AxLOqIY MADANIYAT
Axloqiy madaniyat jamiyat a’zolari tomonidan axloqiy me’yorlar, tamoyillar, ideallarni o‘zlashtirish, ularni shaxsiy faoliyat qoidalariga aylantirish, amaliy jihatdan o‘z xatti-harakatlarida, kundalik xulqiy hayotida amalga oshirish darajasi bilan xarakterlanadigan tushunchadir. Demak, axloqiy madaniyat deganda, jamiyat, ijtimoiy guruhlar, individlar tomonidan axloqiy kamolot me’yorlariga erishish darajasi tushuniladi. Odatda, uni amaliy axloq deb ham yuritadilar.
Shuni ta’kidlash kerakki, axloqiy kamolot me’yorlari kundalik turmushda, kishilar faoliyatida amal qiladigan va o‘zlashtiriladigan axloqiy qadriyatlar bilan uzviy bog‘langandir. Axloqiy madaniyat tarkiban axloqiy ong, axloqiy
1 I. A. Karimov. Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir. 189-b.
2 I. A. Karimov. Bizning bosh maqsadimiz-jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir. — T.: «O‘zbekiston», 2005.
68
Ikkinchi bob. madaniyatning asOsiy sOhalaRi
munosabat va axloqiy faoliyatni o‘z ichiga oladi.
Axloqiy ong tarixan o‘zgarib boradigan axloqiy munosabatlarni ifodalab, axloqiylikning sub’ektiv jihati bilan bog‘langandir. Axloqning hayotiy faoliyat ustidan nazorat qilish tabiatidan kelib chiqib, axloqiy ongning tabiati va o‘ziga xosligini belgilash mumkin. Axloq kishilar oldiga shunday xatti-harakatlarni amalga oshirishni shart qilib qo‘yadiki, uni burch deb ataydilar. Shuning uchun insonning tarixiy ehtiyojlari qat’iy amalga oshirilishi yoki oshirilmasligi to‘g‘risidagi g‘oyalar axloqiy tasavvurlar shaklida ifoda etiladi. Kishilarning ijtimoiy zaruriyatni anglab yetishi o‘ziga xos axloqiy majburiyatga asoslanadi. Buning ma’nosi shuki, xatti-harakatlar ezgulik, olijanoblik, boshqalar oldida ma’naviy ustuvor bo‘ladigan faoliyat tusini oladi. Shunday qilib, axloqiy ong voqea-hodisalarni va xatti-harakatlarni nafaqat zaruriyat, balki insoniy fazilat, qadriyat ekanligi jihatidan ham qarab chiqadi. Axloq inson oldiga yaxshilik va yomonlikdan birini tanlab olish masalasini qo‘yadi, o‘zining insoniylik fazilatlariga qarab chiqib inson ulardan birini ixtiyor etadi, amalga oshiradi. Shunga muvofiq axloqiy ong kishilarning xatti-harakatini, ijtimoy hodisalarni baholaydi, shuningdek, axloqiy ong ularning kelib chiqishini emas, balki ularga o‘z munosabatini ifoda etadi. Bu munosabat axloqiy baho kategoriyasi orqali namoyon bo‘ladi.
Voqelikka va inson faoliyatiga qadriyat sifatida munosabatda bo‘lish axloqiy ongning muhim xususiyatidir. Demak, axloqiy ong o‘ziga xos sohada amal qilib, kishilarning o‘z xatti-harakatlarini muayyan maqsadlarga qanchalik yo‘naltirganligi, ya’ni ularni erkin tanlash imkoniyatlarining nechog‘liq keng va yuqori bo‘lishiga asoslanadi. Bu ayni individual xulq sohasi bo‘lib, shunga muvofiq tarzda axloqiy ong, ya’ni xulq-atvor ro‘yobga chiqadi.
