bob. MILLIY IQTISODIYOTNING MUVOZANATLI VA MUTANOSIBLI RIVOJLANISHI
Biz oldingi bobda bozor iqtisodiyotining rivojlanishi siklli tavsifga ega bo‘lib, to‘lqinsimon harakatda bo‘lishini, inqirozlar vaqti-vaqti bilan takrorlanib turishini aytib o‘tdik. Bu bobda inqirozlarning oldini olish, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi mumkinligini o‘quvchi-talabalarimizga tushuntirishni maqsad qilib qo‘ydik.
Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida uning muvozanatini va mutanosibligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Muvozanatlik iqtisodiyot nazariyasining muhim tadqiqot kategoriyalaridan biri bo‘lib, u orqali makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni, ya’ni milliy daromad, iste’mol va jamg‘arma, investitsiyalar, ishsizlik va bandlik kabilarni tahlil qilishda keng foydalaniladi. Milliy iqtisodiyot miqyosida jamiyatning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi muvozanat asosiy o‘rin tutib, bu yalpi taklif va yalpi talab o‘rtasidagi muvozanatning o‘ziga xos namoyon bo‘lishidir.
Ushbu bobda iqtisodiy muvozanat tushunchasi, uning mazmuniga turlicha yondashuvlar, ijtimoiy takror ishlab chiqarishning turli tomonlari, soha va tarmoqlari o‘rtasidagi mutanosibliklar tizimi, ularning ta’minlanish darajasi hamda iqtisodiyotdagi balanslarning mazmuni muvozanatlikning ko‘rinishi, amaliyotdagi ifodasi sifatida bayon qilinadi. Shuningdek, iqtisodiy muvozanatga erishishning davlat va bozor mexanizmlarini yoritib beriladi, eng muhimi iqtisodiyotda muvozanatlik va mutanosiblikni ta’minlash iqtisodiy inqirozlarning oldini olishning muhim vositasi ekanligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Iqtisodiy muvozanatlikning mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari
Iqtisodiyotning inqirozlarsiz, barqaror va samarali rivojlanishi uchun uning turli tomonlari, sohalari, tarmoqlari va bo‘laklari o‘rtasida ma’lum muvozanat bo‘lishi taqozo etiladi.
Iqtisodiyot bir-biri bilan chambarchas bog‘liqlikda amal qiladigan xilma-xil faoliyatlarni, turli sohalar, tarmoqlar, bo‘linmalar, majmualar, birlashmalarni, moliya, bank, soliq, sug‘urta, tashqi iqtisodiy aloqalar va boshqalarni o‘z ichiga oluvchi o‘ta murakkab tizim bo‘lib hisoblanadi. Iqtisodiyotning yaxlit tizim sifatida samarali amal qilishi ko‘p jihatdan uning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi muvozanatlik va mutanosiblikka bog‘liq bo‘ladi.
Iqtisodiyotning muvozanatligini ta’minlash, eng avvalo, iqtisodiy maqsadlar – aholining o‘sib boruvchi talabini qondirish, iqtisodiy o‘sish, to‘la bandlik, iqtisodiy samaradorlik, narxlarning barqaror darajasi, iqtisodiy erkinlik, daromadlarning adolatli taqsimlanishi, ijtimoiy himoya, ijobiy savdo balansiga erishish bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi sababli ham ahamiyatlidir.
Iqtisodiy muvozanatlik va uning amal qilishi bilan bog‘liq hodisa va jarayonlarning mohiyatini chuqurroq tushunish, uni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash, usullar va vositalaridan samarali foydalanish muvozanatlikning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmunini bilishni taqozo etadi.
«Muvozanat» tushunchasi keng va umumiy holda qo‘llanilib, bu boradagi dastlabki taassurot va aniqliklarni hosil qilishda qo‘l keladi. Chunki, muvozanat tushunchasi nafaqat iqtisodiy, balki tabiiy-ijtimoiy hodisa va jarayonlarga ham tegishli bo‘lib, unga tabiat va jamiyatning har qanday jabha va sohasi nuqtai nazaridan yondashish mumkin. Masalan, kishilik jamiyati tarkib topib, taraqqiy etgunga qadar ham tabiatdagi muvozanatliklar – galaktikadagi koinot jismlarining joylashuvi, ularning bir-biriga nisbatan o‘zaro harakatlanish doiralari, shu jumladan Quyosh tizimi va uning ichida joylashgan sayyoralarning o‘zaro harakati, sayyoramizdagi ichki tabiat hodisalari – bularning barchasi muvozanatlikka asoslangan. Ya’ni, tabiat hodisalarini yuzaga keltiruvchi turli kuch va harakatlar o‘rtasida tenglik, muvofiqlik holati mavjud bo‘ladi. Bu borada prof. D.Moskvinning muvozanatga bergan ta’rifi o‘rinli hisoblanadi: «Muvozanat – qarama-qarshi yo‘naltirilgan kuchlarning baravarlashishi holati»1.
1 Основы экономической теории. Политэкономия: Учебник / Под ред. д-ра экон. наук, проф. Д.Д.Москвина. Изд. 3-е, исправл. – М.: Едиториал УРСС, 2003. – С.504.
Iqtisodiy muvozanat tushunchasi esa muvozanatning yanada aniqlashtirilgan, alohida, ya’ni bu o‘rinda iqtisodiyot sohasiga nisbatan olingan qismi hisoblanadi. Ayni paytda, bu tushuncha ham iqtisodiy hodisa va jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning umumiy holdagi tavsifini ifodalashda qo‘llaniladi.
Dostları ilə paylaş: |