Temur tuzuklari. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi, 1991, 90-91-betlar.
SHOGIRDLIKKA BERISH TO‘G‘RISIDA SHARTNOMA
Hijriy 998-yil safar oyining o‘n yettinchisi (1589-yil 27-dekabr)da Badr Muhammad ibn ustod Muhammad Ali shariatda to‘g‘ri iqror qildi: shar’an o‘z ixtiyorimda bo‘lgan Sulton Ali nomli sag‘ir ukamni ustod Nazar Muhammad olachabof ibn ustod Do‘st Aliga 3 yil muddat bilan muomalada bo‘lgan 4 ming dinor fulus pul badaliga shogirdlikka berdim. Shu muddat ichida ustod har qanday qonuniy ish buyursa, toqati boricha va qudrati yetguncha bajo keltiradi va yana mazkur ustod Yuqorida zikr etilgan 4 ming dinor fulusdan 2 mingi badaliga olachaboflik va unga tegishli hunarni, shu san’at ustalari yoqtiradigan darajada o‘rgatsin va yana ustodga qolgan pul badaliga mazkur sag‘irning nafaqasini ta’min etib, ovqatiga va ust-boshiga sarf qilsin deb ijozat beraman.
Vasiqa ishonchli kishilar huzurida tuzildi.
Guvohlar: mullo Muhammad Sharif, mullo Abdurahim muxtasib. Qozi muhri.
Vasiqalar to‘plami. – Toshkent: Fan, 1982, 84-bet.
TIL, JAMIYAT, YOZUV VA HUJJATLAR
Jamiyatni tilsiz va tilni insoniyat jamiyatidan ajralgan holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Til va tafakkurning paydo bo‘lishi hamda ularning taraqqiyoti insoniyat jamiyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki til insonlar orasida o‘zaro aloqa vositasi, fikr almashishning eng muhim quroli sifatida paydo bo‘lgan va necha ming yillardan buyon shu vazifani benuqson bajarib kelmoqda. Til va tafakkur insonni boshqa jonzotlardan ajratib, aqlli mavjudot sifatida jamiyatga birlashtirdi. Jamiyat taraqqiy eta borgani sari til ham, tafakkur ham va hatto, insonning o‘zi ham tinimsiz taraqqiy eta boradi. Jamiyat taraqqiyoti tufayli tilning lug‘at tarkibi boyiydi, grammatik qurilishi takomillasha boradi, ifoda usullari sayqal topib, rivojlanadi (3, 8-10-b.). Til taraqqiyotidagi o‘zgarishlarni, jumladan, o‘zbek tilining qay darajada rivojlana borganligini M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida keltirilgan she’riy parchalar, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostoni, A.Navoiyning sernavo va sehrli g‘azallari tili bilan XX asrda ijod qilgan va biz bilan zamondosh shoirlar-u adiblarning bugun yaratayotgan asarlari tilini qiyoslash orqali yaqqol tasavvur qilish mumkin.
Til umumjamiyat, ijtimoiy hodisa sifatida ma’lum bir millat vakillariga birdek xizmat qiladi. U shu til egalari uchun umumiy. Nutq esa xususiydir. Til shohga ham, gadoga ham, boyga ham, xizmatkorga ham, o‘g‘riga ham birdek, ammo ularning nutqlari turli-tumandir. Chunki ma’lum tilda gaplashadigan qancha odam bo‘lsa, shuncha rang-barang nutq mavjuddir. Har bir shaxs barcha uchun umumiy bo‘lgan milliy tildan o‘z imkoni darajasida foydalanadi, fikrlaydi, nutq irod qiladi. Nutqda so‘zlovchining nutq a’zolari yaratgan ovoz, tovushlarning mayin-yo‘g‘onligi, tez-sekinligi, tiniq-shovqinliligi, bilimi, saviyasi, shevasi, o‘zbek tili lug‘at boyligidan qay darajada foydalana olishi, muomala madaniyati va boshqa shu kabi fazilatlari bilan bir qatorda nutqida mavjud bo‘lgan kamchilik va nuqsonlari ham namoyon bo‘ladi. Til esa bunday kamchilik va nuqsonlardan xolidir. Qisqasi, til va uning iste’mol jarayonidagi moddiy qobig‘i bo‘lgan nutq shaxsni jamiyat bilan bog‘lab turadi, insonlarning bir-biri bilan muloqotining asosi bo‘ladi. Qisqasi, til aloqa materiali bo‘lsa, nutq aloqa shaklidir. Tilni asrlar davomida xalq yaratadi, nutqni esa shu til materiallari asosida har bir shaxs vujudga keltiradi. Tilning hayoti uzoq asrlar davom etadi, og‘zaki nutqning umri esa juda qisqa. Tilning hajmi cheklanmagan. Nutqning hajmi cheklangan. Nutq monolog, dialog, matn, kitob shakllarida bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham til va nutq hodisalarini farqlagan holda muhokama yuritish muhim ahamiyatga egadir. Chunki tilda xatolar uchramaydi. Nutqimiz esa xatolardan xoli emas. Nutqimizda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun esa til qonun-qoidalarini chuqur egallagan bo‘lishimiz lozim.
Til ham, tafakkur ham, nutq ham yozuv ixtiro qilinmaganda makon va zamonda cheklanganliklaricha qolib ketishlari mumkin edi. Insoniyat yozuvni kashf etib, o‘zi yashayotgan kichik, tor bir hududdan butun dunyoga chiqa oldi, o‘zi yashayotgan davrdan necha ming yillar keyin keladigan avlodlarga hayoti, orzu-umidlari, armonlari, qarashlari haqida xabar berish imkonini yaratdi. Yozuv og‘zaki adabiyotning an’analarini xususiy tarzda davom ettiruvchi yozma adabiyotning vujudga kelishi uchun ham asos bo‘ldi. Yozuv tufayli tarix yaratildi. Yozuv tabiat va jamiyat, ilohiyot va falakiyot, tabobat haqidagi asriy bilimlarni to‘plash imkonini berdi. U tufayli insoniyat tarixida yangicha davr boshlandi. Biz yozuv tufayligina yer yuzida eng qadimgi davrlardan boshlab hozirgacha o‘tgan ellar, tillar, davlatlar, jamiyat bosqichlarining vujudga kelishi, tarqqiyoti, inqirozidan xabardor bo‘lamiz. Bizgacha yetib kelgan yozma manbalar, arxeologik topilmalar yordamida miloddan avval o‘tgan shavqatli turk hoqoni Alp Er To‘nga, afsonaviy xalq qahramonlari To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqannalarning vatan ozodligi, ravnaqi, gullab-yashnashi yo‘lidagi kurashlaridan, bu yurt boyliklariga ko‘z olaytirib, bosqinchilik niyatida Markaziy va O‘rta Osiyo davlatlariga yurish qilgan dushmanlar bilan bo‘lgan qirg‘in-barot urushlardan voqif bo‘lamiz. Yetib kelgan tarixiy, ilmiy, badiiy asarlar, hujjatlar tufayli xalqimizning boy tarixi, o‘ziga xos an’analari, urf-odatlari, qadriyatlarini bilib olamiz, qomusiy bilimlar egasi bo‘lgan bobokalonlarimiz qoldirib ketgan nodir ma’naviy-ma’rifiy merosdan bahramand bo‘lamiz (1, 56-60-b., 6, 14-24-b.).
Nutq tilning hayotiyligini, davomiyligini ta’minlovchidir. Shunga ko‘ra, nutqni hayotiy ehtiyojlarni qondirishiga qarab ikki guruhga bo‘ladilar: 1. Og‘zaki nutq. 2. Yozma nutq. Og‘zaki nutq tilning og‘zaki so‘zlashuvga xoslangan uslubini tashkil etadi. Bu uslubning yozma nutqqa asoslanuvchi xoslangan uslublardan qisqa, lo‘ndaligi, ta’sirchanligi, tezkorligi, ohangdorligi, fonetik jarayonlarga boyligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi. Til odobi, nutq madaniyati shaxsni el oldidagi obro‘-e’tiborini oshiradi, tilga, nutqqa e’tiborsizlik esa kishini obro‘sizlanishga olib keladi. Bu haqda xalqimizning ko‘plab maqollari, shoir-u yozuvchilarimizning hikmatli so‘zlari mavjud (5, 20-25-b.).