Axloqiy ong tarkibida axloqiy tuyg‘uning alohida o‘rni bor. Axloqiy tuyg‘u mazmunan ijtimoiy hayotning turli tomonlariga insonning sub’ektiv, shaxsiy qarashi va munosabatini bildiradi. Masalan, muhabbat tuyg‘usi, nafrat tuyg‘usi, ishonch tuyg‘usi, hamdardlik tuyg‘usi, rashk tuyg‘usi va boshqalar kishilar o‘rtasidagi amaliy-axloqiy munosabatlarning ruhiy ifodasidan boshqa narsa emas. Demak, axloqiy tuyg‘u kelib chiqishi va ahamiyati jihatidan ijtimoiy bo‘lib, uning aksariyati insonning ijobiy va salbiy sifatlarini mujassam etadi, bu sifatlar esa axloqiy ong tarzida baholanadi, ya’ni shaxsninig axloqiy qiyofasini bildiradi.
Axloqiy tuyg‘u e’tiqoddan nafaqat mazmunan, balki ruhiylik shakli bilan ham tafovut qiladi. Inson ongida tarkib topadigan insonparvarlik, vatanparvarlik, kelajakka ishonch, tushkunlik, millatchilik kabi tasavvurlar
nafaqat aqliy-ratsional, shu bilan birga uning emotsional, dunyoni ruhiy his
etishiga ham tegishlidir.
1 I. A. Karimov. Bizdan obod va ozod Vatan qolsin. T.: «O‘zbekiston», 1994, 3-b.
69
madaniyatshunOslik asOslaRi
Nihoyat, shaxsning axloqiy o‘z-o‘zini anglashini tashkil etadigan holat (burch, mas’uliyat, vijdon, uyat, fazilat va h. k. )lar ham muayyan ruhiy kechinmalar orqali namoyon bo‘ladi. Masalan, burch hissi, mas’uliyat hissi, vijdonan ezilish hissi, uyat hissi va boshqalar. e’tiqodiga ko‘ra faoliyat ko‘rsatganda inson vaziyatni o‘z bilimlari asosida tahlil etadi, ularni ijobiy yoki salbiy tarzda baholaydi. Biroq inson o‘ziga taalluqli xususiy muammolarni hamma vaqt ham ijtimoiy- axloqiy tasavvurlar asosida tahlil etavermaydi. Inson shunday holatlarga ham duch keladiki, unda masalani zudlik bilan o‘zi yechishi lozim bo‘ladi. Bunday hollarda kutib o‘tirishga vaqt ham, imkon ham bo‘lmaydi. Bunda unga axloqiy tuyg‘ular yordam berishi mumkin, inson ularga suyanib, amal qilib, voqealarga o‘z ruhiy munosabatini bildiradi, g‘ayriixtiyoriy ravishda yig‘ilgan ruhiy tajribalar asosida yondashadi. Bu narsa hissiyotlar va da’vatlarda o‘z ifodasini topadi.
Axloqiy munosabatlar axloqiy madaniyatning elementi sifatida ijtimoiy munosabatlarning alohida ko‘rinishidir. U axloqiy faoliyat jarayonida kishilar o‘rtasida tarkib topadigan o‘zaro aloqalar yig‘indisidir. Kishilar faoliyatidagi o‘zaro axloqiy aloqalarning usuliga qarab, bu munosabatlar mazmuni va shaklini tasnif qilish mumkin.
Axloqiy munosabatlar mazmunan burch kategoriyasida to‘laroq namoyon bo‘ladi. Umumiy olib qaralganda, insonning axloqiy burchi, majburiyati uning jamiyatga, boshqa kishilarga va o‘z-o‘ziga munosabatida aks etadi va uni shunga asoslanib tasnif qilish mumkin. Insonning jamiyat oldidagi burchi uning halol mehnat qilishi, o‘z Vataniga, o‘z kasbiga va oilasiga sodiqligi kabilarda aks etadi. Oilaviy turmush axloqi, ayollarga munosabati, sevgi, do‘stlik, olijanoblik, baxt, jasurlik kabi hodisalarda insonning jamiyatga, boshqa kishilarga va o‘z- o‘ziga axloqiy munosabati mujassam bo‘ladi.
