Ommaviy-axborot vositalari orqali tarbiya. Hozirgi kunda ommaviy-axborot vositalarda, yoshlarning Vatan tuyg‘usi va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Men hozir bu yo‘nalishda tashkillashtirilayotgan, hammasi o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yuzlab ko‘rsatuvlarni sanab o‘tmoqchimasman. Balki, oynai jahonda namoyish qilinayotgan, o‘zbek kino ustalari tomonidan suratga olinishi zarur bo‘lgan tarixiy va zamonaviy badiiy va hujjatli filmlar to‘g‘risida qisqacha bo‘lsa ham o‘z fikrlarimni bayon qilmoqchiman. Amir Temur bobomiz to‘g‘risida faqat yagona film ishlangan, buni ham ko‘rganlar bor ko‘rmaganlar bor. Buyuk lashkarboshi Jaloliddin Manguberdi to‘g‘risidagi kino film hanuzgacha ishlanmagan. Xitoy kinochilari tomonidan ishlab chiqarilgan ko‘p serialli «CHingizxon» filmini menimcha hamma ko‘rgan. Men birinchi marotaba ko‘rganimda o‘sha filmda bir epizodi meni lol qoldirgan. Xitoy millatiga mansub kino rejissyor Jaloliddin Manguberdi kim bo‘lganini, qayerda tug‘ilib, nima ishlar qilganini bilmay, ul zot to‘g‘risida tarixda qoluvchi lavhani butun dunyoga tarqatdi. Nima bizning o‘zbek kinochilarimiz bunday kinolarni olishga noloyiqmi yoki ssenariy yozuvchilarimizning salohiyatlari etishmaydimi, sabab nimada, yoki shunday kinolarni olishga mablag‘ etmaydimi? «Sevdim, o‘ldim, so‘ldim» lavhali kinolarni o‘ntasiga ketgan mablag‘ni bitta tarixiy film olishga sarf qilinsa, o‘sha foydali bo‘lar edi.
Hozirgi kunda yoshlardan Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risida fikr so‘rasangiz, javoblar o‘ta sayozligi bilan ajralib turadi. Ma’lumki, o‘sha urushda bizning vatandoshlarimiz ham minglab qahramonlik ko‘rsatganlar. Rossiya telekanallarida o‘sha davr voqealari to‘g‘risidagi namoyish qilinayotgan filmlarni ko‘rib qolsangiz, urushda faqat rus, ukrain, belorus, gruzin yoki arman xalqiga mansub insonlar qatnashganligini ko‘rasiz. Bu Rossiya telekanallari tomonidan namoyish qilayotgan maxsus o‘ylangan mafkura emasmi. Masalan, Aleksandr Matrosov qahramonligi (ko‘ksi bilan dushman DOTini berkitgan) to‘g‘risida yoshi kattalar eslashadi, lekin bu qahramonlikni ilk bor o‘zbek yigiti Sirojiddin Nuraliev Matrosovdan bir hafta oldin boshqa frontda qayd qilganini hech kim eslamaydi. Rus yigiti qahramon bo‘lgan, o‘zbek yigitining nomi esa faqat arxiv hujjatlarda qolgan xolos. Muxtasar qilib aytganda, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda kino yo‘nalishini ham o‘ziga yarasha ustunliklari bor. SHuning uchun, bu yo‘nalishda ham qilinadigan talaygina ishlar mavjud deb hisoblash mumkin. YUqoridagilarni hisobga olgan holda, nima deyish mumkin? Unutilib borilayotgan ajdodlarimizdan qolgan o‘zbek millatiga va xalqiga mansub urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va tariximizni unutmagan holda, balki ularni rivojlantirish bilan, zamon talablaridan kelib chiqib, nafaqat yoshlar o‘rtasida, balki yurtdoshlarimizning barcha tabaqalari darajasida vatanparvarlik tarbiyasini yanada yuksaltirishimiz kerak deb o‘ylayman.
Dostları ilə paylaş: |