Xalqaro marketing - tashqi iqtisodiy faoliyat, jahon bozori marketingidir. Uning mamlakat ichki bozorlari marketingidan ko‘pgina farqi bor. Avvalo, jahon bozoriga har bir mamlakat o‘z marketing strategiyasi bilan kirish uchun tanlangan mamlakatning umummadaniy va iqtisodiy muhitlarini chuqur tahlil qilishi zarur. Shu bilan birga xalqaro marketing: firmaning tashkiliy ishlarini jahon standartlari darajasida, mahsulotni rejalashtirish, sotish, harakatini tashkil etish va narxlashtirishda o‘ziga xos talablar qo‘yadi. Xalqaro marketing strategiyasi eksport, import va qo‘shma korxonalar tashkil etishga alohida-alohida yondashishni taqozo etadi. Xalqaro marketing jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini, tashqi muhitni, aniq bozorni tanlash va unga kirish usullarini aniqlash, marketing rejasini tuzish, raqobatchilar faoliyatini tadqiq qilish va boshqalarni o‘z ichiga oladi.