- Oilaviy hayotga psixologik tayyorgarlik
- Oilaviy hayotiy siklning bosqichlari.
- Bosqichlardagi o‘tish davrlarining o‘zga xosligi: oila tizimini qayta qurish
zarurati va uning asosiy qoidalari.
- Oiladagi inqirozlar va ularning oqibatlari
- Oila rivojlanishining normativ inqirozlari
I BOB. OILAVIY HAYOT 1.1 Oilaviy hayot haqidagi tasavvurlar Oila mustahkamligiga hal qiluvchi ta’sir etuvchi nikoh oldi omillaridan yana biri — yoshlarning o‘z oilaviy hayoti haqidagi tasavvurlaridir. Ularning qanchalik reallikka yaqin bo‘lishi, shu oila mustahkamligining bosh garovi hisoblanadi. Afsuski, hamma vaqt ham yoshlarimizning oilaviy hayot haqidagi tasavvurlari reallikka mos kelavermaydi, balki u aksariyat hollarda reallikdan tubdan farq qiladi.
Hind afsonalaridan birida yoshlarning oilaviy hayot haqidagi tasavvurlari va ularning reallikka nisbatini qiyoslashga mos keladigan ajoyib bir rivoyat mavjud. Rivoyatda aytilishicha, tug‘ilganidan ko‘zi ojiz bo‘lgan to‘rt nafar ko‘rga «Qarshinglarda fil turibdi, sizlar uni umuman ko‘rmagansizlar, lekin uni borib ushlab, paypaslab o‘rganib chiqinglar-da, so‘ng fil qanday mahluq ekanligini aytib beringlar», — deyilgan. Ko‘rlar borib filni «o‘rganib» qaytishganlaridan so‘ng ulardan fil qanday hayvon ekanligi so‘ralganda, ulardan biri: «Fil — badani dag‘al, daraxtga o‘xshagan hayvon» — debdi, ikkinchisi uni inkor etib: «Yo‘q, fil yerdek yumaloq, odamning qulochi yetmaydigan bir hayvon» — debdi. Uchinchisi esa, ularning ikkovlarini ham inkor qilib: «Fil ichi teshik uzun, yo‘g‘on ichakka o‘xshaydigan hayvon» — debdi. To‘rtinchisi esa: «Fil yoyiq yapaloq katta bargga o‘xshagan hayvon» — deb javob bergan ekanlar va ularning har biri o‘z fikrini ma’qullayman, o‘tkazaman deb bir-birlari bilan janjallashib qolgan ekanlar. Chunki ularning biri filning oyog‘iga, ikkinchisi — qorniga, uchinchisi — xartumiga va to‘rtinchisi — qulog‘iga to‘g‘ri kelib qolib o‘zlarining imkoniyatlari doirasida filni tasavvur qilgan ekanlar. Huddi shu to‘rtta ko‘zi ojizdek yoshlarimiz ham oilaviy hayotni butun borligicha, to‘la, yaxlit tasavvur qila olmaydilar, buning imkoni ham yo‘q. Oqibatda oilaviy hayot haqida turli tasavvurlarga ega bo‘lgan yoshlarimiz oila qurgudek bo‘lsalar, o‘z tasavvurlarini reallikka aylantirish, ya’ni juftiga ham shunday ekanligini uqtirishga harakat qiladilar. Ular ham yuqoridagi ko‘zi ojizlardek har biri «o‘zicha haq» bo‘la turib, bir-birlari bilan janjallashib, kelisha olmay qolishlari mumkin.
Esini tanigandan boshlab ertaklar ruhida, badiiy filmlar, romanlar, afsona, rivoyatlar ruhida tarbiyalangan yoshlarimizda hamma vaqt ham oilaviy hayot haqida to‘g‘ri tasavvurlar shakllanaverishi mumkin emas. Ommaviy axborot vositalari orqali, teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar orqali yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida berilayotgan materiallarda, oilaviy hayotni bir yoqlama, faqat ijobiy tomondan talqin qilish hollari ham ko‘p kuzatiladi. Shu kabi holatlar ham yoshlarda oilaviy hayot haqidagi tasavvurlarning noto‘g‘ri shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik yoshlarimiz, ayniqsa muvaffakiyatli oilalarda tarbiya topgan yoshlar, oila qurish arafasida bo‘lar ekanlar aksariyat hollarda o‘zlarining bo‘lajak oilaviy hayotlari uchun o‘z ota-onasi oilasini ideal qilib oladilar. Chunki ular shu oilada tarbiyalanar ekanlar, «eslarini taniganlaridan buyon» ota-onasining nizolashib tortishganlarini, bir-birlarini hurmatsiz qilganlarini eslay olmaydilar. Bunday oilalarda ota-onalar ham o‘zlarining o‘zaro munosabatlaridagi noxush jihatlarini farzandlariga sezdirmaslikka harakat qiladilar. Yoki ularning o‘zaro munosabatlarida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan nizoli damlar, bir-birlariga moslashish jarayonlari nikohning boshida, hali farzandlari dunyoga kelmaslaridan oldin bo‘lib o‘tib ketgan. Bolalar esa ular turmushining faqat yaxshi, tinch-totuv, ahil-inoqlik, bir-birlariga nisbatan mehr-oqibatli, ibratli jihatlaridangina xabardor bo‘ladilar. Shunday oila qurishni tasavvur qilgan yoshlarimiz, oila qurganlaridan so‘ng o‘zlari kutgandek turmush kechira olmasalar, nikohning dastlabki eng nozik, murakkab, qiyin, yangi ijtimoiy vaziyatlar, sharoitlar, rollarga moslashish, bir-birlariga moslashish jarayonlarida yuzaga kelgan qiyinchiliklar, to‘siqlar, muammolar oldida esankirab qolib, oila qurishda «adashganliklari»dan shubhalanib qolishlari mumkin.
Shuning uchun ham yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda oilaviy hayot, er-xotin munosabatlarini faqat bir yoqlama va faqat yaxshi tomondangina ko‘rsataverish ham maqsadga muvofiq, emas. Uni imkon qadar butun borligicha: baland-pastiyu, shirin-achchig‘i, rohat-farog‘atiyu, azob-uqubati, qorong‘u kechalariyu, yorug‘ kunduzlari bilan ko‘rsatgan ma’qul. Shundagina yoshlarimizda oilaviy hayot haqida nisbatan adekvatrok tasavvur shakllanishi mumkin.
Bu borada oiladagi katta yoshli oqil kishilar yoshlarga hayotda ko‘prik bulmog‘i, ularning bosib o‘tgan ko‘p qirrali hayot yo‘li farzandlariga saboq, bo‘lishi kerak. Ular yoshlarimizni mustaqil, yetuk bir shaxs sifatida qabul qilib, oilaviy hayotning past-balandlari haqida to‘la to‘kis ma’lumotlar berishi maqsadga muvofiqdir. Toki yoshlarimizning oilaviy hayotlari poydevoriga qo‘yayotgan ilk g‘ishtlari to‘g‘ri va mustahkam qo‘yilsin.
Er-xotinlarning oiladagi muloqoti, shaxslararo muloqotning umumiy qonuniyatlariga bo‘ysunish bilan birga, dastavval ishdan tashqari, bo‘sh vaqtlarini birgalikda o‘tkazish bilan shartlangan o‘ziga xos xususiyatlariga ham ega. Hamkasblar, o‘rtoqlar, do‘stlar va sevishganlar hamma vaqt ham birga bo‘lish imkoniyatiga ega emaslar, qaytanga, o‘z muloqotlarini o‘zlari xohlagan vaqtlarida bir oz kamaytirib, hatto uzib (to‘xtatib) qo‘yishlari ham mumkin (uchrashuvga borishi lozimligini «unutib» qo‘yish, kutilmaganda «juda band» bo‘lib qolishi mumkin va sh.k). Er-xotinlar esa ko‘pincha bunday imkoniyatlardan mahrumdirlar. Ular bir xonadonda, ko‘pincha bir xonada birga bo‘lishga «mahkum» etilgan. Albatta, bu gaplar ko‘pchilik yoshlarimizda (ayniqsa, bir-birlarini sevuvchi yoshlarda) tushunmovchilik, ishonmaslik, e’tiroz tug‘dirishi mumkin, chunki ular, o‘zing uchun aziz, sevimli bo‘lgan odam bilan birga bo‘lish, uning yonida bo‘lish «majburiyati» bu eng orziqib kutilgan orzuning ro‘yobga chiqishi-ku deb hisoblashlari mumkin. Biroq, bu «mahkumlik» bilan hisoblashmaslik ham mumkin emas. Turli aholi punktlarida mahallalarda, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida ko‘pincha, faqat ayollardan yoki faqat erkaklardan iborat «kompaniyalar» ham behudaga yuzaga kelavermaydi.