Yozma nutq esa bir necha xoslangan uslublar uchun asos bo‘ladi. Tilshunos olimlarimiz ularni quyidagi guruhlarga bo‘ladilar: 1. Ommabop uslub (gazeta va jurnallar, radio va televideniye tili bo‘lib barcha uchun mo‘ljallangan). 2. Rasmiy uslub (rasmiy-ma’muriy, hujjatlar, ish qog‘ozlari tili). 3. Badiiy uslub (nasriy va nazmiy adabiy-badiiy asarlar tili). 4. Ilmiy uslub (ilm-fan, texnika, sport va boshqa sohalarga oid ilmiy ishlar tili). Bu uslublar o‘zbek adabiy tilining tarixiy shakllangan ko‘rinishlari bo‘lib, ularning har biri til taraqqiyotining ma’lum davrlarida paydo bo‘lgan va o‘zbek tilining taraqqiy etishi bilan rivojlanib borgan. Har bir xoslangan uslub nutq jarayonida bajaradigan vazifasi hamda shu uslub turi uchun xos bo‘lgan leksik vositalardan foydalanish doirasiga ko‘ra ma’lum o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘ladi. Chunonchi, ilmiy uslub og‘zaki so‘zlashuv yoki badiiy uslublardan ma’lum bir fan yoki uning biror sohasiga oid atamalarning ko‘plab qo‘llanishi, turli jadvallar, chizmalar, shartli belgilardan foydalanilishi, faktik ma’lumotlarning ko‘proq qo‘llanilishi, nutqning monologik xarakterga ega bo‘lishi, asosan betaraf so‘zlar ishlatilib, obrazli, his-hayajon ifodalovchi, bo‘yoqdor, shevaga xos va boshqa shu kabi so‘zlarning qo‘llanmasligi bilan farq qiladi (4, 7-18-b.).
Rasmiy uslub – ish qog‘ozlari, hujjatlar, qonun, qaror, farmon, ustav, nizom, bitim, shrtnoma kabilarning mazmun-mohiyatida ham boshqa uslublardan farqlanadigan bir qancha jihatlar mavjuddir. Maqsadimiz rasmiy uslubning o‘ziga xos tomonlarini hamda turlarini o‘rganishga qaratilganligini e’tiborga olib, ishda boshqa uslublarga batafsil to‘xtalib o‘tirmadik.
O‘zbek tilining rasmiy uslubi tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Hozirgi O‘zbekiston Respublikasi va unga tutash hududlarda vujudga kelgan qadimgi davlatlar, hoqonliklar, xonliklar, amirliklar, hokimliklar, bekliklarda yuritilgan ko‘plab hujjatlar fikrimizning yaqqol dalilidir. Bunday hujjatlar sirasiga farmonlar, yorliqlar, vaqfnomalar, arznomalar, qarznomalar, vasiqalarni kiritishimiz mumkin. Bu uslub davlatning ichki tartib-qoidalari, shu mamlakat fuqarolarining huquqiy munosabatlari, shuningdek davlatlararo siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qilganligi bilan ham og‘zaki so‘zlashuv, ilmiy yoki badiiy uslublardan farq qilgan. Bugunga kelib, bu uslubda mustaqil mamlakatimizning qonunlari, farmonlari, qarorlari, boshqaruv va nazorat organlarining buyruqlari, boshqa davlatlar bilan tuzilayotgan shartnomalar, bitimlar, bayonotlar, rasmiy axborotlar; korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ular o‘rtasida yuritilayotgan o‘nlab turdagi hujjatlar yozilmoqda. Barcha turdagi korxonalarda yuritib kelinayotgan hujjatlar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin: ariza, bildirishnoma, buyruq, farmoyish, dalolatnoma, ishonchnoma, yo‘riqnoma, ustav, nizom, majlis bayoni, ma’lumotnoma, mehnat daftarchasi, tavsifnoma, tavsiyanoma, tarjimayi hol, tilxat, shartnoma, hisobot, e’lon, kafolat xati, da’vo xati, telegramma, telefonogramma, modemogramma, guvohnoma va boshqalar. Bulardan tashqari, ayrim korxona, tashkilot, muassasalarning o‘zlarigagina tegishli hujjatlar ham borki, ular shu sohaga doir mutaxassislar tayyorlash jarayonida malaka oshirish kurslarida o‘rgatib boriladi. Chunonchi, tibbiyot, militsiya, prokuratura, sud, bojxona, kutubxona, buxgalteriya, bank xizmati va boshqa shu kabi sohalarga doir ayrim hujjatlar shu soha mutaxassislari tomonidan yoziladi yoki to‘ldiriladi.
