Chiziqcha bilan yozish
51. Juft sо‘z va takror sо‘z qismlari chiziqcha bilan yoziladi: el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-tо‘rt, о‘n-о‘n beshta (10-15 ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, о‘ylab-netib, sо‘ramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, yop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-bitta (bitta-bittalab), baland-baland, chopa-chopa, ishlay-ishlay, yaqin-yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.
Eslatma:
1) juft sо‘zdan qо‘shimcha yordamida yasalgan sо‘zlar ham chiziqcha bilan yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xо‘shlashmoq kabi;
2) juft sо‘z qismlari orasida -u (-yu) bog‘lovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha qо‘yiladi va juft sо‘z qismlari ajratib yoziladi: dо‘st-u dushman (dо‘st-dushman), kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi;
3) yetakchi va kо‘makchi fe’l bir xil shaklda bо‘lsa, chiziqcha bilan yoziladi: yozdi-oldi, borasan-qо‘yasan, uxlabman-qolibman kabi.
52. Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi, tо‘ppa-tо‘g‘ri, bab-barobar kabi sо‘z shakllari chiziqcha bilan yoziladi (lekin oppoq sо‘zi qо‘shib yoziladi).
53. Sо‘zning -ma, ba- qо‘shimchalari yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: kо‘chama-kо‘cha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday sо‘zlar qо‘shib yoziladi: rо‘barо‘, darbadar kabi.
54. Rus tilidan aynan yoki sо‘zma-sо‘z tarjima qilish yо‘li bilan olingan sо‘zlar asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.
55. -chi, -a (-ya) , -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-yey) yuklamalari chiziqcha bilan yoziladi: sen-chi, boraylik-chi, sen-a, kutaman-a, bola-ya, mingta-ya, keldi-ku, kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qо‘y-e, yashang-e, о‘g‘lim-ey, keldi-yey kabi. Ammo -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina, -qina) yuklamalari о‘zidan oldin kelgan sо‘zga qо‘shib yoziladi: keliboq, о‘ziyoq, kо‘rganov, kо‘rdiyov, mengina, qо‘shiqqina kabi.
Dostları ilə paylaş: |