MA’RUZA. Loyihaviy o`qitish texnologiyalari Loyihaviy o`qitish texnologiyalari to‘g‘risida keyingi yillarda ko‘plab o‘quv-uslubiy adabiyotlar chop etilmoqda, Loyihaviy o`qitish texnologiyalari deganda ko‘pchilik hollarda har qanday ijodiy va aniq amaliy faoliyat tushuniladi. Ushbu uslub talabalarda mustaqillik, javobgarlik hislarini shakllantiradi, o‘z hamkori bilan o‘zaro hurmat va teng huquqli muomula madaniyatiga o‘rgatadi. Amalda loyihaviy o`qitish texnologiyalaridan V. Kilpatrakning «Loyihalar uslubi» maqolasi (1918y) chop etilmasdan avval qo‘llanila boshlangan. Ayniqsa bu uslub amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan fanlarda eng samarali uslub sifatida keng qo‘llanilgan. AQSHda konstruktivizm g‘oyasi, o‘qishga muammoli yondoshuv va tadqiqot uslublari amalga oshiriladigan o‘quv yurtlarida mustahkam o‘rin egalladi. Rossiyada loyihaviy o`qitish texnologiyalari 1905 yillardan ma’lum bo‘lgan. Pedagog S.T. SHatsko rahbarligidagi kichik guruh ushbu uslubni targ‘ib qilishgan. Bu uslub N.K. Krupskaya tomonidan ham maktablarda keng qo‘llanilgan. Loyihaviy o`qitish texnologiyalari tarixan ancha oldin o‘quv jarayonida qo‘llanilgan bo‘lsada, uning tub mohiyati, mazmuni, qo‘llanish bo‘yicha pedagogik texnologiyalari to‘liq ochib berilmagan.
Amaliyotda ijodiy ish, qisman amaliy faoliyat va loyiha o‘rtasida farq deyarli asoslanmagan. Albatta, ijodiy ish yoki loyihaga bir xil mazmunda qarash, loyihaviy o`qitish texnologiyalaridan amalda keng foydalanish imkonini bermaydi, aksincha uning samaradorligini pasaytiradi. SHu sababli, loyihalar uslubini mazmun va mohiyatini, qo‘llanish sohalarini va ushbu uslubni amalda qo‘llash bo‘yicha tajribalarni tahlil qilib chiqish talab etiladi. Loyihaviy o`qitish texnologiyalarini tahlil qilishdan oldin, Kolumbiya universiteti o‘qituvchilar kolleji professori V.Kilpatrikning 1918 yilda nashr etgan maqolasi mazmuniga e’tibor qaratamiz (maqola mazmunan tarjima qilindi):
«Loyiha» so‘zi ta’lim jarayoniga eng kech kirib kelgan atamalardan biri hisoblanadi. Ushbu atamani ta’lim sohasiga kiritish mumkinmi? Bu masalani muhokama qilishdan oldin quyidagi ikki savolga javob berishni lozim deb hisoblayman: Birinchidan, ushbu noaniq atamada o‘rnatilgan pedagogik dunyoqarash shaklini o‘zgartirish tushunchasi mavjudmi? Ikkinchidan, kafolat bera olamizmi, haqiqatdan ham «loyiha» atamasi pedagogik texnologiyada biz undan talab etayotgan natijani berishini? Balki «asosiy g‘oya (purposeful akt)» atamasi bu mazmunga to‘liqroq javob berar? Mening asosiy fikrim shundan iboratki, bu atama faoliyatning asosiy omili sifatida «chin ko‘ngildan» (wholehearted vigorous activity) bajarmoq ma’nosini berishi zarur. SHu sababli, bunday faoliyat o‘zlikni bilish qonuniyatlariga mos kelishi va etik xulq-atvor me’yorlariga javob berishi lozim. Men amal qiladigan asosiy prinsip, «o‘qitish, bu - hayot!» Bu fikrni aytish oson, lekin amalda tadbiq etish juda murakkab. Agar biz istagan uslub spetsifik uslubga mos va u bilan bir xillilik kasb etsa, bunday uslubga tipik namuna sifatida aniq hayotiy misol qilib, masalan hayotiy tajriba, albatta mos holda o‘qitishni keltirish mumkin emasmi? Aynan ana shunday harakatni men «loyiha» atamasiga kiritaman. Keling, «loyiha» yoki «asosiy g‘oya (purposeful akt)» atamasiga aniq hayotiy misol keltiraylik: Masalan qiz bola kiyim tikmoqda. Agar u o‘z ishini oldindan rejalashtirib, o‘z ishidan qoniqish hosil qilib, ilhom bilan o‘zi tiksa, bu «loyiha»ga tipik misol bo‘la oladi.
Professor V.Kilpatrikning ushbu maqolasi mazmuni loyihalar uslubining asosiy mohiyatini ochib beradi.
Hozirgi kunda loyihaviy o`qitish texnologiyalari ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida innovatsion pedagogik texnologiya va o‘qitish uslubi sifatida, ayniqsa nazariy tadqiqotlar olib boruvchi pedagoglar o‘rtasida keng rivojlanmoqda. Lekin loyihaviy o`qitish texnologiyalarining mazmuni, uning o‘quv jarayonida tutgan o‘rni va foydalanish samarasi, turli darajadagi o‘quv yurtlarida foydalanish imkoniyati to‘g‘risida turli xil bahs-munozaralar mavjud. SHuningdek, ushbu uslubni kelib chiqish tarixi va asoschisi to‘g‘risida ham turli xil qarashlar yuzaga kelgan. Masalan, E.S.Bolat va N.YU.Paxomovalar loyihaviy o`qitish texnologiyalarining asoschisi deb taniqli amerikalik filosof va pedagog Djon D’yu (1859-1952yy.) deb ta’kidlashadi. B.M. Nazarenko bu loyihaning kelib chiqish tarixini V.Kilpatrik, amerikalik pedagoglar Dj. Kneller, K.Gould, va S.Xoll esa pedagog R.Stimson nomi bilan bog‘laydi.
E.S.Bolat loyihaviy o`qitish texnologiyalarining kelib chiqish va rivojlanish tarixini quyidagi besh bosqichga bo‘ladi:
1. 1590-1765 yillar. Evropaning arxitektura maktab (ustaxona) larida loyihalash faoliyatining boshlanishi;
2. 1765-1880 yillar. Tizimli pedagogik faoliyatda loyihadan o‘qitish uslubi sifatida foydalanish va amerika kontingentida rivojlanishi;
3. 1880-1915 yillar. Loyihaviy o`qitish texnologiyalaridan ishlab chiqarish o‘quvida va umumta’lim maktablarida foydalanish davri;
4. 1915-1965 yillar. Loyihaviy o`qitish texnologiyalarini qaytadan ko‘rib chiqilib Evropa ta’lim tizimida qo‘llanilishi;
5. 1965 yildan hozirgi vaqtga qadar loyihalar uslubi bo‘yicha yangi ixtirolar va ushbu uslubni xalqaro ta’lim tizimida tarqalishining uchinchi davri.
Hozirgi davrda loyihaviy o`qitish texnologiyalariga murojaat qilinishining sababi, u innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda muammolarni rivojlanish davri bo‘yicha tahlil qilishga imkon beradi. Ta’kidlash joizki, XX asr boshlariga qadar ushbu uslub asosan maktablarda ishlab chiqarish nuqtai nazaridan, ya’ni ishlab chiqarishga oid bilimlarni olishda qo‘llanilgan.