1. Ta'lim vositalari haqida tushuncha. O`zbekiston milliy taraqqiyotining eng mas’uliyatli bosqichi-ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotining keskin burilishi davrini boshidan kechirmoqda. XX asr tugab, jamiyatimiz har bir fuqarosi XXI asr ibtidosida, ortda qolgan yillarni sarhisob qilish va kelajak hayotining turli jabhalari rejasini belgilab olish muammosiga duch kelishi ijtimoiy fan olimlari zimmasiga katta vazifalarni yuklaydi.
Yuqoridagilar jamiyat hayoti barcha jabhalarining muvaffaqiyatini belgilab beruvchi, shu bilan birga, ularning poydevori hisoblanuvchi ta’lim-tarbiya sohasiga ham to`laligicha tegishlidir.
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» yuksak umumiy va kasb-hunar madaniyatiga, ijodiy, ijtimoiy faollikka, siyosiy hamda ijtimoiy hayotda to`g`ri yo`l topa olish mahoratiga ega bo`lgan, istiqbol vazifalarini ilgari surish va hal etishga qodir kadrlarning yangi avlodini shakllantirish, shuningdek, har tomonlama kamol topgan, jamiyatda turmushga moslashgan, ta’lim va kasb-hunar dasturlarini ongli ravishda puxta o`zlashtirgan, jamiyat, davlat va oila oldida o`z javobgarligini his etadigan fuqarolarni tarbiyalashni nazarda tutgan pedagogik g`oyani ilgari suradi.
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ishlab chiqarish kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Ishlab chiqarish kadrlar tayyorlash milliy modelida “kadrlarga bo`lgan ehtiyojni, shuningdek, ularning tayyorgarlik sifati va saviyasiga nisbatan qo`yiladigan talablarni belgilovchi asosiy buyurtmachi, kadrlar tayyorlash tizimini moliya va moddiy-texnika jihatidan ta’minlash jarayonining ishtirokchisi” sifatida namoyon bo`ladi.
Ushbu pedagogik g`oya ta’lim tizimi oldiga:
- ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan huquqiy-demokratik davlat qurilishi jarayonlariga moslash;
- kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish;
- ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning samarali shakllari va uslublarini ishlab chiqish hamda joriy etishni hal etish vazifalarini ko`ndalang qilib qo`ydi.
Bugungi kunda jamiyatimizda yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi, ta’limning dunyo ta’lim tizimiga integrasiyalashuvi, demokratiyalash va taraqqiy ettirish jarayonlarining rivojlanishi ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarga yangicha yondashuv zarurligini taqozo etmoqda. «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish va o`zlashtirish zarurligi ko`p marta takrorlanib, ularni o`quv muassasalariga olib kirish zarurligi uqtirilgan.
Uzoq yillardan beri pedagogik texnologiyalarga o`quv jarayonini texnik vositalar yordamida amalga oshirish deb qarab kelindi. Faqat 70-yillardan boshlab pedagogik adabiyotlarda bu tushuncha yangicha talqin etila boshlandi.