1.2. Temperament tiplarining tasnifi Temperament, psixologik jihatdan olganda, kishidagi hissiyotning qo’zg’alishlarida va kishidagi umumiy harakatchanlikda ko’rinadigan individual xususiyatdir. Har qaysi kishidagi hissiyotning qo’zg’alish tezligi, kuchi va barqarorligi har hil bo’ladi. Bir hil odamlarning hissiyoti tez, kuchli qo’zg’aladi va barqaror bo’ladi. Ba’zi kishilarda esa bunday qo’zg’alish sust, zaif bo’lib, uzoqqa bormaydi. Temperamentning bunday xususiyatlari kishidagi hissiyotning qo’zg’alishlari bilan birga, organizmning atrofdagi muhit ta’siriga javoban ko’rsatadigan ixtiyorsiz reaksiyalarida ayniqsa yaqqol ko’rinadi. Bu xususiyatlar tashqi tomondan kishining mimikalarida, pantomimikalarida, har hil beixtiyor ish-harakat va imo-ishoralarida ko’rinib turadi. Kishi hissiyotining bunday qo’zg’aluvchanlik xususiyatlari diqqatning kuchi va barqarorligida, iroda sifatlarida, aqliy jarayonlar, jumladan, nutq tezligida aks etadi. Mana shunday ixtiyorsiz faollikning qanday yuz berishiga qarab, bir hil odamlarni «tez», «betoqat», «serg’ayrat», «jo’shqin» deymiz. Ba’zilarini esa «sustkash», «lapashang» va hokazolar deb yuritamiz. Bu hildagi individual xususiyatlardan kishining temperamenti (mijozi) tarkib topadi. Ayrim temperamentlarning alomatlari kishining bolalik chog’larida yaqqol namoyon bo’ladi.
Har bir kishining o’z temperamenti bo’ladi. Lekin har qaysi odamning temperamentlarida mana shunday individual tafovutlar bo’lishi bilan birga, bu temperamentlarning umumiy, o’xshash belgi va alomatlari ham bo’ladi. Hamma hilma-hil temperamentlarni mana shunday umumiy belgilariga qarab ajratish, ya’ni klassifikasiya qilish mumkin. Barcha temperamentlarni qadimdan to’rt tipga:
xolerik;
sangvinik;
melanxolik;
flegmatik.
Xolerik temperament – hissiyotning tez va kuchli qo’zg’aluvchanligi, barqaror bo’lishi bilan farq qiladi. Xolerik temperamentli kishilarning hissiyotlari ularning imo-ishoralarida, mimikalarida, harakatlari va nutqlarida yaqqol ko’rinib turadi. Xoleriklar qizg’inlik va tajanglikka moyil bo’ladilar. Bunday temperamentli kishilar chaqqon, umuman harakatchan, serg’ayrat va har doim urinuvchan bo’ladilar. Bu hil temperamentli bolalar serg’ayrat bo’ladilar. Ular bir ishga tez kirishadigan va boshlagan ishini oxiriga yetkazadigan bo’ladilar. Ular ko’pchilik bilan jamoa o’yinlar o’tkazishni sevadilar va bunday o’yinlarni ko’pincha o’zlari boshlab, oxirigacha aktiv qatnashadilar. Xolerik temperamentli bolalar arazchan, serjahl va tajang bo’ladilar. Bir narsadan xafa bo’lsalar, bu xafalik ularda uzoq saqlanadi. Ulardagi kayfiyat ancha barqaror va davomli bo’lad.