ekanligi aytiladi.
Alisher Navoiy til, soʻz insonni bezaydigan jarayon ekanligini, inson soʻz orqali muloqotga kirishar ekan, suhbatdoshiga xursandchilik yoki koʻngliga ozor yetkazishi mumkinligini koʻrsatib oʻtadi. Navoiyning xushmuomalalik, shirinsuxanlik, muloyim boʻlish haqidagi fikrlari aynan inson ruhiyatining ijobiy tomonlarini tashkil etib insonda goʻzallik hissini tarbiyalaydi. Navoiy soʻzning inson hayotidagi muhim ahamiyatli vosita ekanligini yaxshi tushunadi. Inson soʻzlayotgan har bir fikrini chuqur mantiqan oʻylagan holda oʻz oʻrnida ishlatishi kerakligini targʻib etadi.
Ma’dani inson gavhari soʻzdir, Gulshani odam samari soʻzdir, Ham soʻz ila elga oʻlimdan najot, Ham soʻz ila topib oʻlik tan hayot. Navoiy inson xarakteriga tegishli boʻlgan har qanday holatda ham rost soʻzlash, oʻzini va fikrini nazorat qilish, irodali boʻlish, yomon soʻzlardan saqlanish, qoʻpol boʻlmaslik kabilarni targʻib etib, insonlarga axloqiy barkamollik tilaydi.
Buyuk allomalarimiz Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiylar bu sohada oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshgan. Ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida psixologik qarashlar ilmiy tus ola boshladi va yangi psixologik-falsafiy nazariya va ilmiy maktablar yuzaga keldi.
Oʻzbekistonda psixologiya fanining rivojlanishida XX asr muhim ahamiyat kasb etdi. 1928-yili Rossiyalik mashhur psixolog L.S.Vigotskiyning Toshkentga tashrifi, psixologiyaning rivojiga turtki boʻldi. Hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining oldingi oʻquv korpusida olim tomonidan psixologiya boʻyicha ommaviy ma’ruzalar oʻqilishi ilmiy, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻldi. Xuddi shu yili universitetning ijtimoiy-gumanitar fakul’tetlarida psixologiya kursi oʻqitila boshlandi. 1929-yili respublikada ilk psixologiya oʻquv laboratoriyasi ta’sis etildi. Bu voqeliklar respublikamizda ilmiy psixologiya taraqqiyoti uchun muhim rol oʻynadi.
Psixolog kadrlar tayyorlash esa keyinroq yoʻlga qoʻyildi. 1947-yilda hozirgi OʻzMUning filologiya fakulteti qoshida “Psixologiya va logika” mutaxassisligi boʻlimi ochildi. Ushbu mutaxassislik boʻyicha oʻn yildan ortiqroq davr oraligʻida kadrlar tayyorlanib kelindi.Turli sabablar bilan u keyinchalik yopib qoʻyildi. Oʻzbekiston Fanlari Akademiyasining a’zolari E.Yu.Yusupov, M.H.Hayrullayev, professorlar M.V.Vohidov, I.R.Rahimovlar shu boʻlimning ilk bitiruvchilari boʻlishgan.
1972-yilda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston hududida birinchi marta keng profilli psixolog kadrlar tayyorlash uchun Universitetning tarix fakulteti qoshida psixologiya boʻlimi ochildi.
Mamlakatimizda psixologiya fanining rivojiga hissa qoʻshgan yetakchi olimlar: Ivanov Platon Ivanovich, Muhammad Gabdulgalimovich Davletshin, Gʻoziyev Ergash Gʻoziyevich, Shoumarov Gʻayrat Baxramovich, Karimova Vasila Mamanosirovna, Qodirov Botir Raxmonkulovichlardir.
Qozon universitetini tamomlagan va 1933-yildan boshlab professor unvoniga ega boʻlgan, hamda 1941-1968-yillar mobaynida hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Psixologiya boʻlimida mudirlik qilgan bilimdon, aql-zakovat egasi P.I.Ivanov Oʻzbeksitonda psixologiya fanining rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi, 80 ga yaqin ilmiy qoʻllanma va maqolalar yozdi. Ayniqsa, umumiy psixologiya, yosh va pedagogik psixologiya, mehnat psixologiyasi yoʻnalishida barakali ijod qildi. Uning “Pamyat” –T., 1941; “Psixologiya” (qisqacha izohli lugʻat) Gosizdat, 1946; “Psixologiya” (pedagogika oliy oʻquv yurtlari uchun oʻquv qoʻllanma), -M, Uchpedgiz, 1954, 1956, 1959; “Ta’limning psixologik asoslari”, -T., 1961; “Umumiy psixologiya” (oʻzbek tilida) –T., 1957-yil kabi qator darslik va qoʻllanmalari chop etildi.