O`zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shahrisabz davlat pedagogika instituti


Faoliyatning interiorizatsiyasi va eksteriorizatsiyasi



Yüklə 42,93 Mb.
səhifə62/105
tarix25.09.2023
ölçüsü42,93 Mb.
#148227
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   105
MAJMUA - Psixologiya.

Faoliyatning interiorizatsiyasi va eksteriorizatsiyasi.
Tashqi olamda turli hodisalar ma’lum darajada o‘zaro doimiy bog‘liqlikka, ma’lum sharoitlarda namoyon bo‘ladigan biror mustahkam xususiyatga va tuzilishga egadir.
Obyektlar bilan hodisalar o‘rtasidagi bunday barqaror (invariant) munosabatlarni obyektlarning muhim xususiyatlari deb yuritiladi. Bu ularning kelajakda qay darajada o‘zgarishi va shu maqsadga muvofiq ish tutish, ya’ni obyekt va hodisalarning “xatti-harakatlari”ni oldindan ko‘ra olish imkoniyatini beradi. Tashqi, ya’ni buyumlar bilan qilinadigan bunday holda guyo ichki, ya’ni ildam faoliyatni oldindan payqab olinadi. Obyekt (narsa) ustida qilinadigan konkret ishlar bu obyektlarning muhim xususiyatlari ustida qilinadigan operatsiyalar bilan, ya’ni ideal (psixik) ishlar bilan almashinadi. Boshqacha qilib aytganda, narsalar bilan jismoniy tarzda qilinadigan ishlar shu narsalarning mazmuni bilan almashinadi.
Tashqi real ishdan ichki ideal ishga mana shunday o‘tish jarayonini interorizatsiya deb yuritiladi (ichki ishga aylanadi). Inson psixikasi interiorizatsiyasi tufayli ayni chog‘da ko‘z o‘ngida yo‘q bo‘lgan narsalarning obrazlari bilan ishlay bilish qobiliyatiga ega. Interiorizatsiya muammosi rus olimlari L.S.Vigotskiy, A.N.Leontev, P.Y.Galperin va ularning shogirdlari tomonidan turli jabhalarda tadqiq qilingan. Interiorizatsiya orqali inson psixikasi muayyan vaqt oralig‘ida uning idrok maydonida yo‘q narsalarning timsoli (obrazi) dan foydalanish qurbiga ega bo‘ladi. Shu narsa ma’lumki bunday o‘zgarishlarning muhim quroli bo‘lib, so‘z o‘zgarishi vositasi sifatida nutqiy faoliyat xizmat qiladi. Shuning uchun so‘zlarni to‘g‘ri ishlatishga odatlanish favqulodda buyumlarning muhim xususiyatlari haqida axborotdan foydalanishning usullarini o‘zlashtirish demakdir. Inson aqliy taraqqiyotida interiorizatsiyaning ahamiyati kattadir.
Ma’lumki, odamning ichki dunyosi paydo bo‘lgandan so‘ng har bir narsani, har bir harakatni oldindan ichida o‘ylab so‘ngra amalga oshiradi. Oldin ichida o‘ylab, so‘ngra bevosita tashqi munosabatga o‘tishi faoliyatning eksteriorizatsiyasi deb yuritiladi.
Faoliyatning tarkibi
Inson faoliyati juda xilma–xildir. Unga mehnat, pedagogik, badiy–ijod, ilmiy–tadqiqot faoliyatlarini kiritish mumkin. Inson faoliyati tarkibini tahlil qilish, shuni ko‘rsatadiki, faoliyat tashqi dunyoni ongli psixik aks ettirilishida namoyon bo‘ladi. Har qanday faoliyatda inson o‘z xatti-harakatlarini maqsadini anglaydi, kutilayotgan natijani tasavvur qiladi, sharoitni idrok qiladi va baholaydi, bajariladigan harakat tarkibini o‘ylaydi, irodaviy zo‘r beradi, faoliyatning borishini kuzatadi, muvaffaqiyat va mag‘lubiyatini o‘ylaydi.
Faoliyat bir tomondan, shaxsning rivojlanishi va sifatlarining namoyon bo‘lish sharoiti, ikkinchidan, shu faoliyat subyekti bo‘lgan shaxsning taraqqiyot darajasiga bog‘liqdir.
Barcha faoliyat turlari tarkibida uchta tarkibiy qismni: maqsad–motiv–harakatni ajratish mumkindir.
Maqsad – inson faoliyati so‘nggi natijasining obrazi sifatida namoyon bo‘ladi va ehtiyojlarini amalga oshirilishidir.
Motiv – kishini faoliyatga undaydi va unga mazmun baxsh etadi.
Ish–harakat galdagi bitta oddiy vazifani bajarishga qaratilgan, nisbatan tugallangan faoliyatning tarkibi. Faoliyatga qaratilgan maqsad ozmi–ko‘pmi uzoq yoki yaqin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu maqsadga erishish odam tomonidan ana shu maqsad sari harakat qilish davomida uning oldida tug‘iladigan qator juz’iy maqsadlarni izchillik bilan hosil qilishdan iborat bo‘ladi.
Tashqi olamdagi narsalarning holatini va xossalarini o‘zgartirishga qaratilgan harakatlarni ish-harakat (sa’i-harakat) deb yuritiladi. Narsalar bilan qilinadigan istalgan bir ish makon va zamon bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lum harakatlardan tashkil topadi. Masalan: “A”, “I” harflarni yozishdagi harakatlar, bir-biridan farq qiladi. Odamlarning narsalar bilan qiladigan harakatlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, bu harakatlar tashqi jihatdan juda ko‘p, rang-barangdir. Shunday bo‘lsa ham, odatda ular uchta sodda elementlardan tashkil topgandir; “olmoq”, “joyini o‘zgartirmoq”, “quyib yubormoq” bu harakatlar odamning tanasi, oyoqlari va boshi bilan qilinadigan yordamchi harakatlar bilan amalga oshiriladi.
Inson faoliyatiga yo‘naltirilgan maqsadga erishish uchun shu yo‘lda harakat qilish tufayli xususiy vazifalarni bajarishga kirishadi. U o‘z oldida turgan maqsadni amalga oshirish uchun ma’lum vaqt oralig‘ida u yoki bu amalni bajaradi. Biror matnni kompyuterda tayyorlash uchun inson oldin uni elektr tokiga ulaydi, ekranni ishga sozlaydi, uning tugmachalarini bosish orqali harf va so‘zlarni teradi, so‘ngra ma’lum ma’no anglovchi matn paydo bo‘ladi.
Inson faoliyati narsalarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan sa’i – harakatlardan tashqari: a) tananing fazoviy holati, b) qiyofaning saqlanishi (tik turish, o‘tirish), v) joy almashish (yurish-yugurish), g) aloqa vositalari sa’i–harakatlari qatnashadi. Odatda aloqa vositalari tarkibiga; a) ifodali sa’i– harakat (imo-ishora, pantomimika), b) ma’noli ishora, v) nutqiy sa’i– harakatlarni kiritadi. Sa’i–harakatlarning ushbu turlarida ta’kidlab o‘tilganidan tashqari mushaklar, hiqildoq, tovush paychalari, nafas olish a’zolari ishtirok etadi. Demak, narsalarni o‘zlashtirishga qaratilgan harakatning ishga tushishi muayyan sa’i– harakatlar tizimining amalga oshirilishini anglatadi. Bu hodisa ko‘p jihatdan harakatning amalga oshishi, shart–sharoitlarga bog‘liq. Jumladan: a) kitobni olish qalamni olishdan boshqacharoq tarzdagi sa’i–harakatni taqazo etadi, b) avtomobilni haydash velosepedda uchishga qaraganda o‘zgacha sa’i–harakat talab qiladi, v) ellik kilogramm shtangani ko‘tarishda bir pudlik toshga qaraganda ko‘proq quvvat sarflanadi, g) kartonga katta shaklni joylashtirish, qiyin kechadi.
Yuqorida keltirilgan misollar turlicha obyektlarga taalluqli bo‘lishiga qaramay, ularda harakatning maqsadi yagonadir. Obyektlarning turlicha ekanligi sa’i–harakatlarning oldiga va mushak faoliyati tuzilishiga har xil talablarni qo‘yadi. Ushbu voqelik rus olimlari P.K.Anoxin, N.A. Bernshteyn, E.A.Asratyanlarning tadqiqotlarida isbotlab berilgan. Ularning umumiy mulohazalariga qaraganda, mushaklarning faoliyati sa’i – harakat vazifasi bilan emas, balki mazkur sa’i–harakat ro‘y beradigan shart-sharoitlar bilan boshqarilish mumkin. Mushaklar bu o‘rinda sa’i– harakatlarning yo‘nalishini va tezligini ta’minlash uchun xizmat qiladi, har xil qarshiliklarni (hajm, kuch, vazn ta’siri) muayyan darajada susaytiradi.
Sa’i–harakatlarning nazorat qilish jarayoni va ularni boshqarish teskari aloqa tamoyiliga binoan ro‘yobga chiqadi. Ushbu hodisani amalga oshish imkoniyati quyidagi omillarga bevosita bog‘liq holda kechadi: a) sezgi a’zolari aloqa kanali vazifasini bajargan taqdirda; b) ular axborot manbai sifatida harakat rolini o‘ynaganda; v) sa’i–harakatlarni aks ettiruvchi alomatlar bu jarayonda xabar yetkazuvchi sifatida qatnashganida va boshqalar. Ta’kidlab o‘tilgan omillar orqali amalga oshadigan teskari aloqaning bunday shaklini (ko‘rinishini) rus tadqiqotchisi P.K.Anoxin teskari afferentatsiya deb atagan. Afferentatsiya (lotincha afforens keltiruvchi degan ma’noni anglatadi) tashqi qo‘zg‘atuvchilardan hamda ichki organlardan axborotni qabul qiluvchi hissiy a’zolardan markaziy nerv sistemasiga kelib tushuvchi nerv impulslarining doimiy oqimini bildiradi. To‘g‘ri aloqa axborotlarning tashqaridan kirib borishini anglatib kelsa, teskari afferentatsiya uning aks holatini namoyon qiladi. Sa’i – harakatlarning hammasi ham organlarning faoliyatini tushuntirish uchun xizmat qiladi va nazorat (boshqaruv) jarayoni qanday kechishini tahlil etish imkoniyatiga ega.
Faoliyat tarkibiga kiruvchi sa’i-harakatlar tizimi oxir oqibatda mazkur harakatning maqsadi bilan nazorat qilinadi, baholanadi va to‘g‘rilab turiladi. Maqsad miyada faoliyatning bo‘lg‘usi mahsuloti timsoli, o‘zgaruvchan andazasi tarzida vujudga kelishi mumkin. Ezgu niyatga aylangan bo‘lg‘usi andoza bilan harakatning amaliy natijasi qiyoslanadi, o‘z navbatida andoza sa’i-harakatni yo‘naltirib turadi. Ana shu holatning turlicha psixofiziologik talqinlari mavjud bo‘lib, ular “Bo‘lg‘usi harakat modellari”, “sa’i-harakat dasturi”, “maqsadning dasturi”, “miyada harakatning o‘zi oldindan hosil qiladigan andozalari” singari tushunchalarida o‘z ifodasini topadi. Jumladan, ularning eng muhimlari; “Harakat akseptori” va “Ilgarilab aks ettirish” (P.K.Anoxin), “Harakat-lantiruvchi vazifa” va “Bo‘lg‘usi ehtiyoj andozasi” (N.A.Bernshteyn), “Zaruriy mohiyat ” va “Kelajak andozasi” (Mittelshtedt, U.Eshbi) va boshqalar. Sanab o‘tilgan tadqiqotchilarning talqinlari ilmiy faraz (taxmin) tarzida berilganligi tufayli ular miyada qanday aks etilishi mumkinligini mukammal bilishga qodir emasmiz. Lekin ularning miyada ilgarilab aks ettirish to‘g‘risidagi mulohazalari, bu borada tasavvur-larning yaratilishi psixologiya fani uchun ijobiy ilmiy voqelik bo‘lib hisoblanadi.
Narsalar bilan qilinadigan ish-harakatidan tashqari, odamning faoliyatini badanning ma’lum vaziyatini va qiyofasini saqlab turishni ta’minlaydigan harakatlar, organizmning bir joyidan ikkinchi joyiga o‘rin almashtirishi, kommunikatsiyani ta’minlaydigan harakatlar, ifodali harakatlar va nutq harakatlari mavjud.
Narsalar bilan qilinadigan ishlarni bajarish ma’lum tizimdagi harkatlarni amalga oshirishdan iborat. Harakatlar tizimi va maqsadi bilan, bu maqsad yo‘naltirilgan narsalar xususiyati va ish sharoiti bilan bog‘liqdir. Masalan, stakan va qalamni olish, piyoda va chang‘ida yurish, og‘ir va yengil narsani boshqa joyga olib qo‘yish, mayda va katta mixni qoqish, gantel va shtangani ko‘tarish, harakatlari bir-biridan farq qiladi.
Harakatning boshqarilishi va uning natijalarini erishiladigan pirovard maqsad, taqqoslash yo‘li bilan doim nazorat qilib boriladi va to‘ldirib turiladi. Unday nazorat sezgi a’zolari yordami bilan erishilishi mumkin bo‘lgan narsalar tashkil etadi. Demak, maqsad miyada, kelajakdagi faoliyat natijasida, tilakdagi kelajak modeli bilan ishning mazkur natijalari taqqoslanadi, xuddi ana shu ishning qay yo‘sinda bo‘lishi boshqariladi.
Harakatlarning istagan bir tomonlarini ularning motor, sensor va markaziy tarkibiy qismlari deb atash mumkin. Ishni amalga oshirishda bajaradigan vazifalariga muvofiq, ular ishni ijro qiluvchi, boshqaruvchi deb belgilanishi mumkin. Bu vazifalarning har birini kishi ongli va ongsiz ravishda bajarishi mumkin. Odam talaffuz qilmoqchi bo‘lgan gapning grammatik shakli va mazmuni hamisha ong yordamida oldindan payqab olinadi. Odatda, ishdan ko‘zlangan maqsad va shuning bilan birga ishning umumiy xarakteri hamma vaqt anglab olinadi. Masalan, velosipedda ketayotgan odam mutlaqo ongsizlik holatida buning uddasidan chiqa olmaydi.
Bajariladigan harakatning ma’lum tomonlari dastavval to‘la anglab boshqarishni talab qilinadi, undan keyin ishning bajarilishi ongning ishtirokini borgan sari kamroq talab qiladi. Bunday hollarda ishning bajarilishi avtomatlashadi. Odamdagi maqsadga muvofiq harakatlarning amalga oshirilishi va avtomatlashuvi malaka deb aytiladi. Ishning tuzilishi shunday qisman avtomatlashuvi tufayli o‘zgarish imkoniyati quyidagidan iborat:
Harakatlarni ijro qilish usullarining o‘zgarishi. Bundan avval har biri alohida-alohida bajarilgan ayrim harakatlar bir butun harakat tarkibidagi oddiy harakatlar o‘rtasida hech qanday “to‘xtab qolish” va tanaffuslar bo‘lmaydigan bitta yaxlit aktga aylanadi. Masalan, kotibaning o‘rganayotgan haydovchi, yozishni o‘rganayotgan bola harakatini ko‘rish mumkin.
Ishni bajarishda sensor, ya’ni hissiy nazorat usullarining o‘zgarishi. Ishni bajarish ustidan qilinadigan ko‘rish nazorati ko‘p jihatdan muskul nazorat bilan almashinadi. Masalan, mashinistkaning xat yozishdagi, haydovchi motor ovozidagi, po‘lat quyuvchi metal rangining o‘zgarishini farq qiladi.
Ish-harakat markaziy boshqaruvchi usullarining o‘zgarishi. Diqqat ish-harakatining usullarini idrok qilishdan ozod bo‘ladi va asosan ish-amalning hamda natijalarni idrok qilishga qaratiladi. Ayrim hisoblash, qarorga kelish va boshqa intellektual operatsiyalar tez va birlashgan holda “intuitiv” bajarila boshlaydi.
Malaka faoliyat tarkibida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Malaka deb mashq qilish jarayonida ish harakatlar bajarilishining avtomatlashgan usullariga aytiladi. Malaka ish unumdorligining ortishiga, vaqtni tejashga, aqliy faoliyatni bir muncha muhimroq narsalarga safarbar qilishga imkon beradi. Malaka quyidagicha hosil qilinadi:
a) mehnat harakatlari, ularni egallab olishning zarur ekanligi va ahamiyatini anglash;
b) harakat namunasini esda olib qolish;
v) malaka namunalarini ko‘p marta bajarish, mashq qilish;
g) izchillik bilan olib boriladigan mashq natijasida harakatlar tezlashadi, xatolar kamayadi;
d) malaka harakatlarni avtomatlashtirish bilan shakllanadi. Ayrim ortiqcha harakat elementlari tushib qoladi.
Biror faoliyatni amalga oshirish uchun mavjud bilimlardan va malakalardan foydalana olish k o‘ n i k m a deyiladi.
