Toshkent moliya instituti biznes moliyasi-fayllar.org
9-BOB. KORPORATIV QAYTA TARKIBLASH
(JUMLADAN, BIRLASHISH VA DIVESTITSIYALAR) Ushbu bobda biz quyidagi masalalarni ko„rib chiqamiz:
yutib yuborish va birlashish;
birlashishlarning amaliy jihatlari;
divestitsiyalar.
Kirish Butun dunyoda va ayniqsa Buyuk Britaniyada urushdan keyingi sharoitda biznesdagi farqli jihat korporativ qayta tarkiblashning turli usullaridan keng foydalanish hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan bu xususiyat yanada yaqqol tus oldi, buni esa korporativ qayta tarkiblashning yanada murakkab metodlari paydo bo‘lishi bilan bog‘lash mumkin.
Iqtisodiy kon‘yunktura va u yoki bu kompaniya tomonidan ilgari surilgan maqsadlardagi o‘zgarishlar ushbu kompaniyani o‘z tuzilmasida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga undaydi. Bunday o‘zgarishlar foydalanilayotgan aktivlarni, ular moliyalashtirish usulini yoki har ikkalasini ham qamrab olishi mumkin. Korporativ qayta tarkiblashning haqiqiy mohiyatidan qat‘i nazar, mantiqan, u kompaniya maqsadlariga erishish uchun “ishlashi” kerak.
Kompaniyaning asosiy maqsadi aksiyadorlarning farovonligini oshirishdan iborat ekanligini hisobga olib, har bir qayta tarkiblash samaradorligi ushbu mezon bo‘yicha baholanishi kerak. Korporativ qayta tarkiblash, shubhasiz, har qanday dinamik va moslashuvchan iqtisodiy muhitning zaruriy va istalgan xususiyati sanaladi. Ba‘zi kompaniyalarni qayta tarkiblashning ayrim jihatlari jamoatchilik tomonidan ko‘pincha salbiy qabul qilinishiga qaramay, korporativ qayta tarkiblash, mohiyatan, kompaniyalar o‘zlarining qonuniy maqsadlariga erishishida ko‘maklashuvchi vosita hisoblanadi. Buyuk Britaniyada hozirgi kunda aniqlangan qayta tarkiblashning asosiy instrumentlarini ko‘rib chiqishni boshlar ekanmiz, ikki eng muhim jihat, aynan esa yutib yuborish (birlashtirish) va divestitsiyaga (ajralib chiqish) to‘xtalib o‘tamiz. Shundan so‘ng, bugunda Buyuk Britaniyada qo‘llanilayotgan korporativ qayta tarkiblashning bir qancha instrumentlarini qisqacha ko‘rib chiqamiz.