O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti


Izoh: Ushbu usullardan ma’ruza, amaliy va seminar mashg‘ulot



Yüklə 1,4 Mb.
səhifə17/106
tarix27.09.2023
ölçüsü1,4 Mb.
#149763
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   106
Izoh: Ushbu usullardan ma’ruza, amaliy va seminar mashg‘ulot-larida foydalanish o‘rni belgilanib, konspektlar oldindan tayyorlanadi.


O‘QUV MATERIALLARI


TAYANCH MA’RUZA MATNLARI1

Birinchi ma’ruza
KIRISH. “O‘ZBEK TILSHUNOSLIGINING DOLZARB MUAMMOLARI” FANI VA UNING MAQSADI HAMDA VAZIFASI. O‘ZBEK TILSHUNOSLIGI ILK DAVRLARIDAGI DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMI.


Reja:
1. “O‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari” fanining maqsad-vazifalari.
2. Adabiy til talqini zaruriyati va uning an’ana tusiga kirishi.
3. Lisoniy strukturani aniqlash – ijtimoiy zarurat.
4. Tildan amaliy foydalanish samaradorligi – davr talabi.
5. XX asr va mustaqillik davri o‘zbek tilshunosligi taraqqiyoti.
O‘zbek tilshunosligi tom ma’nodagi fan sifatida XX asrning 20-30- yillarida shakllana boshladi. O‘z oldiga davr talablaridan kelib chiqib, muayyan maqsadlarni qo‘ygan o‘zbek tilshunosligi 50-60 yil mobaynida o‘zbek adabiy tili me’yorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ulkan zarurat asosida ish ko‘rdi.
Adabiy til – milliy yaxlitlikka erishishning, milliy yaxlitlik esa milliy taraqqiyotning bosh omili. Unga erishish zarurati natijasi o‘laroq vujudga kelgan o‘zbek an’anaviy (formal) tilshunosligi vakillari o‘zbek tili qurilishini tavsiflash umumiy vazifasi ostida birlashishdi. XX asr o‘zbek tilshunosligining shakllanishida Abdurauf Fitrat, E.D.Polivanov, G‘ozi Olim YUnusov, Qayum Ramazon, Faxri Kamolov, Ulug‘ Tursunov, Ayyub G‘ulomov va ular izdoshlarining xizmat katta. Bu davrda o‘zbek tilining ichki qurilishi zamonaviy tilshunoslik yutuqlari asosida o‘rganildi va o‘zbek tilshunosligi jahon zamonaviy tilshunosligining bir bo‘lagi sifatida shakllandi. Tilshunoslikning bugungi mavjud barcha bo‘limlari bo‘yicha ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishi vujudga keldi. Ular asosida imlo va talaffuz qoidalari yaratilib, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy maktab uchun bu tildan me’yoriy darslik, qo‘llanma va ilmiy grammatikalar yaratildi. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursining mutaxassislar tayyorlashda fundamental predmet sifatida o‘qitilishi mazkur ijtimoiy zarurat asosida kechdi. Natijada ta’lim, matbuot, radio, televidenie, rasmiy ish yuritish, kitobatchilik ishlarida o‘zbek adabiy tilining ustuvorligiga erishildi. Adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va ommalashtirishdan iborat ijtimoiy buyurtmani olgan o‘zbek an’anaviy tilshunosligi o‘zbek adabiy tilining imlo qoidalari, imlo lug‘ati, talaffuz me’yorlari, o‘zbek adabiy tilining akademik grammatikalari, shuningdek, o‘zbek tilining 2 tomli izohli lug‘ati nashr etilishi bilan o‘tgan asrning 80-yillarida o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Bu holat etakchi o‘zbek tilshunoslari tomonidan e’tirof etildi.
Ammo o‘tgan asr ibtidosidagi zarurat an’ana tusiga kirib, uzoq muddat saqlanib qoldi va u, hatto, hozir ham ma’lum darajada o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Tilshunoslik bo‘yicha aksariyat tadqiqotlarning umrini o‘tab bo‘lgan talab va mezonlar asosida bajarilishi, tadqiqot xulosalarining bugungi zaruriy samaradan xoliligi, “til o‘zida”, “til til uchun” tamoyillarining ustuvorligi, yangi (an’anaviy talqinlarga zid) qarashlar va nuqtai nazarlarning ayovsiz tanqid qilinishi va ko‘r-ko‘rona inkor etilishi, “an’anaviy tilshunoslik”ni mumtoz tilshunoslik sifatida qarash va ulug‘lash, uning yutuqlarini mutlaqlashtirish, hatto ayrimlar tomonidan uni ta’limning barcha bosqichlarida tiklash va ommalashtirishga intilish, an’anaviy ilmiy bilimlarni tadqiqotchilarning professional saviyasini sinash mezoniga aylantirish holatlari, mazkur ta’limot darg‘alari qarashlariga hurmat-e’tiborning sakral tus olishi, shu bilan birga, fanda obro‘li va mansabdor shaxslar fikrining mutlaqlashtirilishi kabilarning saqlanib qolishi umumiy ilmiy lingvistik tafakkurning an’anaviylik xususiyatining darajasini ko‘rsatadi.