Malaka turli yo‘llar bilan ko‘rsatish, tushuntirish, ko‘rsatish va tushuntirishni qo‘shib olib borish orqali hosil qilinishi mumkin.
Har bir ko‘nikma va malaka odamning o‘z tajribasida avval egallab olgan malakalari asosida yuzaga keladi va amal qiladi. Malaka, ko‘nikmalarning ayrimlari kishining ko‘nikma hosil qilishiga va malakali ishlashiga yordam beradi, boshqa birlari halaqit beradi, uchinchilari, yangi ko‘nikmalarni o‘zgartirib boradi. Bu hodisa psixologiyada malakalarning o‘zaro ta’siri deyiladi.
Avval hosil qilingan malakalarning yangi malakalarga ijobiy ta’siri malakalarning ko‘chishi yoki malakalar induksiyasi deb ataladi. Masalan, matematika darsida hosil bo‘lgan ko‘nikmani, fizikada qo‘llash mumkin.
Faoliyatning yana bir qismi odat bo‘lib, ko‘nikma malakalardan hech qanday samara yoki natijaga ega emasligi bilan ajralib turadi. Odatda odam tomonidan beixtiyor, ongsiz tarzda muayyan maqsadga yo‘naltirilmagan holda amalga oshiriladi. Ba’zi hollarda odatlar shaxs tomonidan nazorat qilinishi mumkin, lekin har doim ham aqlli va kerakli harakatlar bo‘lmasligi mumkin.
Faoliyatning asosiy turlari
Odamlarning faoliyati ongli faollik sifatida inson ongining tarkib topishi va taraqqiyoti bilan bog‘liq holda tarkib topadi va rivojlanadi. Inson faoliyatida taraqqiyotning asosi hamda ong mazmunining manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Faoliyatda insonning shaxsi ifodalanadi, shu bilan birga faoliyat odam shaxsini tarkib toptiradi. Odamlarda har xil turdagi faoliyatlarning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti juda ham murakkab hamda uzoq davom etadigan jarayon. Bolaning faoliyati uning kamoloti davomida faqat asta-sekin ta’lim va tarbiyaning ta’siri ostida ongli maqsadga mos faoliyat shaklini egallab boradi.
Inson faoliyati asosan uch turga bo‘linadi: o‘yin, mehnat, ta’lim faoliyati. Bu faoliyat turlari bola shaxsining tarkib topishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
O‘yin. Bola bir yoshga to‘lgandan boshlaboq unda faoliyatning sodda shakllarini egallash uchun shart-sharoitlar yuzaga kela boshlaydi. Bunday shart-sharoitlardan birinchisi o‘yindir. O‘yin faoliyatini hayvon bolalarida ham uchratish mumkin. Hayvonlarning yosh bolalarida kuzatiladigan o‘yin faoliyatiga har xil narsalar bilan shug‘ullanish, yolg‘ondakam urishishlar, yugurishni va shu kabilarni kiritish mumkin. Bolalarda ham o‘yin ularning faoliyatlarini, faolliklarini amalga oshirish shaklidir. Sof holdagi o‘yin faoliyatini yuzaga keltiradigan sabab ehtiyoj bo‘lsa, uning manbai taqlid va tajribadir. Bolalar narsalar bilan rolli qoidali, harakatli, didaktik mazmunli o‘yinlarni o‘ynaydilar.
O‘yin narsa va hodisalarning mazmunini bolaning o‘z tajribasida bilib olishga, mazkur mazmunlarni ishlata bilishga mashq qildiradi. Bolaning shaxsiy sifatlari boshqalar bilan munosabatlarda tarkib topib boradi.
O‘yin faoliyatida bola ijtimoiy voqelikni taqlid, rol orqali ijro etishga harakat qiladi va shu yo‘sinda atrof-muhit to‘g‘risidagi, ijtimoiy turmushdagi shaxslararo munosabatlarni o‘zlashtira boradi. Ijtimoiy turmushdagi u yoki bu hodisani rol orqali ijro qiladi. So‘z bilan harakatning birikuvi natijasida o‘yin faoliyati tusini oladi va muayyan ma’noda axborot berish, uzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastlabki o‘yin aynan kattalar xatti-harakatini takrorlash, ularga taqlid qilish bilan tavsiflanadi. Syujetli o‘yinlar borliqning goh anglangan, goho anglanmagan tarzda u yoki bu tomonlarini egallashga harakat qiladi.