Axloqiy munosabatlar shaklan tasnif etilganda axloqiy talablarni ko‘zda tutadi. Bu talablar har bir kishining muayyan vaziyatda o‘zini qanday tutishiga oid yo‘l-yo‘riqlari shaklida; kishilarning o‘xshash shart-sharoitlardagi umumiy xatti-harakatlari (axloqiy me’yorlar) shaklida; ma’lum axloqiy fazilatlarning insonning o‘zida tarkib topishi shaklida; axloqiy ideal shaklida ifodalanishi mumkin. Shuningdek, bu talablar hamma vaqt shaxsiy axloqiy munosabatlarning alohida ko‘rinishi bo‘lib, burch, mas’uliyat, sha’n, vijdon, fazilat kabilar tarzida yuzaga chiqadi.
Kishilar o‘zaro hamkorlik asosida faoliyat ko‘rsatganda, bir-birlari bilan muayyan munosabatga kirishadilar, ijtimoiy intizomga bo‘ysunadilar, qat’iy
1 I. A. Karimov. O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida. 18-b.
2 I. A. Karimov. O‘zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, mafkura. 74-b.
70
Ikkinchi bob. madaniyatning asOsiy sOhalaRi
urf-odatlar, an’analar, ko‘nikmalarni namoyon etadilar va h. k. Bularning barchasida ikki jihat — obyektiv va sub’ektiv tomonlar o‘zaro bog‘langan bo‘lib, ular bir-biriga o‘tib turadi. Chunonchi, bu jarayonda insonning o‘zi sub’ekt sifatida faoliyat ko‘rsatsa, jamiyat va boshqa kishilar uning axloqiy faoliyatining obyekti bo‘lishi mumkin. Biroq har bir inson ayni vaqtda boshqa odamlar, jamiyat axloqiy faoliyatining obyekti hamdir.
Axloqiy madaniyat tarkibidagi axloqiy faoliyatda inson yoki jamiyatning axloqiy ongi, axloqiy munosabatlari amaliy jihatdan yaxlit namoyon bo‘ladi, axloqiy talablar, yuksak fazilatlar gumanistik mohiyat kasb etadi. Axloqiy faoliyat tarkiban quyidagilardan iboratdir: axloqiy bilimlarni egallash; axloqiy tuyg‘ularni shakllantirish; o‘z-o‘ziga axloqiy talabchanlik; muayyan mehnat turlari bilan mashg‘ul bo‘lish; axloqiy tarbiyalanganlik va h. k.
Axloqiy madaniyat tarkiban yuqoridagi uch jihat (axloqiy ong, munosabat, faoliyat)ni o‘z ichiga oladi va, ayni paytda, axloqning real ko‘rsatkichi, axloqiylikning amaldagi me’yori sifatida yuzaga chiqadi. U nafaqat axloqiy tasavvur va me’yorlarning butun tizimini, balki jamiyat axloqiy tajribasining kishilar tomonidan faqat o‘zlashtirilgan qismini, axloqiy bilimlarning amaliyot bilan reallashgan ko‘lamini o‘z ichiga oladi.
Abdulla Avloniyning yozishicha, axloqiy madaniyatning rang-barang kategoriyalari mavjud. Binobarin, axloqiy madaniyat shunday ilmki, u kishilarni yaxshilikka undab, yomonlikdan qaytishga da’vat etadi, deydi u. «Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladigan kitobni axloq deyilur»1.
Anglashiladiki, axloqiy madaniyat tushunchasining negizida axloq turadi. Ma’naviy faoliyatning o‘ziga xos mahsuli bo‘lgan axloq yaxshilik va yomonlik, burch va adolatparvarlik kabi tushunchalar orqali amal qiladi. Bularga suyanadigan axloqiy baho kishilarning xulqi va ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turadigan axloqiy qoidalar va me’yorlarda ifodalanadi. Axloq, bir tomondan, axloqiy me’yorlar tizimidagi muayyan g‘oyalar, qarashlar, tamoyillar, ikkinchi tomondan, kishilarning axloqiy fazilatlari, hissiyotlari va odatlaridir.
