О`збекистон республикаси олий ва о`рта махсус-hozir.org
IRODAVIY HARAKATLAR VA UNI BOSHQARISH. SHAXSNING IRODAVIY SIFATLARI. Iroda-avvalo kishining o‘zini qo‘lga ola bilishi, o‘z intilishlari, hissiyotlari va ehtiroslarini bosa bilishi demakdir. Iroda kishining o‘z- o‘zini idora qila olishi, o‘z xulqi va faoliyatini anglab, bilib tartibga solish va boshqara olish qobiliyati demakdir.
Kishining ichki to‘siqlarni еnga olish, o‘zini boshqarish va o‘z ustidan hukmronlik qila olish qobiliyati odatda ichki iroda deb yuritiladi. Kishi irodaviy zo‘r berish yo‘li bilan tevarak-atrofdagi voqelikda uchraydigan tashqi to‘siqlarni еngishi zarur bo‘ladi. Kishi o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadni amalga oshirishga qarshilik qilayotgan to‘sqinliklarni еngib o‘tadi, voqelikni o‘z maqsadiga muvofiq ravishda o‘zgartiradi va uni o‘z ehtiyojlariga moslashtiradi. Insonning to‘siqlarni, tashqi qiyinchiliklarini еnga olish qobiliyati tashqi iroda deb ataladi.
Ammo irodani faqat shartli ravishda ichki va tashqi deb ikkiga bo‘lish mumkin. Inson irodasi bitta, lekin u tashqi olamdagi o‘zgartirish va boshqarishga qaratilishi bilan birga shaxsiy, sub’ektiv holatlarni va jarayonlarni boshqarishga qaratilishi ham mumkin. Modomiki, shunday ekan, tashqi to‘sqinliklarni еngish ichki to‘sqinliklarni еngish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Inson tashqi olamga ta’sir etar ekan, tashqi olam hodisalarini boshqarish bilan bir vaqtda o‘zini, o‘z organizmini, qo‘l-oyoq muskullarini ham boshqaradi, ularning tarangligini kuchaytiradi yoki susaytiradi; ularning harakatlarini uyg‘unlashtiradi, butun organizmning moslashish vaziyatini vujudga keltiradi va zarur paytda bu vaziyatni o‘zgartiradi va hakozo. Shu bilan birga ixtiyoriy harakatlar, asosan mehnat faoliyatida odamning ixtiyoriy faollik ko‘rinishlarini to‘xtatib va bosib turishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun odamning irodaviy zo‘r berishi va ixtiyoriy harakatlari tashqi to‘sqinliklarni еngishga qaratilishi bilan bir vaqtda organizmning ichki ahvolini ham o‘zgartiradi. Inson tevarak-atrofdagi voqelikni o‘zgartirar ekan, o‘zini-o‘z vujudini ham o‘zgartiradi.
Irodaviy harakatlar bajarilgandan keyin ularga baho beriladi. Qaror ijro etilgandan keyin, ba’zan esa qarorni bajarish jarayonida ham ko‘pincha harakatlarga baho berish, qarorni qanday ijro etilganligiga baho berish kerak bo‘ladi. Qarorni ijro etish yuzasidan qilingan baho berish qabul qilingan qarorni hamda qilinadigan ishni ma’qullash, oqlash yoki qoralashdan iborat bo‘ladi. Bu baho qabul qilingan qaror yoki bajarilgan harakatlardan mamnun bo‘lish yoki mamnun bo‘lmaslik tufayli kelib chiqqan maxsus hissiy kechinmalarda ifodalanadi. Salbiy baho ko‘pincha qilingan ishlarga pushaymon bo‘lish, achinish, uyalish va afsuslanish kabi hislar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Qilinayotgan yoki qilinadigan ishlarga beriladigan baho qabul qilingan qarorni yoki bajarilgan harakatlarni ma’qullovchi, oqlovchi yoki qoralovchi maxsus hukmlarda ifodalanadi.
Qilinayotgan yoki qilinadigan ishlarga ijtimoiy-siyosiy, axloqiy, estetik va boshqa nuqtai nazardan baho beriladi. Mana shunday baho berishdan kelib chiqadigan his va hukmlarda kishining dunyoqarashi, axloqiy sifatlari va tamoyillari, shu bilan birga xarakteri va qiziqish- havaslari ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qarorni bajarish yuzasidan qilingan ishlarda kishining o‘zi baho beribgina qolmaydi, balki kishi qaysi jamiyatda yashasa va ishlasa o‘sha jamiyat ham baho beradi.
Odam qilgan yoki qilayotgan ish harakatlariga tevarak-atrofdagi kishilar ijobiy baho bergandan keyin ichki ma’naviy qanoat his qiladi- hursand bo‘ladi va kuchiga kuch qo‘shilgandek bo‘ladi. Ayrim ish-harakatlariga salbiy baho berilganda esa kishi o‘ziga xos uyalish hissini ko‘nglidan kechiradi va vijdon azobiga uchraydi.
Qilingan ish-harakatga berilgan baho kishining faoliyatida katta amaliy ahamiyatga egadir. Bu baho kishining keyingi faoliyati uchun rag‘bat va motiv bo‘lib qoladi. Salbiy baho odatda ayni faoliyatni to‘xtatish yoki o‘zgartirishga motiv bo‘ladi. Ijobiy baho faoliyatni davom ettirish, kuchaytirish va yanada yaxshilashga, jumladan mehnat unumdorligini oshirishga rag‘batlantiradi.
Kishining irodaviy sifatlari ya’ni iroda kuchi, mustaqilligi jihatidan ayrim hollarda turlicha namoyon bo‘ladi. Irodaviy sifatlar quyidagi tarzida ifodalanadi: tashabbuskorlik, dadillik, qat’iyatlilik, prinsipiallik, mustaqillik, o‘zini tuta bilish, matonatlilik, intizomlilik.
Har bir kishida irodaning ayrim sifatlari umr bo‘yi mustahkamlanib, shu odamning xususiy sifatlari ( ya’ni doimiy xislatlari) bo‘lib qolishi mumkin. Shaxsning bu o‘ziga xos xususiyatlari xarakter xislatlari deb ataladi. Har bir kishidagi biron bir irodaviy sifatlarning har qanday namoyon bo‘lishi shu kishi xarakterining xislati bo‘lavermaydi.
Ayrim hollarda hatto tasodifiy ravishda kishi kuchli iroda ko‘rsatishi mumkin, ayrim hollarda mazkur kishining irodasi, umuman kuchli iroda kuchi shu kishi xarakterining xislati ekanligidan dalolat beravermaydi. Bu kishining irodasi kuchli deb aytish uchun uning iroda kuchini bir marta emas, bir necha marotaba namoyon qilganini bilmoq kerak.
Kishining xarakterini ta’riflaganimizda falon kishi dadillik qildi, rost gapirdi demasdan, balki bu odam dadil, rostgo‘y, to‘g‘riso‘z deb ataymiz. Buning ma’nosi shuki dadillik va rostgo‘ylik, to‘g‘riso‘zlik shu odamning xususiyatlaridir, xarakter xislatlaridir, tegishli sharoitda bu kishi dadillik, rostgo‘ylik, to‘g‘riso‘zlik xislatlariga ega ekanligini namoyon qildi deb aytamiz. Kishi xarakterini, xislatlarini bilib olgach, uning biron ish-harakatda qanday yo‘l tutishini ancha aniq bilib olamiz, oldindan aytib bera olamiz.