Birinchi bob. madaniyatning ijtimOiy mOhiyati
faoliyatini tartibga soluvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun
ham biz kishilarning madaniyat me’yorlarini qay darajada o‘zlashtir ganliklarini
ularning turli sharoitlarda o‘zlarini qanday tutishlariga qarab bilib olamiz.
Demakki, inson faoliyatini tartibga solish, ularning hayot tarzini shakllantirish
va takomillashtirish madaniyatning muhim funksiyalaridan biridir. Bu vazifa
tufayli madaniyat kishilarning muloqotini, ishlab chiqarish va turmushdagi
munosabatlarini ma’lum me’yorlarga bo‘ysundiradi.
Va, nihoyat, madaniyatga baholash (aksiologik) funksiyasi ham xos. har
bir yangi madaniy qadriyatga biz o‘zimizda shakllangan madaniy qadriyatlar
nuqtai nazaridan kelib chiqib ijobiy yoki salbiy, chiroyli yo xunuk, adolatli yoki
adolatsiz deb baho beramiz. Kundalik hayotda har birimiz o‘zimizga manzur
yoki nomanzur jarayon, voqealarga duch kelamiz, adabiyot, san’at, kino
asarlarini yaxshi yoki yomon hodisalar sifatida baholaymiz. Bunday baholash
paytida, albatta, har bir shaxsning o‘z qarashlari, qadriyatlar tizimi muhim rol
o‘ynaydi.
Ko‘rinib turibdiki, shakllangan, barqaror qadriyatlar tizimi, bir tomondan,
ijobiy hodisalarni o‘zlashtirib, madaniyatning boyishiga xizmat qilsa, boshqa
tomondan, o‘ziga zid bo‘lgan hodisalarning, ular xoh o‘tmishda, xoh hozirgi
davrda yaratilgan bo‘lsin, kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaydi, qarshilik ko‘rsatadi.
Demak, madaniyatning baholash funksiyasi tufayli tanlanish sodir bo‘ladi,
madaniyatdagi barqarorlik, har bir davrdagi o‘ziga xoslik, ayni paytda,
davomiylik, vorislik ta’minlanadi.
Madaniyatning funksiyalari haqidagi mulohazalarga yakun yasab shuni
aytish mumkinki, yuqoridagilarning barchasi madaniyatning bosh va asosiy
funksiyasi — inson yaratuvchilik funksiyasining turli ko‘rinishlaridir. Bu
funksiya biz yuqorida keltirgan madaniyatning ta’rifidan bevosita kelib chiqadi.
Negaki, har qanday madaniyatning pirovard maqsadi jamiyat manfaatlaridan
kelib chiqqan holda shaxsning ma’lum bir tipini shakllantirish va kamol
toptirishdan iboratdir. Respub likamizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan
«Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlashning milliy dasturi jamiyatimiz
madaniyatini yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim rol o‘ynamoqda.