Shuni ta’kidlash kerakki, axloqning tarkibiy qismini tashkil etadigan qarashlar va tamoyillar, me’yorlar va qoidalar hamda axloqiy fazilatlar mohiyatan o‘zida konkret tarixiy mazmun va muayyan ijtimoiy ma’noni ifodalaydi. Bu mazmun, yuqorida aytilganidek, kishilar o‘rtasida obyektiv tarzda amal qilinadigan munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Shu sababli alohida olingan u yoki bu jamiyatning axloqiy tamoyillari to‘g‘risida fikr yuritganda, ayni paytda, sotsial guruhlarning axloqiy talab va me’yorlari nazarda tutiladi.
Axloqiy madaniyat inson xulqining konkret shakli sifatidagina mavjud bo‘ladi. U, yuqorida ko‘rsatganimizdek, faqat kishilarning axloqiy ongidan
71
madaniyatshunOslik asOslaRi
iborat bo‘lmay, aynan ularning xulqi orqali reallashadi. Shunga ko‘ra, inson xulqining axloqiy madaniyati degan tushuncha mavjud. Insonning axloqiy xulq madaniyati u yoki bu axloqiy tamoyillar va talablardan emas, balki shu bilan birga, uning o‘zi tomonidan o‘zlashtirilgan axloqiy qarash va tasavvurlar, tuyg‘u va odatlarning yig‘indisidan iboratdir. Shunga ko‘ra, shaxsning axloqiy fazilatlariga o‘zi aytgan so‘zlariga qarab emas, balki qilayotgan ishlaridan kelib chiqib baho berish to‘g‘riroqdir.
Demak, axloqiy madaniyatni xulqning tashqi jihatlariga qarab belgilash unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Tashqi tomondan juda ham xushmuomala bo‘lib ko‘rinish ortida qandaydir g‘arazli manfaatlar yotishi sir emas. Binobarin, insonning axloqiy madaniyati ichki mazmun bilan uning tashqi ifodalanishi o‘rtasidagi uyg‘unlikni taqozo etadi.
Axloqiy madaniyatning o‘ziga xosligi uning vorisiylik qonuniyatlarida ko‘zga tashlanadi. Buning ma’nosi shuki, yangi avlod o‘zidan oldin yuzaga kelgan axloqiy qadriyatlardan ijodiy foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Ma’lumki, ilk axloqiy tasavvurlar zardu‘shtiylikning muqaddas kitobi — «Avesto» da, turkiy xalqlarning qadimgi bitiklarida, yozma va og‘zaki adabiyotning rang-barang asarlarida, xususan, pandnoma, odobnoma kabilarda, buyuk allomalarning falsafiy merosida alohida o‘rin olgan.
Jamiyatning axloqiy madaniyati mazmunan shaxs axloqiy madaniyatidan farq qiladi. Jamiyat axloqiy madaniyati axloqiy qadriyatlar va yo‘nalishlar tizimini yaxlit va keng qamrovda ifodalaydi, shaxs axloqiy madaniyatida esa ana shu tizimning muhim jihatlari individual o‘ziga xoslik bilan aks etadi.