XX asrning 70-yillariga kelib o‘zbek tilshunosligining empirik (amaliy, faktografik) bosqichi tugallangan, o‘z zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy zarurat – adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va omma ongiga singdirishdan iborat ulkan vazifa ado etilgan edi. To‘plangan boy daliliy ashyoni dialektik metodologiya asosida o‘rganishga kuchli zamin tayyorlangan bo‘lib, tilshunoslikning o‘zi esa turg‘unlik, an’anaparastlik holatini boshdan kechirmoqda edi. SHu boisdan butun sobiq sho‘ro davlati hududida olib borilayotgan oshkoralik va qayta qurish siyosati o‘zbek tilshunosligi fanini ham chetlab o‘tmadi. Fanning yangi avlodlari olimlar qayta qurish sharoitida o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari, mutaxassislar e’tiborini kutayotgan tarixiy zarurat bo‘yicha respublika va ittifoq matbuotida chiqish qildilar.
Ko‘tarilgan masalalarni mohiyatan ikkiga bo‘lish mumkin:
1) o‘zbek tilshunosligi oldiga 30-40-yillarda qo‘yilgan va 40-50-yillarda amalga oshirgan vazifasi – o‘zbek tili turli sath birliklarining zamonaviy tahlil usullarida berilgan mukammal tavsifi, belgilangan adabiy til me’yorlari, ta’limning turli bosqichi uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanmalari, darslik hamda lug‘atlar asosida to‘laqonli nazariy tushunchalar hosil qilish, xususiyliklarda umumiylikni, hodisalarda mohiyatni, oqibatlarda sababni, voqeliklarda imkoniyatni ochish darajasiga ko‘tarilish;
2) uzoq yillar davomida o‘zbek tili ittifoqdagi turkiy, qolaversa, boshqa tillar kabi rus va Evropa tillari qoliplari asosida o‘rganib kelinganligi sababli uni o‘z ichki substansial tabiatidan kelib chiqqan holda alohida milliy yaxlitlik sifatida tadqiq qilish.
Bu vazifalar tildan amaliy foydalanish, uning ijtimoiy funksiyasi samaradorligini oshirish, milliy-madaniy kodlarini aniqlash, tilni algoritmlash, modellashtirish, axborot texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan umumiy lisoniy imkoniyatlarini ochishdek tarixiy zarurat, ijtimoiy buyurtma talablari natijasi edi. Ularni ado etish “imkoniyatlar tilshunosligi” degan nomga sazovor bo‘lgan, o‘zbek an’anaviy tilshunosligining vorisi – o‘zbek substansial tilshunosligi zimmasiga yuklatildi. Bu tilshunoslik o‘zbek tilining lisoniy va nutqiy strukturalarini farqlash, lisoniy struktura va lisoniy birliklarni, ularning imkoniyatlarini aniqlash borasida izchil tadqiqotlar olib borib, tilning fonetik, leksik, morfologik, sintaktik lisoniy strukturalarini va birliklarini dialektik tadqiq metodologiyasi asosida tekshirdi. Tekshirish natijalari dissertatsiya va monografiyalar sifatida shakllantirildi. Ta’limda hozirgi o‘zbek adabiy tili (nutqning bir turi) ni o‘qitishdan hozirgi o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘qitishga o‘tildi. Oliy ta’limda amalda bo‘lgan, nomi tilni emas, balki uning bir ko‘rinishi bo‘lgan adabiy nutqni anglatadigan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursi mohiyatan tilning lisoniy strukturasi tavsifini o‘z ichiga olgan “Hozirgi o‘zbek tili” tabiatiga ega bo‘ldi (darvoqe, bu kurs tegishli o‘quv hujjatlarida hanuz davr talablariga muvofiq bo‘lmagan eski nomi bilan yuritilayotgani, afsuski, an’anaviylikning ko‘rinishidir). Hatto o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘rganish jarayonida ochilgan substansial qonuniyatlar (masalan, lisoniy darajalanish) bugungi kunda g‘arb tilshunosligining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan korpus tahlil tadqiqotlarida keng qo‘llanilayotganligini (Germaniya) iftixor ila qayd etish lozim.
