Pedagogik tadqiqotlarning tuzilishi E.V.Berejnova nuqtai nazaridan, pedagogik tadqiqot mantig‘i qo‘yilgan muammoni yechish maqsadida uning komponentlari qurilishi ketma-ketligidir. Umumiy holatda amaliy pedagogik tadqiqot mantig‘ini quyidagi algoritm (2-jadval) asosida ko‘rsatib berish mumkin: “Empirik model (nazariya va amaliyotda tadqiq qilinayotgan muammo holatini aks ettiruvchi pedagogik ma’lumotlar) – nazariy model (tadqiqot obyekti hisoblanadigan “borliq” modeli – falsafiy va psixologik-pedagogik bilimlar integratsiyasiga asoslangan tadqiqot obyekti haqida nazariy (ideal) tasavvur) – aksiologik model (insonparvar qadriyatlar nuqtai nazaridan amaliyotga murojaat yordamida o‘rganilayotgan obyekt haqida nazariy tasavvur bahosi) – me’yoriy model (qanday qilib tadqiqot obyektini o‘zgartirish haqidagi umumiy tasavvur, u maksimal darajada uning ideal nazariy modeli bilan mos kelishi kerak; me’yoriy bilim yoki “mos jihat haqidagi bilim”ni aks ettiruvchi prinsiplar, shart-sharoitlar, uslublar, shakllar) – pedagogik faoliyati loyihasi (faoliyatning ma’lum me’yorlari – metodikalar, texnologiyalar)”.