Axloqiy madaniyatning bu ikki darajasi o‘zaro bog‘langandir. Jamiyat axloqiy madaniyatining taraqqiyot darajasi ko‘p jihatdan shaxs axloqiy madaniyati barkamolligiga bog‘liq bo‘ladi. Boshqa tomondan, jamiyatning axloqiy madaniyati nechog‘lik darajada boy bo‘lsa, shaxs axloqiy madaniyati rivojlanishi uchun shunchalik qulay imkoniyat yuzaga keladi.
endi shaxs axloqiy madaniyatining ba’zi tomonlari bilan tanishib chiqaylik:
Shaxsning axloqiy madaniyati quyidagilarning tarkibiy birligidan tashkil topadi:
uning jamiyat axloqiy qadriyatlarini o‘zlashtirish va boyitish darajasi;
insonning shaxsiy axloqiy intilishlari bilan ijtimoiy axloqiy talablar sohasidagi uyg‘unlik. Bu narsa jamiyatdagi ustuvor axloqiy tamoyillar va me’yorlarga muvofiq ravishda shaxs axloqiy fazilatlarini shakllantiradi.
1 Qaralsin: A. O‘lmasov, M. Sharifxo‘jayev. Iqtisodiyot nazariyasi. T.: O‘qituvchi, 1995, 84-b.
72
Ikkinchi bob. madaniyatning asOsiy sOhalaRi
Shaxs axloqiy madaniyatining shakllanishi uning butun ichki olami bilan bog‘langan. Bu ichki olam har bir insonda chuqur individual xarakterga ega bo‘lib, asosan, uning muayyan hayot shart-sharoitlari, madaniy darajasi, psixologik belgilari va fiziologik xususiyatlari, didlari, intilishlari va boshqalar bilan belgilanadi. Shaxsning axloqiy olami uning o‘z ehtiyojlarini eng avvalo, muayyan sohada faoliyat ko‘rsatishga bo‘lgan (masalan, sport bilan, badiiy havaskorlik bilan shug‘ullanish va h. k. ) ehtiyojlarini ifodalab, tashqi olam bilan o‘zaro ta’sir doirasida amal qiladi.
Shaxs axloqiy madaniyatining tarkib topishi va mukammallashuvi har doim o‘z-o‘zini nazorat qilishni, vijdonan o‘z-o‘ziga baho berishni ko‘zda tutadi. O‘z-o‘zini baholashda nafaqat shaxsning ayrim xatti-harakatlari, balki uning bir butun faoliyati, shuningdek, axloqiy qarashlari va tuyg‘ulari, qobiliyat va botiniy imkoniyatlari obyekt bo‘lishi mumkin. Vijdon tushunchasida shaxsning axloqiy bilimlari, e’tiqodlari, malaka va mayllari, qadriyatlari va yo‘l-yo‘riqlari, demakki, uning tomonidan o‘zlashtirilib va egallab olingan jamiyat axloqiy tamoyil va me’yorlari darajasi mujassamlashgan bo‘ladi.
Insonning amaliy axloqiy mohiyati mehnatda, ijtimoiy faoliyatda, iste’molda va boshqa sohalarda ko‘zga tashlanadi. Shaxs bu sohalarning har birida o‘z xatti-harakatini axloqiy jihatdan tartibga soladi. Shaxsning axloqiy madaniyati keng ma’noda faol shakllangan axloqiy fazilatlar yig‘indisini, shuningdek, uning muayyan ijtimoiy vazifani ado etishdagi zaruriy axloqiy-irodaviy belgilarini ham o‘z ichiga oladi.
Shu ma’noda shaxs axloqiy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida uning kasb-korlik axloqi, shu jumladan, ishbilarmonlik fazilatlari ham namoyon bo‘ladi. Bularning ichida eng muhimlari — tashabbuskorlik, ishga ijodiy yondashish, mustaqillik, qat’iyat, tashkilotchilik, mas’ullik, layoqatlilik, saranjom-sarishtalik, sinchkovlik, halollik, intizomlilik hisoblanadi. Ularning har biri xohlagan ixtisos sohasida amal qilishi mumkin. Masalan, saranjom-sarishtalikni olib ko‘raylik. Sarishtalik axloqiy fazilat sifatida muhandis-konstruktor, transport haydovchisi, huquqshunos, mashinist, shifokor, talaba va boshqalar faoliyati uchun ham zarurdir.
