Konfutsiy bilim haqida Konfutsiyning axloqiy-siyosiy ta’limoti qandaydir nazariy bilish asosiga tayanmaydi. Bilim (chji) va uning kelib chiqish masalasini Konfutsiy qadimgi kitoblarni o’rganish va qadimgi ajdodlar tajribasidan iqtibos qilishda, deb bildi. Uningcha, bilimning asosiy manbasi o’qishdir va uning manbasi esa, qadimgi rivoyatlar va solnomalardir. Shuning uchun konfutsiychilikka jamiyat taraqqiyotidagi ilgarigi va yangi tajribaga tanqidiy munosabatda bo’lib, ulardan xulosalar chiqarish yot edi. Tabiatshunoslik fanlariga umuman e’tibor berilmagan edi.Har qanday yangi hodisa eskiga tajriba nuqtai nazaridan baholanar va o’tmishga borib taqalar edi. Masalaning bunday qo’yilishi Xitoy o’tmishini ideallashtirishga olib keldi.Konfutsiychilik ta’limoti muhofazakorona fikrlar tayanchiga aylandi.
Dao maktabining vujudga kelishi va Daosizmning uch maktabi: Yan Chju, Lao-tszo’ va Chjuan-tszo’ Daosizm eramizdan oldingi VI-V asrlarda paydo bo’lgan qadimgi Xitoy falsafasining etakchi oqimlaridan biri edi. “Daosizm” istilohi fanga eramizdan oldingi II asrda Xitoy tarixchisi So’ma Tan tomonidan kiritilgan. U Xitoy falsafasidagi olti yo’nalishni ko’rsatib, ulardan birini “dao” va “de” maktabi, deb atagan edi (“dao”- barcha ashyolarning manbai, “de” esa, – har bir narsaga to’g’ri keladigan “dao”ning qismi). Keyinchalik ushbu maktab oddiygina “dao” maktabi, deb atalgan edi.
Eramizdan oldingi III asrgacha daosizm uch maktab orqali namoyon bo’ldi: Yan Chju, Lao-tszo’ va Chjuan-tszo’ (1-ilova). Yan Chju (er.ol. V-IV asrlar) falsafasining asosiy g’oyasi – “hamma narsa o’zim uchun” tushunchasida ifodalangan. Uning ta’limotiga ko’ra, inson uchun eng aziz narsa uning joni bo’lib, uni hech qanday boylik bilan almashtirib bo’lmaydi. Saqlanib qolgan manbalarning guvohlik berishicha, Yan Chju inson hayotini xudo irodasiga bog’liqligini inkor etgan.
Lao-tszo’ning faoliyati eramizdan oldingi VI-V asrlarga taalluqlidir. Ammo, Xitoy olimlarining fikricha, “Lao- tszo’” (yoki “Dao de tszo’n”) kitobi ancha keyin, taxminan eramizdan oldingi IV-III asrlarda paydo bo’lgan.
Uning asosiy tushunchasi “dao” – xudoga ham, insonga ham bog’liq bo’lmagan narsalarning tabiiy yo’li bo’lib, dunyodagi umumiy harakat va o’zgarishlarning umumiy qonunidir. “Lao-tszo’” muallifi fikricha, barcha ashyolar rivojlanish va o’zgarish jarayonida bo’lib, undagi narsalar muayyan bir hududga etgandandan keyin, o’zining qarama-qarshisiga aylanadi. Ammo taraqqiyot, “Lao- tszo’” fikricha, quyidan yuqoriga qarab emas, balki doira bo’ylab, abadiy ravishda aylanadi. Faylasuf barchani tabiiy qonunga to’la rioya etib, narsalar hayotiga aralashmaslikka chaqirgan.
Chjuan-tszo’ (er.ol.IV-III asrlar) ta’limoti Lao-tszo’ maktabining davomi bo’lib, o’zidan “dao”ni majhul va orzudagi mohiyatga aylantirish tamoyilini olg’a surganligi bilan ajralib turadi. Lao-tszo’ning dialektik g’oyalari Chjuan-tszo’da relyativizm (nisbiylik)ga aylantirilgan. Barcha narsalar o’zgarish jarayonida bo’lganligidan va har bir berilgan narsa, ayni vaqtda boshqasiga aylanishi, ikkinchisi esa,-bir lahzada birinchisiga aylana olish imkoniyatiga egaligidan, shu narsa kelib chiqadiki, ular orasida tafovut yo’q. Haqiqatni adashish, adashishni esa, haqiqat, deb bilgan Chjuan-tszo’ ob’ektiv haqiqat mavjudligini inkor etgan edi.
Ijtimoiy axloqiy g’oyalar sohasida Lao-tszo’ va Chjuan-tszo’ maktablari ibtidoiy jamoaga qaytish zarurligini targ’ib qilganlar, negaki, ular fikricha, o’sha davrlarda kishilarning xohish-irodasi kamtorona bo’lib, hayot esa, oddiy va sun’iy emas edi. Ba’zi olimlarning fikricha, daosizmning bunday g’oyalari tanazzulga yuz tutgan dehqon jamoalari orzu umidlarining in’ikosi edi.