An’anaviy ilmlar taraqqiyoti An’anaviy ilmlar qadimgi yunon ilmlari asosida vujudga kelgan falsafiy ilmlarning turli yo’nalishlarini – matematika, fizika, geografiya, kimyo kabilar, shuningdek, falsafa, mantiq, axloq kabilarni tashkil etgan. O’sha davr olimlari «Ixvon as-safo» to’garagining a’zolari, Abu Nasr Forobiy, Abdulloh Xorazmiy va boshqalar diniy, islomiy ilmlar, aniqrog’i arab ilmlari sifatida islom falsafasi nazariyasi bo’lmish kalom ilmi, hadisshunoslik, shariatga asoslangan fiqh – huquqshunoslik, Qur’onni tafsirlash kabi masalalarni, shuningdek, arab tili va grammatikasi, arablar tarixi (islomdan so’nggi) kabilarni sanab o’tganlar (2-ilova).
Islomiy ilmlar rivoji Islom ilmlari ichida, avvalambor, ilohiyot falsafasi – kalom, so’ng hadisshunoslik, fiqh – huquqshunoslik, Qur’on tafsiri muhim o’rin egallagan va sof diniy masalalardan tashqari turmushning barcha jihatlarini qamrab olgan.
Islom dini ta’limotida Muhammad (SAV) payg’ambar hayoti, faoliyati hamda diniy, axloqiy ko’rsatmalarini o’z ichiga olgan hadislar musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’oni Karimdan keyin turuvchi manba hisoblanadi. VIII-XI asrlar hadis ilmining eng sermahsul davri bo’lgan. Chunki, shu davrda sunnatning asosiy manbasi bo’lmish «olti sahih to’plami» vujudga kelgan. Shunisi e’tiborga sazovorki, ushbu hadislar to’plamini yozgan muhaddislarning aksari Markaziy Osiyolik bo’lib, ular: Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810-870), Muslim ibn al-Hajjoj (819-874), Abu Dovud as-Sijistoniy (817-880), Abu Iso at-Termiziy (824-892), Ahmad an-Nasoiy (830-915), Abu Abdulloh Muhammad ibn Mojja (824-886) kabi hadis ilmi peshvolaridir.
Ular ichida «hadis ilmida amir al-mo’’minin», degan tahallusga sazovor bo’lgan Imom al-Buxoriy alohida o’rin tutadi. Uning «Al-jome’ as-sahih» to’plami ishonchliligi jihatidan Qur’ondan keyingi o’rinda turadi. IX-X asrlarga kelib, qadimgi yunon ilmiy merosini islom Yaqin Sharqida o’rganish va uning keng yoyilishi natijasida ularni turlicha talqin etishga intilish, masalan, mu’taziliylar ta’limoti va uning turli yo’nalishlarining vujudga kelishi hamda ularni tanqid etish jarayonida paydo bo’lgan fikrlarni tizimga solish zaruriyatga aylandi. X-XI asrlarda kalom va yunon falsafasining natijalarini qorishtirishga intilish mavjud edi. IX-XII asrlarda islomning qonun-qoidalariga asoslangan tasavvuf yo’nalishi shakllanib, Markaziy Osiyoda keng yoyildi. Bu yo’nalish, diniy dunyoqarash asosida fan, madaniyat rivoji imkoniyatini kengaytirishi bilan, ularning yutuqlaridan foydalanish yo’llarini boyitgan. Tasavvuf ziyolilar orasida tarqalgan.
Xulosa qilib aytganda, islom dini va falsafasi yangi axloqiy komillikka intiluvchi tarbiyani vujudga keltirishga intildi. Hadislarda bayon etilgan islomiy tarbiyaning asosi imon va solih amallardan iborat edi. Uning ustidan nazorat qilish shariat qonunlari va sunnatga topshirildi. Aslida payg’ambar sunnati, deb atalgan narsa, barcha musulmonlar uchun ma’naviy ozuqa bo’luvchi ideal axloqdir.