Elektron mikroskopik tekshirishlar uchun to‘qima bo‘lakchalari hayvon o‘ldirilgandan so‘ng yoki biopsiya paytida 1- 2 minut orasida fiksatorga solinishi shart. Shundagina hujayra va ular organoidlarining nozik tuzilmasi yaxshi saqlanadi. Fiksatorlar sifatida asosan osmiy kislotaning 1-4% li eritmasi hamda glutaraldegidning 3-6%li eritmalari ishlatiladi. Fiksatsiya jarayoni osmiy kislotasi eritmasida 1,5-2 soat, glutaraldegidda 6 soatdan bir necha kungacha davom etadi. Fiksatsiyadan so‘ng bo‘lakchalar konsentratsiyasi ortib boruvchi spirtlarda suvsizlantirilib metakrilat, epon, araldit, vestopal kabi sintetik smolalarga solinadi.
Kesish. Selloidin va parafinga solingan bo‘lakchalar chanali mikrotomda maxsus po‘latdan tayyorlangan pichoqlar yordamida kesiladi. Selloidin kesmalarning qalinligi 7-8-10 mkm bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Parafin kesmalarining qalinligi 5-7 mkm bo‘ladi. Chanali mikrotomlardan tashqari, muzlatuvchi mikrotomlar ham mavjud, bunday mikrotomlarda yangi yoki faqatgina fiksatsiya qilingan, ammo zichlantirilmagan parafin va boshqa moddalar singdirilmagan bo‘lakchalar kesiladi. Bo‘lakchalar qattiq holatdagi karbonat angidrid yordamida muzlatiladi.
Elektron mikroskopiya uchun preparatlar tayyorlashda Osmiy IV-oksidi va sintetik smolalarga qo‘yilgan blokchalardan maxsus mikrotomlar – ultramikrotomlarda olmos yoki shishadan tayyorlangan pichoqlar yordamida o‘ta yupqa kesmalar olinib, ular maxsus to‘rlarga solinadi. Bu kesmalar qalinligi 200-300 A (angstrem) 1 bo‘lib, parafin kesmalaridan 200-300 marta yupqadir.
Bo‘yash. Hujayra tarkibiy elementlarining rangsizligi va nur singdirish ko‘rsatkichi bir xil bo‘lganligi sababli, ularni ko‘rish uchun bo‘yash zarur. Hujayraning tarkibiy qismlari turli kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘lishi sababli ularni ko‘rish uchun turli xildagi bo‘yoqlar bilan bo‘yash lozim. Chunonchi, nordon xususiyatga ega bo‘lgan bo‘yoqlar hujayraning sitoplazmasini va hujayralararo moddani ishqoriy xususiyatga ega bo‘lgan bo‘yoqlar esa yadroni bo‘yaydi. 1 angstrem (A) – 0,0001 mkm. Eng ko‘p qo‘llanuvchi yadro bo‘yoqlari: 1. Gemotoksilin qamish daraxtidan tayyorlanuvchi o‘simlik bo‘yog‘i bo‘lib, yadroni binafsha rangga bo‘yaydi. 2. Karmin – hayvon bo‘yog‘i, yadroni qizil rangga bo‘yaydi. 3. Ishqoriy – anilin bo‘yoqlari (gensian-violet, krezil- violet, metil-violet, ishqori-fuksin va hokazolar).
Eng ko‘p qo‘llanuvchi nordon bo‘yoqlardan eozin hujayra sitoplazmasini va hujayralararo moddani kizg‘ish pushti rangga bo‘yaydi, oranj esa xuddi shu tuzilmalarni qizil rangga bo‘yaydi.
Bundan tashqari, to‘qima va hujayralarning muayyan tarkibiy qismlari uchun maxsus bo‘yoqlar ham mavjud: 1) sudan III, qora sudan – to‘qimalarni, yog‘ hujayralarini va nerv tolalarini qizil yoki qora rangga bo‘yaydi; 2) elastik tolalarni bo‘yash uchun ikki xil bo‘yoq mavjud- orsein - elastik lolalarni to‘q jigar rangga bo‘yaydi va rezorsin – fuksin elastik tolalarni pushti rangga bo‘yaydi; 3) nerv to‘qimasini va argirofil tolalarini aniqlash uchun ularni kumush nitrat tuzi bilan bo‘yaladi. Bitta bo‘yoq ishlatilsa, oddiy bo‘yash, ikkita yoki undan ortiq bo‘yoqlar ishlatilsa, masalan, nordon va asosli bo‘yoqlarni bir vaqtning o‘zida qo‘llanilsa, murakkab bo‘yash deyiladi.
Eng ko‘p qo‘llaniladigan murakkab bo‘yash usullariga quyidagilar kiradi:
1) gematoksilin-eozin bilan bo‘yash. Bu usul organ yoki to‘qimalarning tuzilishini bilish uchun umumiy bo‘yoq sifatida qo‘llaniladi. Bo‘yash tartibi: kesmalar gematoksilinga 5-10 minut solib qo‘yiladi, so‘ngra suvda chayib 2-3 minut eozinga solinadi, qayta suvda chayilib, undan keyingina suvsizlantiriladi, quritiladi va yakunlashga o‘tiladi. Preparatlarda yadro binafsha rangga, sitoplazma va hujayralararo modda pushti rangga bo‘yaladi;
2) Van-Gizon usuli: bu usul mushak to‘qimasi va kollagen lolalarni yaxshiroq ko‘rish imkoniyatini beradi. Preparatlarda hujayra yadrolari to‘q jigar rangga, sitoplazma och sariqqa, to‘q sariqqa, biriktiruvchi to‘qima qizil rangga bo‘yaladi;
3) elastik tolalar uchun Veygert usuli qo‘llaniladi.
4) argirofil tolalar Donskoy yoki Gomori usuli bo‘yicha bo‘yaladi;
5) nerv to‘qimalarini aniqlash uchun kumush nitrat tuzi bilan impregnatsiya qilish usullari qo‘llaniladi. Markaziy nerv tizimi uchun Bilshovskiy, periferik nerv tizimi uchun Gross-Bilshovskiy usullaridan foydalaniladi. To‘qima va hujayralar tarkibidagi kimyoviy moddalar va ularning joylashishini aniqlash va kuzatishga imkon beruvchi qator gistokimyoviy bo‘yash usullari ham mavjud. Masalan, polisaxaridlarni aniqlash uchun Best usuli, SHIK- reaksiyasi, RNK ni aniqlash uchun Brashe usuli, DNKni aniqlash uchun Fyolgen usuli va boshqalar. Elektron mikroskopik preparatlar esa og‘ir metall tuzlari – uranilatsetat hamda qo‘rg‘oshinning sitrat tuzlari bilan bo‘yaladi. Kesmalarni suvsizlantirish. Kesmalar bo‘yalgandan so‘ng spirtda suvsizlantiriladi.