Ko‘rinadiki, o‘zbek substansial tilshunosligi vakillari ham davr talablari asosidagi ijtimoiy zaruratni teran anglab, undan kelib chiqadigan vazifalarni ado etishdi. E’tiborga molik tomoni shundaki, bugungi kunda bu yo‘nalishda tafakkur an’anaviyligiga xos belgilar ko‘zga tashlanmaydi. Bu quyidagilar bilan izohlanadi:
Birinchidan, o‘zbek substansial tilshunosligi istiqlol tilshunosligi bo‘lib, u mustaqillik davrida shakllandi va rivojlandi. O‘z maqsad va vazifalarini, tadqiq metodologiyasi va metodikasini mustaqil tanlash, o‘rganish ob’ektiga avtoritar ko‘rsatmalarsiz, erkin yondashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ikkinchidan, o‘zbek substansial tilshunosligi an’anaviy va konservativ tafakkurni shakllantirishga xizmat qiluvchi metodologiya bo‘lgan kommunistik dogmalardan xoli rivojlanganligi bilan xarakterlanadi.
Uchinchidan, bu yo‘nalish namoyandalari o‘rganish ob’ekti bilan bog‘liq navbatdagi tarixiy zaruratni anglash va unga doir vazifalarni belgilash bilangina o‘zbek substansial tilshunosligini rivojlantirish mumkinligini, aks holda u ham konservativlashib, mutlaqlashib, an’anaviy-lik chohiga tushib qolishini teran his etadilar.
Davr o‘zbek tilshunosligidan aniqlangan lisoniy umumiyliklarning nutqiy voqelanishini tekshirishga, undan amaliy foydalanish samara-dorligini oshirish, qo‘llanish doirasini kengaytirish muammolari bilan shug‘ullanishga jiddiy kirishishni talab qilmoqda. Bu yangi asr tilshunos-ligi zimmasiga yuklatilayotgan ijtimoiy buyurtmadir. Prezidentimiz Islom Karimov “YUksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarida alohida ta’kidlaganlaridek, “ayniqsa, fundamental fanlar, zamonaviy kommuni-katsiya va axborot texnologiyalari, bank-moliya tizimi kabi o‘ta muhim sohalarda ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, etimologik va qiyosiy lug‘atlar chop etish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish, bir so‘z bilan aytganda, o‘zbek tilini ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish milliy o‘zlikni, Vatan tuyg‘usini anglashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.”2 Bu esa lisoniy imkoniyatlarning amaliy voqelanishi, undan samarali foydalanish masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek amaliy tilshunosligining sotsiolingvistika, etnolingvistika, psixolingvistika, pragmalingvistika, lingvokognitologiya, lingvokulturologiya, neyrolingvistika, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi zamonaviy fan yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish asosida amalga oshiriladi. SHuningdek, XXI asr axborot texnologiyalari va globallashuv asri ekan, o‘zbek tilining global til korpuslariga qo‘shiluvini ta’minlash ham tarixiy zarurat sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Har bir jamiyat fan oldiga o‘ziga xos va muayyan talablarni qo‘yadi. Bu jamiyatning taraqqiyot darajasi, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan ustuvor sohalarda etilgan va echimini kutayotgan muammolar asosida vujudga keladi. Fanning har bir sohasi esa bu muammolar tizimida o‘ziga tegishli masalalarni, undan kelib chiqadigan maqsad va vazifalarini aniqlab, mavjud ilmiy-texnologik salohiyatni unga yo‘naltiradi, muammoning echimiga olib keladigan samarador va qulay metodologik asoslarni hamda tadqiq usullarini tanlaydi.
Tarix silsilasida o‘ziga xos o‘rin va ahamiyatga ega bo‘lgan o‘zbek tilshunosligi fani ham turli davrda har xil muammolar bilan shug‘ullanib, tarixiy taraqqiyotga o‘zining munosib hissasini qo‘shib keldi. Qimmatli ilmiy tadqiqotlari bilan har bir davrning ijtimoiy ehtiyojlari qondirilishida faol qatnashdi.

Yüklə 1,4 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   106




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin