Ahmad al-Farg’oniyning ilmiy merosi(797-865) O’rta asrlarda yashagan Markaziy osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf al-Farg’oniy salmoqli o’rin egallaydi.
Uning to’liq ismi Abul Abbos Ahmad Ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg’oniydir. U Farg’ona vodiysining Qubo (Quva) tumanida tug’ilgan. Abu Rayhon Beruniyning bir xabariga ko’ra, Bag’dod rasadxonasining ishida Yahyo ibn Abu Mansur, al-Xorazmiy va boshqa olimlar, Damashq rasadxonasida esa, Xolid ibn Abdumalik va al-Farg’oniy bilan birga ikkinchi guruh olimlar ishlaganlar. U shuningdek, al-Farg’oniyning Suriya shimolida, Sinjor sahrosida 832-833 yillarda Tadmur va ar-Raqqa oralig’ida er meridiani bir darajasining uzunligini o’lchashda ishtirok etganini ham aytgan.
Al-Farg’oniyning hayoti haqidagi eng so’nggi va eng aniq xabar 861 yil bilan bog’lanadi. U shu yili Qohira yaqinidagi Ravzo orolida nilometrni, ya’ni Nil daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yasagan yoki ta’mirlagan.
Al-Farg’oniyning asosiy astronomik asari «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi» («Kitob al-harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum») XII asrda Evropada lotin tiliga ikki marta va XIII asrda boshqa Evropa tillariga ham tarjima qilingandan so’ng, uning lotinlashtirilgan nomi «Alfraganus» shaklida G’arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Uning ushbu kitobi shu asrlar davomida Evropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o’tadi. Al-Farg’oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1492 yilda nashr etilgan bo’lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669 yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakub Golius al-Farg’oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so’ng, al-Farg’oniy va uning asarining Evropadagi shuhrati yanada ortdi. Evropa Uyg’onish davrining buyuk namoyondalaridan biri bo’lgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma’ruzalarni al-Farg’oniy kitoblaridan o’qigan. Al-Farg’oniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan.
Evropa olimlaridan Dalamber, Brokelman, I.Yu.Krachkovskiy, A.P.Yushkevich, X.Zuter va B.A.Rozenfeldlar al-Farg’oniyning ijodini yuqori baholaganlar.
Hozirgi kunda al-Farg’oniyning sakkiz asari ma’lum bo’lib, ularning hammasi astronomiyaga aloqador va birortasi hozirgi zamon tillariga tarjima qilinmagan. Ular quyidagilardir: yuqorida tilga olingan asar odatda uni «Astronomiya asoslari haqida kitob» nomi bilan ham atashadi – qo’lyozmalari dunyo kutubxonalarining deyarli barchasida bor. «Usturlob yasash haqida kitob» – qo’lyozmalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida, «Usturlob bilan amal qilish haqida kitob» – birgina qo’lyozmasi Rampurda (Hindiston), «Oyning Er ostida va ustida bo’lish vaqtlarini aniqlash haqida risola» – qo’lyozmasi Qohirada, «Etti iqlimni hisoblash haqida» – qo’lyozmalari Gotada va Qohirada, «Quyosh soatini yasash haqida kitob» – qo’lyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi. Al-Xorazmiy «Zij»ining nazariy qarashlarini asoslash» asari Beruniy tomonidan eslatiladi, lekin qo’lyozmasi topilmagan.
Farg’oniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va G’arbda mashhurdir. Hozirgi kunda ko’chalar, o’quv yurtlariga uning nomi berilgan. 1998 yilda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Farg’oniyning 1200 yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.