Kirish Oldingi bobda Buyuk Britaniya kompaniyalarining uzoq muddatli mablag‘ bilan ta'minlanish oddiy manbalarini qisqacha ko‘rib chiqdik. Endi kompaniya bunday alohida manbalarning har biri qiymati hisob- kitobini qanday amalga oshirishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Kompaniya real investitsiya imkoniyatlarining kutilgan pul oqimlariga qo‘llanadigan diskont stavkasi mantiqiy jihatdan loyihalarni moliyalashning muqobil xarajatlarini o‘z ichiga olishi kerakligi tufayli ushbu diskont stavkasi muayyan jihatdan alohida manbalarni jalb qilish qiymatiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Muayyan kompaniyaning umumiy kapitalidagi har bir manba ulushiga asosan chamalab ko‘rilgan turli moliyalash manbalari o‘rtacha qiymatidan amalda foydalanish, chamasi, diskont stavkalarini aniqlashning standart usuli sifatida baholanadi. Quyida keltirilgan ma‘lumotlar (Petty and Scott 1981; Corr 1983; Al-Ali and Arkwright 2000; Arnold and Hatzopoulos 2000) shundan dalolat beradiki, o‘rtacha chamalab ko‘rilgan kapital qiymati usuli (weighted average cost of capital, WACC) amaliyotda keng qo‘llanadi. Makleyni, Poynton, Tomas va Taker (McLaney, Pointon, Thomas and Tucker, 2004) tomonidan aniqlanishicha, Buyuk Britaniyaning birjada listingdan o‘tgan 53% kompaniyalari investitsiyalarni baholashda WACC usulidan foydalanadi. Ular firmalarning taxminan 80%i har yili yoki yiliga bir martadan ko‘proq o‘z kapitali qiymatining qayta baholanishini amalga oshirishini ham aniqlaganlar.
Alohida kapital manbalari qiymati hisob-kitobiga standart yondashuv asoslanadigan mantiq shundan iboratki, diskont stavkasi muayyan moliyaviy aktivning joriy qiymatiga va ushbu aktivdan kelgusida kutiladigan pul oqimlariga bog‘liq bo‘ladi. Mazkur yondashuv, garchi aksiyalar qiymatini hisob-kitob qilishda uning ommaviyligi pasaysada, amaliyotga keng tatbiq etilgan.
Avvalgi boblarda muayyan moliyalash manbalari qiymatini aniqlashning mantiqiy usulini ifodalagan kapital aktivlar qiymatini baholash modeli (capital asset pricing model, CAPM)ni ko‘rib chiqdik. CAPM kapital qiymatini tavakkalchilik uchun qo‘shimcha haq orqali bevosita tavakkalchilik hisobga olingan holda kapital bozori to‘g‘risidagi ma‘lumotlarga asoslanib hisoblab chiqaradi. Ushbu tavakkalchilik uchun qo‘shimcha haq ayrim qimmatli qog‘ozlar daromadliligining tavakkal qo‘yilmalar o‘rtacha bozor daromadliligi bilan kovariatsiyasiga asoslangan.
CAPM aksariyat kompaniyalar, ayniqsa, yirik kompaniyalar uchun aksiyalar qiymatini aniqlashning tobora standart usuliga aylanib bormoqda
An‘anaviy WACC usuli ham kapital bozorida shakllanmoqda (hisob-kitobda qimmatli qog‘ozlarning joriy qiymatidan foydalanamiz), biroq bu yerda tavakkalchilik rasmiylik jihatdan CAPMga nisbatan ancha kamroq darajada hisobga olinadi.
An‘anaviy yondashuv ko‘rib chiqilgandan so‘ng, uni CAPMning asosiy tamoyillari bilan muvofiqlashtirishga hamda ulardan har birining nazariy jihatdan asoslanganligi va ularning nisbiy foydaliligi yuzasidan muayyan xulosaga kelishga urinib ko‘ramiz.