Reaktorlar A6A va A6B (5.13-rasm). Bu reaktorlar quvur turida va Г-shaklida bo‘ladi. Zanglamaydigan po‘lat (EI-943) dan tayyorlangan 90O burchak ostida payvandlangan ikkita quvurdan iboratdir. Ichki diametri 250 mm, gorizontal qism uzunligi 4900 mm, vertikal qismi uzunligi esa 3600 mm. Ikkita reaktor o‘rnatiladi – ishchi va zaxira reaktorlari.
5.13-rasm. SFKni ammoniylash uchun quvurli reaktor sxemasi Qurilma ishlaganda reaktorning ichki yuzasi inkrustatsiya hisobiga muntazam kichrayib boradi. Bunda reaktorning gidravlik qarshiligi ortadi u 0,4-0,6 MPA (4-6 kgs/sm2) ga yetganda reagentlar uzatilishi zaxira reaktoriga o‘tkaziladi. Reaktor ichki yuzasidagi inkrustatsiya mexanik yoki kimyoviy usulda yo‘qotiladi. Reaktorni kimyoviy tozalashda uni 40-50% li KOH eritmasi bilan yuviladi. Yuvishdan so‘ng hosil bo‘ladigan eritma suv bilan suyultiriladi va SKO‘ ishlab chiqarishda ishlatiladi.
SKO‘ olishning ko‘pgina qurilmalarida inkrustatsiya va korroziya ta’sirini kamaytirish uchun reaktor gorizontal qismi ichiga suv bilan sovutiladigan gilza joylashtiriladi. Bunday maqsad uchun reaktorning gorizontal va vertikal qismlari uchun suv beriladi.
Sharoitga bog‘liq holatda reaktorning uzluksiz ishlash vaqti 4-8 sutkani tashkil etadi.
Nasoslar – superfosfat kislota me’yorlashtirgichlari P10 va P11, tuzilishi bo‘yicha SFK uzatish nasoslariga o‘xshaydi. Rotor aylanish sonini o‘zgartiradigan moslama o‘rnatilgan bo‘lib, suyuqliklarni 1-16 m3/soat intervalida uzatishni ta’minlaydi.
Qo‘shimcha neytrallagich A3 (5.14-rasm) – vertikal silindrik jihozdir. Uchta qismdan iborat: qo‘shimcha neytrallagich (quyi qismi), chiqindi gazlarini tozalash uchun skrubber (o‘rta qismi) va chiqarish quvuri. Qo‘shimcha neytrallagichga ikkita reactor o‘rnatilgan: ishchi va zaxira. Qo‘shimcha neytrallagich quyi qismida ammiak kirishi uchun barbotajli qurilma bo‘ladi.