Istiqlol va milliy madaniyat rivoji. Milliy mustaqillik yillarida O’zbekistonda yashayotgan barcha xalqlar
madaniyatini rivojlantirishga, ularning madaniy merosi va qadriyatlarini asrab-avaylashga alohida e’tibor berila boshlandi.
Bu jihatdan respublikamizda ozchilikni tashkil etadigan xalqlar milliy madaniy markazlarining tashkil etilishi katta
ahamiyatga egadir. 1991 yilda bunday markazlarning soni o’ntaga etmagan bo’lsa, bugungi kunda ularning soni 100 ortib
ketdi. 1992 yilda mazkur markazlar ishini muvofiqlashtirib turadigan tashkilot - Respublika baynalmilal madaniyat
markazi tuzildi.
O’zbekistondagi turli xalqlar va millatlarning umumiy g’oya va istiqlol mafkurasi atrofida birlashishi nihoyatda
katta ahamiyat kasb etadi va O’zbekistonning jahon tsivilizatsiyasi tomon rivojlanishida muhim omil bo’lib xizmat
qiladi. Milliylik, umuminsoniylik g’oyalarini uyg’unlashtirish va yanada takomillashtirish muayyan xalqlarga tegishli
madaniyatning o’ziga xosligini saqlaydi. Vatanimiz madaniyatida umuminsoniy qadriyatlar ustuvor mavqeni egallaydi.
Umuminsoniy g’oyalar va qadriyatlarning shakllanishi milliy madaniyatlarning rivojlanish xususiyatlari bilan
bog’liqdir.
Umuminsoniy qadriyatlar insonni e’zozlash, hayotni sevish, burch, sadoqat, ajdodlarga hurmat, vatanparvarlik,
adolat, ma’rifatparvarlik, tinchlik, totuvlik, do’stlik, hamkorlik singari fazilatlarni ifoda etadi. Tajriba shuni
ko’rsatadiki, biron bir milliy madaniyatni ulug’lab, uni boshqa madaniyatdan ustun qo’yish va boshqa xalqlarga
majburan targ’ib etish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ko’pmillatli mamlakatda milliy madaniyatlarni
mensimaslik yoki ularni kamsitish ijtimoiy barqarorlik va milliy totuvlikka putur etkazadi, turli ziddiyat va
ixtiloflarning paydo bo’lishi uchun zamin yaratadi. Bu borada milliy g’oya va istiqlol mafkurasi asoslarini ishlab
chiqishda etnik xususiyatlarni hisobga olish ularni respublika taraqqiyotining istiqbollari bilan uyg’unlashtirish
imkonini yaratadi.