KURASHDA TIKLANISH NAZARIYASINING ASOSLARI
Asrlar davomida shakllangan, shaxsning kamolotga erishuvida muhim ahamiyat kasb etgan kurash ba’zi davrlarda, xususan, 130 yildan ziyod vaqt davom etgan chor mustamlakasi va sho‘rolar hukmronligi paytida anchayin zavol topdi, oyoqosti qilindi. Totalitar tuzum mutasaddilari mahalliy xalqni ruhan ko‘taradigan, mudroq qalbini uyg‘otib, faxr va g‘urur bag‘ishlaydigan kurash singari milliy qadriyatlarimizning payini qirqishdan manfaatdor edilar. Shu bois ham avloddan-avlodga o‘tib, sayqal topib kelgan kurash sho‘rolar davrida ro‘yobga chiqa olmadi.
Biroq jism-u dilida buyuk ajdodlar qoni gupurib turgan, ularning ma’naviy merosidan qandaydir darajada bahra olgan beli baquvvat polvonlar tor doirada bo‘lsa ham kurash udumiga sodiq qoldilar. Faqatgina O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin kurashga qaytadan ruh bag‘ishlandi. Bayramlar-u sayillarga yana kurash kirib keldi.
Asrlar sinovidan, murakkab davrlardan mardona o‘tgan, chinakam mardlar raqiblar bahsi, ezgu niyatlar, oliy maqsadlar bo‘lib e’tirof etilgan kurash yana xalq nazariga tushdi. Davlat, mamlakat darajasidagi muhim ishga aylandi. Bir necha yildirki, jahon ommasining mehrini qozonib, dunyo sport sahnasida o‘z o‘rnini topdi.
1991-yil 7-10-avgust kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublikasining polvonlari ishtirokida o‘tkazilgan katta kurash musobaqasi (sayli), oldingi musobaqalardan tubdan farq qildi. Chunki unda polvonlar mutlaq yangi bo‘lgan qonun-qoidalar asosida kurashishdi. Ana shu yangi qonun- qoidalar asosida 1992-yildan boshlab nufuzli bellashuvlar boshlanib ketdi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘tmishda yashab o‘tgan barcha pahlavonlar va ulug‘ allomalarning ruhlarini shod etishni kurash bo‘yicha xalqaro turnirlar o‘tkazish bilan boshlagan edilar. Qorako‘lda Tursun ota, Shahrisabzda Amir Temur, Surxondaryoda At Termiziy, Buxoroda Bahouddin Naqshband, Andijonda Bobur Mirzo, Xorazmda Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnirlar kurashni yuksak darajaga ko‘tarilishida, sport olamiga yangi tur bo‘lib kirishiga katta hissa qo‘shdi. Chunki kurash ilk musobaqalardayoq jozibadorligi va jangovorligi, go‘zalligi va halolligi bilan barcha ishtirokchilarning, xorijiy mutaxassislarning mehrini qozondi.
Milliy sport turini dunyo sportiga aylantirish uchun mamlakatimizda tashkil etilgan bu bellashuvlar kamlik qilardi. Albatta, shuning uchun ham Janubiy Koreya (1992), Kanada (1993), Litva (1993), Yaponiya (1994), Irlandiya (1997), Hindiston (1995), Atlanta (1996), Moskva (1998), Fransiyada o‘tkazilgan yirik sport anjumanlarida to‘plangan mutaxassis va muxlislarga tashabbuskorlar tomonidan kurash haqida atroflicha ma’lumotlar berildi, ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Tinimsiz mehnat, ko‘plab izlanish va sa’y-harakatlar bekor ketmadi. 1998-yil 6-sentabrda Lotin Amerikasi, Yevropa va Osiyo qit’asining 28 ta davlatidan kelgan vakillar ishtirokida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ta’sis kongressida Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi (KXA) tuzilganligi, xalqimizning milliy qadriyati Kurash nomi bilan jahon maydoniga chiqqanligi e’tirof etildi3.