Rasmiy uslub leksikasi boshqa uslublardan ma’lum chegaralanishga egaligi bilan ham farq qiladi. Unda uslubiy bo‘yoqdor, so‘zlashuv uslubiga xos, shevaga oid, badiiy uslubga xos so‘zlar, iboralar, jargon va argolardan foydalanilmaydi (2, 15-b.). Bu uslub qat’iy ravishda yozma nutqning betaraf leksikasiga tayanib ish ko‘radi. Shuning uchun ham bu uslubga xos hujjatlar asosini siyosiy va xalqaro munosabatlar, mamlakat siyosiy va ma’muriy tuzilmalari hamda ularning faoliyati, huquq, qonun, iqtisod, ma’naviy-ma’rifiy sohaga hamda rasmiy-ma’muriy, idoraviy yo‘nalishga oid hujjatlar, ish qog‘ozlari leksikasi tashkil etadi.
Bo‘lg‘usi oliy ma’lumotli mutaxassis, ish yurituvchi, hujjatlar bilan bevosita ishlaydigan xodim oldida, Yuqorida ta’kidlanganidek, hujjat turlarini puxta o‘rgnish, ularni mantiqiy to‘g‘ri va aniq ma’lumotlar asosida shu sohaga doir leksik vositalardan unumli foydalangan holda tayyorlash, to‘ldirish vazifasi turadi. Shuningdek, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosining joriy etilishi va shu munosabat bilan yangi imlo qoidalarining ishlab chiqilganligi, amalda 1956-yildan buyon qo‘llanib kelingan ayrim imlo qoidalarining eskirganligi yoki yangisi bilan almashtirilganligi, yangi imlo qoidalarining kiritilganligi, imkon qadar o‘zbek tilining grammatik qonun-qoidalaridan samarali foydalangan holda uslubiy, imloviy va ishoraviy xatolarsiz hujjatlar tayyorlashni taqozo etadi. Kirill va lotin yozuvlariga asoslangan alifbolarda so‘zlarning yozilishidagi ayrim farqlarni inobatga oladigan bo‘lsak, bu hol barchamizdan hujjat tayyorlash ishiga alohida e’tibor bilan qarashimizni talab etadi: ob’ekt – obyekt, rejissyor – rejissor, kontsern – konsern, aktsiya – aksiya va hokazo kabi. Buni yangi imlo qoidalarini puxta o‘rganish orqali chuqur o‘zlashtirib olish mumkin.
Ma’lumki, kirill yozuvi asosidagi alifbomizda 33 harf va 2 ta belgi mavjud edi. Ular quyidagilar: Aa, Bb, Vv, Gg, Dd, Ee, Yoyo, Jj, Zz, Ii, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Rr, Ss, Tt, Uu, Ff, Xx, Tsts, Chch, Shsh, ‘‘, , Ee, Yuyu, Yaya, ¡¢, ªº, £¼, ²³. Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida esa 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi mavjud bo‘lib, ular quyidagi tartibda joylashgan: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch, Ngng. Yangi alifboga tovush ifodalamaydigan belgilar kiritilmadi. Tutuq belgisi imlo qoidalari sirasida o‘rganiladigan bo‘ldi.
1956-yil 4-aprelda tasdiqlangan “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” 72 paragrafdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 24-avgustda 339-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” 82 banddan iborat. Hujjatlar tayyorlash jarayonida imlo qoidalarining zarurligini e’tiborga olib, “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”dan ayrim bandlarini misol tariqasida keltiramiz.