O‘yin dastavval bola uchun vaqt o‘tkazish, uni mashg‘ul qilish funksiyasini bajarsa, keyinchalik ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot namunalarini ifodalash darajasiga o‘sib o‘tadi. Rollar, ma’noli harakatlar, ibratli imo-ishoralar, tushunchalar bola shaxsini shakllantirishda faol ishtirok etadi. Bola tug‘ilgandan to maktab ta’limigacha uning uchun o‘yin faoliyati yetakchi faoliyat rolini bajaradi, shuningdek o‘yin didaktik tus kasb etishi ham mumkin.
Ta’lim faoliyati o‘yin faoliyatining pirovardida yuzaga keladi. Bu faoliyatning maqsadi ma’lum axborotlarni, bilimlarni, harakatlar va amallarni o‘zlashtirishdan iboratdir. Odamning o‘z maqsadiga ko‘ra batamom o‘rganish va o‘zlashtirishdan iborat bo‘lgan mana shunday maxsus faoliyati ta’lim faoliyati deyiladi. Psixologik jihatdan olganda, ta’lim faoliyati o‘z ichiga quyidagi jarayonlarni oladi: ma’lum bir nazariya va amaliy faoliyat turini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun obyektiv olamning eng muhim xususiyatlariga doir axborotlarni o‘zlashtirish. Bu jarayonning mahsuloti bilimlardir. Mana shu faoliyatni, ya’ni bilimlarni o‘zlashtirishda yuzaga keladigan usul va operatsiyalarni egallash, bu jarayonlarning mahsuloti malaka va uquvlardan iboratdir. Ta’lim faoliyatining tarkibi juda ham murakkab bo‘lib, bilimlar, tushunchalar, malakalar, odatlar, uquvlar kiradi.
Ta’lim faoliyati ma’lum ravishda tashkil etilgan sharoitda amalga oshiriladi. Katta yoshli kishilar bolalarning taraqqiyotiga faol ta’sir etib, ularning ta’lim faoliyatlarini hamda bu faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakatlarni tashkil qiladilar. Bu faoliyat va harakatlarni insoniyat ijtimoiy tajribasini o‘rganish tomon yo‘naltirishdir. Shunday qilib, ta’lim faoliyati katta kishilar tomonidan tashkil qilinib, boshqariladi va tizimli ravishda nazorat qilib boriladi. Ma’lumki, ta’lim faoliyati bilan tarbiya ishlari uzviy bog‘liqdir. Bizning maktablarimizda har qanday ta’lim jarayoni hamma vaqt tarbiyaviy xarakterga ega, bolalarga u yoki bu fan bo‘yicha ta’lim berar ekanmiz, shuning bilan birga ularni biz tarbiyalashimiz kerak. Maktabdagi tarbiyaviy ishlarni asosan tushuntirish, ishontirish, ko‘rsatish, rag‘batlantirish, talab qilish, vazifa berish va jazolash kabi vositalar yordamida amalga oshiriladi. Maktabdagi barcha tarbiyaviy ishlarni asosiy maqsadi o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
Mehnat faoliyati – ma’lum ijtimoiy foydali, moddiy yoki madaniy, ma’naviy mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan faoliyatdan iborat. Kishilarning mehnati ma’lum maqsadga qaratilgan har doim ijtimoiy tabiatga ega bo‘ladi.
Mehnat faoliyatining maqsadi kishilarning iste’mol qilinadigan narsalarni, ya’ni non, mashinalar, turli ishlab chiqarish mahsulotlarini tayyorlash, ya’ni kiyim-kechak oziq-ovqat va boshqa shu kabi narsalarni ishlab chiqarishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Mehnat faoliyati o‘z mohiyati jihatdan ham ijtimoiydir. Mehnat taqsimoti ham ijtimoiydir. Mehnat taqsimoti tufayli birorta kishi ham o‘ziga kerak bo‘ladigan narsalarni faqat ishlab chiqarishga qatnashmay, balki deyarli hech qachon hatto birgina narsani boshdan oxirigacha ishlab chiqarishda ham qatnashmaydi. Shuning uchun odam hayoti uchun zarur bo‘lgan hamma narsalarni jamiyatdan oladi, o‘z ehtiyojlarini qondiradi.



Yüklə 42,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   58   59   60   61   62   63   64   65   ...   105




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin