1998 yil 2 fevralda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi tashkil etilgan. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi – O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot muassasasi. 1998 yilning “Oila yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tashkil etilgan. Ilmiy-amaliy markazga O‘zbekistondagi oilalarga taalluqli milliy an’analarni avaylab-asrash, ularni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish, oila va nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘li bilan oilalarning mustahkamligini ta’minlash, oila a’zolarining ma’naviy, tibbiy, huquqiy savodxonliklari hamda reproduktiv madaniyatlarini oshirish masalalarini ilmiy jihatdan o‘rganish, oila, onalik va bolalar ijtimoiy muhofazasiga mutasaddi bo‘lgan davlat, nodavlat hamda jamoat tashkilotlariga, aholiga bu masalalarda amaliy yordam berishni muvofiqlashtirish vazifalari yuklatilgan.
Markazga boshqa ilmiy muassasalar kabi yuqori malakali kadrlar tayyorlash vakolati berilgan. Uning tarkibida kunduzgi aspirantura bo‘lib, pedagogika nazariyasi va tarixi hamda ijtimoiy psixologiya, etnopsixologiya ixtisosliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Markaz olimlari tomonidan oilaning turli muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan 2 fundamental, 16 tadbiqiy va ikkita innovasion, 8 halqaro loyihalar bajarildi. Ularning yakuni sifatida, amaliy ishlardan tashqari, jami 240 dan ziyod monografiya, darslik, o‘quv qo‘llanmalari, ota-onalar, mahallalarda faoliyat yuritayotgan diniy-ma’rifiy va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, yosh kelin-kuyovlar uchun qo‘llanma sifatida “Oila kutubxonasi” ruknida kichik hajmli risolalar, ilmiy hamda ilmiy-ommabop maqolalar, bukletlar chop etildi.
«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘z-o‘zini boshqarish organlari huzuridagi yarashtirish komissiyalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan taqdimot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda ma'lum qilinishicha, o‘tkazilgan o‘rganishlar xulosasiga ko‘ra, yarashtiruv komissiyalarining faoliyati talabga javob bermaydi.
Oilalardagi nizolarni hal qilish bilan shug‘ullanuvchi yarashtirish komissiyalarining faoliyat samaradorligini baholash maqsadida «Oila» markazi mutaxassislari tomonidan aholi zich joylashgan Andijon viloyatining uchta tumanida hamda Farg‘ona viloyatining uchta tumanida ijtimoiy so‘rovlar, monitoring o‘tkazildi. Monitoring xulosalariga ko‘ra, yarashtiruv komissiyalari faoliyatida bir qator kamchiliklar mavjud.
«Oila» markazi mutaxassisi Inobat Karimovaning so‘zlariga ko‘ra, yarashtiruv komissiyalari faoliyati jamoatchilik asosida bo‘lgani uning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Yarashtirish jarayonlarini o‘tkazish uchun hech qanday reglament belgilanmagan. Komissiya tegishli tayyorgarligi bo‘lmagan keng doiradagi shaxslarni jamoatchilik asosida yarashtirish jarayonlariga jalb etmoqda. Oilaviy nizoni o‘rganish yoki yarashtirish jarayonida komissiya a'zolarining oila bilan ishlash etika qoidalari aniq belgilanmagan.
«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, komissiyalar ishida ishtirok etayotganlarning 68,7 foizi yarashtirish komissiyasida ishlash uchun hech qanday tayyorgarlikdan o‘tmagan. 61,9 foizi maxsus metodik qo‘llanmalarga ega emas. Komissiya a'zolarining 20 foizi oilalarni yarashtirish bo‘yicha kerakli bilim va ko‘nikmalarga ega emas. A'zolarning 23 foizi komissiyaning yarashtirish jarayonlarida faol ishtirok etmaydi, 2,2 foizi umuman qatnashmaydi. Komissiya ishida faol qatnashmaganlarning 33,3 foizi vaqti yo‘qligini ro‘kach qilgan», ─ deyiladi monitoring xulosasida.
«Yarashtirish komissiyasi a'zolari komissiya faoliyati haqidagi Nizom normalari haqida yetarlicha tushunchaga ega emas. Komissiya a'zolari o‘rtasida vazifalar aniq taqsimlanmagan. Komissiyaning yarashtirish jarayoni natijalarining tizimli monitoringi yo‘lga qo‘yilmagan», ─ deydi Inobat Karimova.
Ma'lum qilinishicha, komissiyalar faoliyatini yaxshilash, muvofiqlashtirish maqsadida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqilgan. Xususan, yarashtirish komissiyasi haqidagi Nizomni qayta ko‘rib chiqish hamda «Mediatsiya to‘g‘risida»gi qonunga bog‘lagan holda takomillashtirish, «Oilani saqlab qolishga yoki mojaro va nizolar yechimiga yo‘naltirilgan mediatsiya» bo‘yicha metodik qo‘llanma ishlab chiqish, «Oila» markazi maxsus o‘quv kursi bazasida yarashtirish komissiyasi a'zolarining yangicha yondashuv asosida malaka oshirishini tashkil etish taklif qilinmoqda.