Mehnat turlari qanchalik rang-barang bo‘lmasin, sarishtalik hamma
joyda shaxsning axloqiy fazilati sifatida bir xil vazifani bajaradi. Shaxs axloqiy madaniyati shakllanishining shartlaridan biri ham har bir kishida ixtisoslikdan kelib chiqqan holda, jamiyat axloqiy talablarini anglab yetish, uni ixtisoslikning axloqiy tamoyillariga uyg‘unlashtirishdan iboratdir.
Shu sababli, kishilarni axloqiy jihatdan tarbiyalash muhim vazifadir.
1 Qaralsin: A. O‘lmasov, M. Sharifxo‘jayev. Iqtisodiyot nazariyasi. 84-b.
73
madaniyatshunOslik asOslaRi
Tarbiyaviy ishlarning murakkabligi shundaki, u tashqi axloqiy omil bo‘lib, har bir insonga individual tarzda, ya’ni uning turmush tajribalari, xarakter xususiyatlari, axloqiy yo‘nalishlari qamrovidan o‘tib ta’sir qiladi. Shunday ham bo‘ladiki, insonning axloqiy-psixologik mayllari tashqi ta’sirlarga salbiy munosabatda bo‘ladi. Uni bartaraf etishda insonning shaxsiy faolligi hal qiluvchi rol o‘ynaydi
— buningsiz o‘z-o‘zini tarbiyalab bo‘lmaydi.
O‘z-o‘zini tarbiyalash insonning o‘ziga nisbatan axloqiy munosabatini tartibga soladi, undagi salbiy qiliq, xatti-harakat va odatlarning bartaraf etilishiga olib keladi, ijtimoiy talablarga javob beradigan sifatlarni rivojlantiradi, ayni vaqtda jamoatchilik xulqi, mehnatga munosabat, vatanparvarlik kabi fazilatlarni tarkib toptirish va rivojlantirishga qaratiladi.
O‘z-o‘zini tarbiyalash jamiyat axloqiy tamoyillarini va axloqiy bilimlarni shaxsiy e’tiqodga, axloqiy xulq malakasi va odatlariga faol aylantirishdan iboratdir. Shaxsning axloqiy kamolotga erishuvi uning o‘z-o‘ziga talabchanligi, o‘z-o‘ziga tanqidiy yondashuvi, o‘z-o‘ziga intizomli munosabatda bo‘lishi demakdir. Bular boshqa tashqi ta’sirchan omillar bilan bog‘liq holda shaxs axloqiy madaniyati shakllanishining muhim negizi bo‘lib xizmat qiladi.
Shaxsning axloqiy madaniyati tarkiban quyidagilardan iborat:
axloqiy tafakkur madaniyati: «axloqiy baholash qobiliyati», axloqiy bilimlardan foydalanish qobiliyati, malakasi; yaxshilik bilan yomonlikning farqiga borish qobiliyati; har qanday sharoitda ustuvor axloqiy tamoyillarni qo‘llab-quvvatlash;
tuyg‘ular madaniyati: insondagi axloqiy ta’sirchanlik, axloqiy hamdardlik, ustuvor axloqiy talablarni chuqur his etish layoqati;
xulq madaniyati: insonning axloqiy tajribasida fikr va tuyg‘ular birligiga erishish, namunaviy axloqiy andoza, kishilar xatti-harakatida ularni qo‘llay bilish darajasi;
odob (etiket): shaxs xulqi shakllarini qat’iylashtiradigan qoidalar bilan o‘zaro muloqotda amalga oshirish darajasi.
Axloqiy madaniyatning asosiy maqsadi ma’naviy va jismoniy jihatdan kamol topgan insonni tarbiyalashdan iboratdir. Mustaqillik sharoitida milliy istiqlol g‘oyalari bilan sug‘orilgan axloqiy madaniyat «sog‘lom avlod»ni voyaga yetkazish vazifasini o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. «Sog‘lom avlodni tarbiyalash — buyuk davlat poydevorini, farovon hayot asosini qurish deganidir»1.
Dostları ilə paylaş: |