Qadimiy, afsonaviy Sparta qonunchiligida er-xotinlarning ishqiy munosabatlarini sovuqlashib ketishidan saqlash maqsadida ularning muloqotlari imkon qadar chegaralab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, erlar xotinlaridan ajratilgan holda, ya’ni er va xotin boshqa-boshqa yashaganlar va ular faqat ovloq joylardagina, «begona ko‘zlardan» yashirin tarzda uchrashib turishlari mumkin bo‘lgan. Bu tadbir nafaqat Sparta jangchilari o‘zlarining jangovor ruhlarini yo‘qotmasligi, o‘zlarining yosh xotinlari bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasliklari uchungina emas edi. Bunda «ta’qiqlangan meva» effektidan foydalanilgan. Uchrashishlarning qiyinligi, xuddi tuzsiz taomga tuz, ziravorlar qanchalik maza bersa, er-xotinlarning bir-birlariga hissiy yaqinligini sezilarli darajada kuchaytiradi, nikoh rishtalarini mustahkamlaydi. Yoki Shekspirning qahramonlari Romeo va Julettalar ham, agar ular unashtirilganlaridan so‘ng barcha qulayliklari bilan alohida «koshona» berilganda edi, ular o‘zlarini boshqacha tutgan bo‘lishardi.
Doimiy muloqot bir xillik ko‘rinishini yuzaga keltiradi, tabiiyki, bundan hayotdagi kundalik ikir-chikirlar ko‘payadi, ayni vaqtda chuqur hissiyotlar o‘z ob’ektining yaqinligi tufayli kundalik odatlar shaklini oladi. Odamlar bir-birlaridan bir oz muddat ayri yashashsa hammasi joyiga tushadi: muhim to‘siqlardek tuyulgan narsalar arzimagan mayda-chuydalarga aylanib qoladi, «qisqa muddatli hijron ta’sirida chuqur hissiyotlar kuchayadi va yana o‘ziga yarasha kuchga ega bo‘ladi.
Er-xotin muloqoti, muomalasining o‘ziga xos nozik jihatlaridan yana biri ularning bir-birlari bilan yetarli darajada intim munosabatlarda bo‘lishidir. Bu albatta, ularning o‘zaro munosabatida shubhasiz, o‘z izini qoldiradi. Bu o‘rinda shuni ham aytib o‘tish joizki, bizni bolalikdanoq, olgan o‘ziga xos tarbiyamiz jinsiy munosabatlar, jinsiy muloqotga noma’qul uyat, go‘yoki axloqsiz hodisadek qarashga majbur qiladi. Biz jinsiy moyillikni uzoq vaqt bir yoqlama past, sharmandali, odam hissiyoti uchun noo‘rin narsa deb atab kelganmiz (ba’zilar hozir ham shunday deb hisoblaydi). Nima uchun shunday bo‘lgan? Chunki, u hayvonlar uchun ham, odam uchun ham umumiy. Biroq, ochlik ham, chanqoqlik ham hayvonlarda qanday bo‘lsa, odamda ham shunday bo‘ladi. Ammo bizning axloq va odatlarimiz, ma’naviyatimiz doirasida ular haqida nafaqat oshkora gapirish, balki ularga bo‘lgan ehtiyojlarni boshqalarning ishtirokida, ko‘z o‘ngida qondirish mumkin, ya’ni ular odamlarga xos deb qabul qilingan. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz o‘zimizning «hayvoniy» tabiatimizdan baribir qutula olmaymiz. Bunda hammasi bu hislarning yuzaga kelishiga emas balki, ularni qachon, qaerda, qanday sharoitda va qanday tarzda namoyon qilamiz, biz ularga so‘zsiz bo‘ysunadigan qo‘llarmizmi yoki mulohazakor va mehribon xo‘jayinlarmizmi, mana shunga bog‘liq.