276
15-BOB. DAVLATNING TASHQI IQTISODIY SIYOSATI
15.1. Makroiqtisodiy modelda tashqi savdo
Tashqi iqtisodiy siyosat-bu davlatning o‘zaro foydali tashqi aloqalarni
rivojlantirish, mamlakat iqtisodiyotini jahon xo‘jaligi bilan integratsiyalashuvini
ta’minlashga qaratilgan siyosatidir. Tashqi iqtisodiy faoliyat tashqi iqtisodiy
aloqalarni ro‘yobga chiqarish jarayonidir. Bu siyosatning asosiy maqsadi milliy
iqtisodiyotning jahon xo‘jaligidagi mavqeini mustahkamlashdir.
Unga binoan eksport va import, chetga kapital chiqarish va chetdan kapital
kiritish, ishchi kuchi migratsiyasiga doir tadbirlar amalga oshiriladi. Bu siyosatda
bojxona to‘lovlari, eksport-import litsenziyalari va kvotalari kabi vositalar
qo‘llaniladi. Aytilgan vositalar iqtisodiy chegara hosil etib, milliy iqtisodiyotni
himoya qiladi. Eksportni kuchaytirish zarur bo‘lsa, unga litsenziyalar (ruxsatnoma)
beriladi, eksport kvotasi oshiriladi. Bordi-yu importni qisqartirish ma’qul bo‘lsa,
uning kvotasi kamaytiriladi, import uchun boj to‘lovi oshiriladi, importga litsenziya
berish chegaralanadi.
Biror mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatga bevosita va bilvosita aralashuvi
jarayoni eksport va import hajmi va tarkibiga ta’sir ko‘rsatish orqali ichki bandlilikni
ta’minlash, iqtisodiy o‘sishga erishish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash,
to‘lov balansini yaxshilash hamda valyuta kursini tartibga solish maqsadlarini ko‘zda
tutadi. Davlat tomonidan amalga oshiriladigan bunday tadbirlar savdo siyosati deb
yuritiladi.
Dostları ilə paylaş: