1.2.“Ko‘hna dunyo” asarida Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy siymolarining aks ettirilishi. O‘tmish haqiqati tahlili va saboqlari “Ko‘hna dunyo” romanida o‘zgacha. Biz hozir “Ko`hna dunyo” romani haqida so‘z yuritamiz. Adabiy tanqidchilikning bahosiga ko`ra, Odil Yoqubovning “Ko‘hna dunyo” romanining markazida Ibn Sino hamda Beruniy taqdirlari, ular yashagan davr turadi. Muallifning xulosalari va umumlashmalari keng, shuning uchun tarixiy materialga ajib aktual ma‘no bag‘ishlaydi. Zamonlar osha qilingan sayohat teran falsafiy umumlashmalar chiqarishga imkon beradi. Romanda tasvirlangan barcha voqealar hujjatlar bilan cheklab qo‘yilmagan. Odil Yoqubov tarixni xuddi ko‘rib turadi, tarix bilan bahslashadi, zamondoshlarga uzoq o‘tmishdoshlarining tajribalaridan guvohlik berayotganday bo`ladi. U tarixga bugungi davr nuqtayi nazaridan qaraydi. Bu so‘zlarda “Ko‘hna dunyo” romanining tub mohiyati ochib berilgan. Darhaqiqat, bu roman, avvalo, ulug‘ allomalar Ibn Sino va Beruniy taqdiri, ular yashagan davr haqida bahs etadi. Ammo u bizdagi mavjud tarixiy-biografik romanlardan, jumladan, “Navoiy”, “Yulduzli tunlar” poetikasidan farq qiladi. Xuddi avvalgi tarixiy romani “Ulug‘bek xazinasi”da bo`lgani kabi bu yerda ham qahramonlari hayotini xronologik tarzda hikoya qilish yo`lidan bormaydi, ikkala alloma hayotidagi jiddiy bir palla-bor-yo‘g‘i bir oydan ortiq davr hodisalarini qalamga oladi. Qahramonlar hayotidagi bu palla shunday bir dovonki, bu dovondan ularning butun bosib o‘tgan yo‘li, o‘tmish va kelajagi yaqqol ko`rinadi. Voqealar sodir bo‘lgan maskan shunday bir bekatki, bu bekatda xilma-xil odamlar to‘qnash keladilar, bu yerda umr bo‘yi davom etgan ziddiyat, mojarolar muayyan intihosiga yetadi, dillarda armon bo‘lib yotgan dard-u hasratlar to‘kib solinadi. Sir-u asrorlar oshkor bo‘ladi, umrlar sarhisob etiladi, muallif personajlarga qo‘shilib, hayot jumboqlari ustida qizg‘in bahslar olib boradi. Romanga asos qilib olingan hodisa - umr bo‘yi Sulton Mahmud G‘aznaviyni xushlamagan, sulton ta’qibidan olislarda yurgan Ibn Sinoning pirovardida uning huzuriga kelishi, yigirma yil judolikdan so‘ng G‘aznada Beruniy bilan diydorlashuvi voqeasi hayotda bo‘lgan-bo‘lmagani ma’lum emas. Biroq yozuvchi fantaziyasining mahsuli bo‘lmish bu hodisalar badiiy haqiqatning go‘zal namunasi, noyob badiiy modeli darajasiga ko`tarilgan. Qarang, ulug‘ alloma, bir tomoni zo‘rlik, qolaversa, tabiblik burchi taqozosi bilan keksalik chog‘ida, xasta holida ne-ne mashaqqatlar bilan kecha-kunduz yo‘l yurib, aziz va mag`rur boshini egib ma’naviy raqibi-mustabid hukmdor huzuriga uni davolash uchun keladi. Ammo bu yerda uning nafsoniyati oyoqosti qilinadi. Saroyda allaqachon Ibn Sino niqobi ostida soxta, firibgar hakim paydo bo‘lgan va hiyla-nayranglar orqali hukmdor e‘tiborini qozongan. Sulton shu darajaga tushib qolganki, chin Ibn Sino bilan soxta hakimni bir-biridan farqlay olmaydi, firibgarni boshga ko‘tarib, chin hakim-u davronni tahqirlab saroydan haydaydi. “Ko‘hna dunyo”dagi bu sujet katta ramziy-umumlashma xususiyatga ega. Haqiqiy iste’dod sohiblari, chin zahmatkash daholar bu yoqda qolib, xor-u zor bo‘lib, soxta, firibgar “ijodkor”larning obro‘-e’tibor qozonishi hamma davrlarga, ayniqsa, mustabid hukmronlar siyosatiga xos tarixning ajib bir sirli jumbog‘idir. Roman ana shu sirli jumboq ustida iztirob bilan o`ylashga, bahsga undaydi sizni. Ro‘y bergan adolatsizlik ikki buyuk allomada ikki xil taassurot qoldiradi. Charxi kajraftorining xilma-xil o‘yinlarini, jabr-u sitamlarini ko‘p ko`rgan Ibn Sino bu telba dunyoning mudhish nayranglariga go‘yo beparvodek qaraydi. Beruniy esa g‘azab, afsus-nadomatlardan o‘zini qo‘yarga joy topiolmaydi. Bu xildagi ziddiyatli holat ham hodisaning dramasini yanada keskinlashtiradi, bahs ruhini kuchaytiradi. Ibn Sino bilan ustoz Beruniyning G‘aznadagi uchrashuvi, Beruniy xonadonidagi muloqotlar, ko`ngil rozlari, ilm-fan, tabiat, koinot va jamiyat haqidagi bahslar ifodasi romanning eng jozibali, huzurbaxsh sahifalarini tashkil etadi. Bir vaqtlar ustoz Beruniy bilan shogird Ibn Sino orasida jiddiy ilmiy tortishuvlar bo‘lgan, ustoz shogirdning ayrim qarashlarini keskin tanqid ostiga olgan, bunda ba`zan adolatsizliklarga ham yo`l qo`ygan... Mana endi o‘sha bahslarga yakun yasash, oydinlik kiritish, ko‘ngildagi g‘uborlarni ko‘tarish, umuman ikki alloma hayotida tutgan yo‘l, umr saboqlarini sarhisob etish, qarashlarni muvofiqlashtirish payti keladi. Shunisi muhimki, ikki alloma orasida qizg‘in munozaralar, tanlangan yo‘llarda, qarashlarda ayrim farqlar yuz bergan bo‘lishiga qaramay, ular aslida bir maslakdagi shaxs-siymolardir. Asarni o‘qiganda siz buni butun qalbingiz bilan his etib turasiz. Garchi G‘aznadagi uchrashuv yozuvchi ijodiy fantaziyasining samarasi bo‘lsa-da, tarixiy haqiqatga mosdir, chunki ikki buyuk alloma ilmiy-ijodiy merosining tarixiy taqdiri, ular orasidagi mushtarakliklar bu haqiqatni to‘la tasdiqlaydi. Beruniy taqdirining romandagi talqini ham g‘oyat ibratli. Bu olim hayoti nisbatan osoyishtaroq kechgan. U uzoq vaqt G‘aznaviylar saroyida muqim turib, ilm-fan bilan mashg‘ul bo‘lgan. Ilm-fan manfaatini deb shaxsiy mayliga zid o‘laroq, saltanat bilan murosaga borgan. Shunisi xarakterliki, adib nisbatan osoyishta kechgan bu alloma umrining ichki dramasi, fojiasini butun keskinligi bilan kitobxonga yetkazadi. Avvalo, ulug‘ maqsadni deb uzoq yillar shaxsiy maylga zid yo‘l tutib yashashning o‘zi ulkan fojia. Buyuk gumanist mustabid sultonning ko‘p adolatsizliklarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turadi, u shohning Hindiston yurishlarida qatnashgan, bu o`lkadagi mislsiz qirg‘in, zulmlarning bevosita shohidi bo‘lgan... Bularni eslaganda Beruniy adadsiz iztiroblar ichida qovriladi. Buning ustiga garchi Beruniy hukmdor bilan muayyan murosaga borgan bo‘lsa-da, baribir har qadamda saltanatdan jabr ko‘radi-uning eng oddiy so‘rovlari ham saroyda javobsiz qoladi, yaqin kishilarini himoya etolmay qiynaladi, firibgar soxta hakimning obro‘-e‘tibor topishi, hakim-u davron Ibn Sinoning tahqirlanishi bunday adolatsizliklarning guvohi bo‘lish Beruniy uchun cheksiz kulfat, alam-iztirobdir. Romanda saroy muhiti, saltanat ichidagi ziddiyatlar bilan barobar sulton Mahmud G‘aznaviy ruhiy dramasi ifodasi ham keng o‘rin olgan. Romanda tarixga sinfiy yondashish talabi ustuvor bo‘lgan, jahongir shoh-u sultonlar haqida ijobiy gap aytish man etilgan, jumladan, sulton Mahmud G‘aznaviyga salbiy munosabat avj pallaga ko‘tarilgan kezlarda dunyoga kelgani tufayli, bu obraz talqinida davr ruhi asoratlari ma’lum darajada o`z muhrini qoldirgan. Asar muallifi sulton Mahmud G‘aznaviyni ko`proq mustabid hukmdor sifatida ko‘rsatishga jazm etadi; sultonning ezgu ishlari, qurgan qasrlari, yaratgan go‘zallikda benazir bog‘lari, barpo qilgan machit va madrasalari, ilm-fan kishilariga qilgan saxovatlarini, janglardagi shijoati, mardligi, tantiligini ham e’tirof etgan holda, uning hayoti, yo‘l qo‘ygan xatolari, adolatsizliklari, gunohlari uchun umr so`ngida chekkan ruhiy qiynoqlari ifodasiga kengroq o`rin beriladi. Asarda G‘aznaviyni biz keskin ruhiy iztiroblar iskanjasida uchratamiz. Sulton umrining oxirgi damlari, u og‘ir, davosiz dardga mubtalo. Bir tomondan, dardiga davo istaydi, ikkinchi tomondan, o‘lim haq, foniy dunyodan ketish oldida umri davomida qilgan gunohlarini eslab eziladi, imkon qadar gunohlardan forig‘ bo`lishga intiladi, jabrdiydalar ko`nglini olmoq payiga tushadi. Biroq sultonning bu ezgu niyat yo‘lidagi xatti-harakatlari yangidan yangi ko‘ngilsizliklar, ruhiy iztiroblar keltiradi, eng yomoni, sulton o‘z qo‘li bilan yaratgan hokimlik tartiboti oldida o‘zi ojiz qoladi, u xayrli ishlar qilmoqchi bo‘lganida saroydagi, toj-taxt tevaragidagi muhit bunga imkon bermaydi. “Ko‘hna dunyo” milliy romanchiligimiz poetikasini muhim yangi xususiyatlar bilan boyitdi. Bu roman yuqorida aytilganidek, boshdan oyoq munozara-bahs ruhi bilan yo‘g‘rilgan. Avvalo, roman uchun tanlangan hayotiy material, badiiy sujet-vaziyatning o`zi jumboq xarakteriga ega, chin alloma Ibn Sino bu yoqda qolib soxta tabib, firibgarning obro‘-e‘tibor qozonishi, “taqdiri azalning bu ajib jumbog‘i” kitobxonni bahs-munozaraga chorlaydi, bu hodisa esa, o‘z navbatida, xilma-xil jumboqlarni keltirib chiqaraveradi, asardagi deyarli barcha personajlar xarakteri, qismati, ular bilan bog`liq epizodlar jumboq tusini oladi. Bu hol shunchaki hodisa va xarakterlarni qiziqarli, sirli-sehrli bo‘lishi uchungina xizmat etmaydi. Yozuvchi asarda ayni o‘sha jumboqlar sababini tahlil etish yo‘lidan boradi. Ular ustida jiddiy va qizg‘in bahs yuritadi, natijada o‘sha sirli hodisalarning, xarakterlarning asl ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy mohiyati ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. “Ko‘hna dunyo”dagi hodisa va qahramonlarga xilma-xil tomondan yondashish xarakterli. Asarda qalamga olingan hodisa va xarakterlar jumboqli bo‘lish bilan barobar ziddiyatlidir. Bu ziddiyatlarning ko‘rinish turlari ham rang-barang. Bu hol romandagi bahslar olamini g‘oyat kengaytiradi. Roman personajlari hayotidagi mavqeyi, maslak-e’tiqodiga ko‘ra ikki guruhga ajraladilar. Bir tomonda hukmdorlar, saltanatga xizmat etuvchi, o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan xudbin, yovuz, munofiq, firibgarlar, ular har bob bilan ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotga to‘sqinlik qiladilar, haqiqatni oyoqosti etadilar, mehnatkash xalq vakillariga zug‘um, zulm o‘tkazadilar. Ayni paytda o‘sha “maslakdoshlar” - sulton Mahmud, amir Ma’sud, Xatlibegim, Abdul Hasanak, Ali G‘arib, Piri Bukriy, Ibn Shahvoniylar orasida murosasiz ziddiyat, olishuv, to‘qnashuvlar ketadi... Ikkinchi tomonda ijtimoiy taraqqiyot yo`lida turgan, saltanatdan jafo ko`rgan kishilarning saltanatga cheksiz nafrati, isyoni va unga qarshi goh pinhona, goh oshkora kurashi... Shu bilan birga muallif mana shu maslakdoshlar qarashlaridagi muayyan tafovutlarga ham e’tiborni tortadi. Chunonchi, ulug‘ alloma Ibn Sino bilan Beruniy oralarida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tadi, el-yurt, adolat g‘amida yurgan Ibn Sino adolat uchun kurashga otlangan Imom Ismoil maslagini qabul qila olmaydi. Yozuvchining mahorati, ayniqsa personajlarning ruhiy olami, qalb bahsini bera olishda yorqin ko‘rinadi. Asarlardagi deyarli har bir personaj qalbida keskin drama kechadi, ularning har biri o`zi bilan o‘zi olishadi. Har bir qalbning dramasi, bahsi o`ziga xos, ifoda tarzi betakror. Sulton Mahmudni biz vasvasa-yu tahlika, pushaymonlar iskanjasida ko‘rsak, Piri Bukriyni hasad, alam-o‘kinchlar olovida yonayotgan holatlarda uchratamiz; amir Ma’sud, Xatlibegim, Ibn Hasanak, Ali G‘ariblarning ham alam-iztiroblaridan, hattoki goho firibgar Ibn Shahvoniyning tavba-tazarrusidan ogoh bo‘lamiz; Malikul Sharob, Nargizabonu, Bobo Xurmolarning qalb faryodi o‘quvchini larzaga soladi, ulug‘ allomalar - Ibn Sino bilan Beruniylarning dil rozlari, alamli o‘ylari, qalb tug‘yoni, isyoni romandagi tasvirning eng shiddatli, baland pardalarini tashkil etadi. “Ko‘hna dunyo”da ham biz personajlarni birinchi galda qalb bahsi, nidosi, tug‘yoni orqali to‘laroq bilib olamiz. Personajlarning qalb bahsi, nidosi, ayni paytda ularning hayot falsafasi, haqiqati, konsepsiyasi hamdir. Personajlar qalb dramasi orqali o`zlariga va hayotga baho beradilar. Shu tariqa romandagi har bir yetakchi personaj mustaqil, muayyan shaklga tushgan konseptual ohangdir; bu ovozlar esa rang-barangdir. To‘g‘ri, muallif ayrim personajlar, masalan, Ibn Shahvoniy, Piri Bukriylarning tashqi qiyofasi, xatti-harakatlarini ham batafsil ta’rif-tavsif etadi, xarakterlar orasidagi to‘qnashuvlarni ham ancha keng yoritadi, lekin baribir romanda qahramonlarning qalb bahsi, dramasi nidosi-ohangi orqali namoyon etish yetakchilik qiladi. Romanda personajlar ovozidan boshqa hikoyachi shaxs sadolari ham mavjud. Asar voqealari, asosi, ikki shaxs-muallif va al-Juzjoniy tilidan hikoya qilinadi. Ibn Sino bilan bog`liq voqealar ko‘proq Juzjoniy xotiralari tarzida, qolgan voqealar muallif nigohi orqali beriladi. Bu ikki hikoyachi shaxsning ifoda usuli, ohangi bir-biridan farqlanadi; Juzjoniy bayonida xolis-obyektivlik hukmronlik qilsa, muallif ifodasida voqealarga faol munosabat, dadil aralashish ustun. Go‘yo personajlar qalbida, ruhiyatida boshlangan bahs-munozara muallif qalbida davom etadi, aniqrog‘i muallif pesronajlar qalbida kechgan bahslar bilan bahsga kirishadi, ularga o‘z munosabatini tayin etadi, natijada mavjud bahslar dramasi yanada qizg‘inroq, shiddatliroq tus oladi. Xulosa qilib ayganda, Odil Yoqubov “Ko‘hna dunyo” romanida tarixiy haqiqatni, tarixiy shaxslar taqdirini, davr dramasi, davrning ko‘pqirrali ziddiyatlarini, o‘tmish saboqlarini yangicha, ta’sirchan ochishga, badiiy inkishof etishga muvofiq bo‘lgan.7