Yer tuzish - bu yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilarni tashkil etish va tartibga solishni,
fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalari va tashkilotlari hududlarini tashkil etishni,
ma’muriy bo‘linmalar va muhofazalanadigan hududlar chegaralarini belgilashni o‘z ichiga
oladigan, yerlardan oqilona foydalanishni va muhofaza qilishni tashkil etish bo‘yicha tadbirlar,
iqtisodiy, injenerlik va huquqiy xarakatlar tizimidir.
Yer tuzish ko‘p asrlik tarixga ega. Uning rivojlanish jarayonida hozirgacha o‘z ahamiyatini
yo‘qotmagan katta va har tomonlama amaliy tajriba to‘plangan. U hamma vaqt ham davlatning agrar
siyosatini amalga oshirish vositasi bo‘lib keldi va har bir tarixiy bosqichda yechiladigan vazifalar
bilan chambarchas bog‘langan. Hozirgi sharoitda yer tuzish yordamida yerdan oqilona foydalanish
va uni muhofaza qilish, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish, ASM ishlab
chiqarish infratizimini optimal joylashtirish, ekologik muhitni yaxshilash va boshqa ko‘plab
masalalar yechiladi. Hattoki, krizis (tanglik) davrlarida, davlat qishloq xo‘jaligining tushkinligiga,
yerlardan nooqilona foydalanishga olib keladigan samarasiz iqtisodiy va ijtimoiy siyosat olib
borganda ham, yer tuzish qandaydir darajada bu jarayonlarga to‘sqinlik qildi. Yer tuzuvchilar
hamma vaqt o‘z imkoniyatlari darajasida yerlarning talon-taroj qilinishiga va buzilishiga yo‘l
qo‘ymaslikka harakat qilishdi.
Yer tuzishning mazmuni va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»da ko‘rsatilgan.
Yer tuzishga kiritilgan asosiy ishlar jumlasiga quyidagilar qiradi: yer resurslaridan foydalanish va uni
muhofaza qilish chizmalarini va yer tuzish chizmalarini ishlash; yer egaliklari va yerdan
foydalanishlarni tashkil etish va tartibga solish loyihalarini tuzish, uchastkalarni joylarda ajratish,
yerga egalik qilish va foydalanish huquqini beradigan hujjatlarni tayyorlash, xo‘jaliklarda ichki yer
tuzish loyihalarini, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha boshqa loyihalarni
tuzish; tabiatni muhofaza qilish, rekreatsion maqsadlardagi va qo‘riqxona hududlarining
chegaralarini belgilash; aholi yashash joylari chegaralarini belgilash va o‘zgartirish; izlanish va
qidirish ishlari. Yer tuzish xizmatlari ayrim uchastkalarda, qishloq xo‘jalik korxonalarida va fermer
xo‘jaliklarida, ma’muriy tumanlarda va yirik mintaqalarda, butun mamlakatimizda yerdan
foydalanishni tashkil etadi. Ularning faoliyati O‘zbekistonning «Yer kodeksi» va boshqa me’yoriy
hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Yer tuzish amaliyoti aniq nazariy asosga suyanadi. «Yer tuzishning ilmiy asoslari» fanining
asoschisi, akademik S.A.Udachin (1903 - 1974) hisoblanadi. Bu fan yer tuzishning uslubiy asoslarini
va umumiy nazariyasini, rivojlanish qonuniyatlarini, ob’ektini, mazmunini, turlarini, tamoyillarini,
tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillarini, yer tuzish tizimini o‘rganadi. Respublikamizda bu fanni
asoslarini professor S.Avezbaev yaratdi. Professor S.Avezbaev tabiri bilan aytadigan bo‘lsak
5
”Yerdan foydalanishni tashkil qilish va bu jarayonni doimiy ravishda takomillashtirib borish qiyin
masala bo‘lib, u yerni xalq xo‘jaligi tarmoqlari orasida taqsimlash, unumdor yerlarni imkoni boricha
qishloq xo‘jaligi uchun ajratish va undan to‘la foydalanish. Haydalma va sug‘oriladigan yerlar
maydonlarini kengaytirish, yerlarning hosildorligini doimiy ravishda oshirib borish, tuproq
eroziyasiga va boshqa unumdorligini pasaytiruvchi omillarga kurashishni o‘z ichiga oladi”
Bu darslik 9 bobdan iborat. I - III boblarda yer tuzishning mazmuni va vazifalari,rivojlanish
qonuniyatlari, yer tuzish konsepsiyasi yoritilgan, IV bobda yer tuzishning turlari va tamoyillar, V-VI
boblarda - yer tuzish jarayonida hisobga olinadigan tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar. Keyingi
uchta bob yer tuzishning umumiy nazariyasiga bag‘ishlangan. VII bobda O‘zbekistondagi yer tuzish
tizimi yoritilgan. VIII bobda Xorijiy davlatlarda yer tuzish, Oxirgi XI bobda esa yer tuzish fani va
uning asosiy rivojlanish bosqichlariga bag‘ishlangan.
O‘quv qo‘llanmani yozishda ko‘plab adabiyotlardan va boshqa manbaalardan - yer tuzish va
chegaradosh bilimlar bo‘yicha monografiyalar va maqolalar, yer tuzish fanlari bo‘yicha darsliklar va
o‘quv qo‘llanmalari, me’yoriy hujjatlar, ma’lumotnomalar, rasmiy qoidalar, ko‘rsatmalar va davlat
standartlari, statistika ma’lumotlari va sh.o‘. foydalanildi. Ularning bir qismi matnda ko‘rsatilgan
manbaalar tarzida va adabiyotlar ro‘yxatida keltirilgan.
|