Shunday qilib ta’kidlash mumkinki, Kurash dunyo sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan, avlod-u ajdodlardan bizgacha yetib kelgan ma’naviy meros – katta bir xazina. Bu xazina bugun farzandlar tarbiyasida muhim omil bo‘lmoqda. Sayyoramizning turli qit’a va yurtlarida istiqomat qiluvchi ne-ne xalqlar, elatlar kurashning jozibasiga, uning insonparvarlik, baynalminallik, bag‘rikenglik g‘oyalariga mahliyo bo‘lib, sevimli sport turi sifatida qabul qilmoqdalar
Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi tuzilganiga 23 yil to‘ldi. Tarix uchun juda qisqa muddat sanalmish bu davrda kurash xalqaro maydonda o‘z mavqeyini misli ko‘rilmagan darajada yuksaltira oldi va olimpiyada o‘yinlari safidan munosib o‘rin olishga haqli ekanligini isbotladi.
O‘tgan muddat ichida Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasi quyidagi asosiy uch yo‘nalish bo‘yicha ish olib bordi:
KXA tuzilmasi tashkil etildi va u doimiy faoliyat olib bormoqda. Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasining eng yuqori organi Kongress. Doimiy ishlovchi organ bo‘lmish – Ijroiya qo‘mitasi o‘tgan davr mobaynida to‘la shakllandi va muntazam ish olib bormoqda, 15 kishidan iborat qo‘mita o‘zida O‘zbekiston, JAR, Boliviya, Hindiston, Yangi Zelandiya, Polsha, Vengriya, Turkiya, Eron va Niderlandiyadan iborat davlat vakillarini birlashtirgan. Ijroiya qo‘mita bir yilda eng kamida ikki marta to‘liq tarkib bilan yig‘iladi. Pan-Amerika, Okeaniya, Afrika, Osiyo va Yevropadan iborat, jami 5 qit’ada Assotsiatsiyaning mintaqaviy bo‘limlari, ya’ni konfederatsiyalari ham tashkil etilgan va ular keng faoliyat olib bormoqda. Dunyoning 100 ga yaqin davlatida esa Kurash Xalqaro Assotsiatsiyalari rasman tashkil etilgan. KXA a’zosi sanalmish har bir davlatlarda 100 dan ziyod klublar ishlab turibdi.
Musobaqa raqami: KXA tuzilganidan beri dunyo bo‘ylab 1000 dan ziyod yirik va nufuzli musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Ular qatoriga Jahon chempionatlari, o‘smirlar o‘rtasida Jahon birinchiliklari, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida kontinental chempionatlar, xalqaro turnir va homiylik asosida tashkil etilgan musobaqalar, kubok musobaqalari kiradi. Hozirgacha 10 ta Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. 2005-yildan boshlab jahon chempionatlari har 2 yilda o‘tkaziladi. Qolgan barcha musobaqalar har yili bo‘lib o‘tadi. Kattalar va o‘smirlar o‘rtasida kontinental chempionatlar ham doimiy o‘tkazilmoqda. Birinchi Yevropa chempionati 1999-yil Belorussiyaning Minsk shahrida, birinchi Osiyo chempionati 2001-yil O‘zbekistonning Toshkent shahrida, birinchi Afrika chempionati 2001-yil Afrikaning Xartenbos shahrida, birinchi Pan-Amerika chempionati 2002-yil Boliviyaning La-Pas shahrida, birinchi Okeaniya Chempionati 2003-yil Yangi Zellandiyaning Oklentd shahrida bo‘lib o‘tgan.
Buyuk Britaniya Kurash Milliy Federatsiyasi 2000-yildan boshlab London shahrida an’anaviy Kurash Assotsiatsiyasi Faxriy Prezidenti Islom Karimov xalqaro turnirini muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bundan tashqari, Kurash Milliy Federatsiyasi har yil eng kami yoshlar, ayollar, kattalar bo‘yicha 5 ta milliy chempionatlar va 3 ta turnirlar o‘tkazib kelmoqda.
Xalqaro munosabatlar, KXA rahbariyati Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro Sport Tashkilotlari Bosh Assotsiatsiyasi, Osiyo Olimpiya Kengashi, Futbol, Dzyudo, Djit-su, FILA, Og‘ir atletika, Sambo kabi Jahon sport Federatsiyalari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Bu faoliyat kurashni dastlab mintaqaviy va qit’aviy o‘yinlariga, keyin esa yozgi Olimpiyada o‘yinlariga kiritishga qaratilgandir.
Dostları ilə paylaş: |