Jismoniy tarbiya . Jismoniy tarbiya shaxsni har tomonlama rivojlantirish tizimidagi o‘z vazifasini
bajarish bilan birga, u quyidagi asosiy vazifalarni hal qilishga qaratilgan: salomatlikni
mustahkamlash, inson organizmini chiniqtirish va o‘quvchilarning jismoniy rivojlanishiga yordam
berish; harakat ko‘nikmalarini va malakalarini shakllantirish hamda takomillashtirish; o‘g‘il
bolalarni armiya safariga tayyorlash; badantarbiya va sportning mohiyati hamda ijtimoiy roli
haqidagi ma’lumotlardan xabardor qilish. Jismoniy tarbiyaga, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi
mustaqillikni qo‘lga kiritgandan buyon davlat darajasida ahamiyat berilmoqda. Jismoniy tarbiya
va sport ishlariga hukumatimiz tomonidan katta g‘amxo‘rlik qilinmoqda.
Estetik tarbiya. Hayotda tabiat go‘zallikning manbasidir. U estetik tuyg‘ularni, bolalarning
kuzatuvchanligini va tasavvurini rivojlantirish uchun juda boy material beradi. Bundan tashqari,
san’at ham estetik tarbiya vositasi hisoblanadi. San’at orqali estetik tarbiyalash pedagogikada
badiiy tarbiya deb ataladi.
Nafosat tarbiyasi (estetik tarbiya lotincha „estezio“ —go‘zallikni his qilaman) —o‘quvchilarni
voqelik, tabiat, ijtimoiy va mehnat munosabatlari, turmush go‘zalliklarini anglash, idrok etish va
to‘g‘ri tushunishga o‘rgatish, ularning badiiy didini o‘stirish, ularda go‘zallikka muhabbat
uyg‘otish, ular tomonidan go‘zallikni yaratish qobiliyatlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan
pedagogik jarayon. Nafosat tarbiyasi „badiiy tarbiya“ sifatida ham qo‘llaniladi. Umuman, nafosat
tarbiyasi keng ma’noga ega bo‘lib, faqat san’at vositasidagina emas, balki hayot, mehnat, ijtimoiy
munosabatlar, tabiat va boshqalar vositasida go‘zallikni his qilishga yo‘naltirilgan pedagogik
faoliyatni o‘z ichiga oladi. Badiiy tarbiya esa, san’at (adabiyot, musiqa, qo‘shiq, tasviriy va
san’atning boshqa yo‘nalishlari) vositasida shaxsda estetik his-tuyg‘ularni shakllantirishni nazarda
tutadi. Nafosat tarbiyasi insonda go‘zallikni his qilish tuyg‘usining shakllanishiga yordam beradi,
uni rivojlantiradi. Inson doimo o‘z hayotini go‘zallik asosida qurishga intiladi. Nafosat tarbiyasi
axloqiy, aqliy, huquqiy, ekologik, jismoniy va mehnat tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.