Moliyaviy mablag’ga bo’lgan talab va uning hisobi. Tadbirkorlik bitimini
tuzish moliyaviy xarajatlar bilan bog’liq. Ishlab chiqarish va tadbirkorlik
faoliyati uchun zarur pul miqdorini (Pp) quyidagi formula asosida hisoblash
mumkin:
Pp = Pi + Pm + Pv + Pa + Ph ; Bu yerda:
Pi – yollanma ishchilarga maosh to’lash uchun zarur pul mablag’lari;
Pm – sotib olinadigan material, xomashyo, yarim tayyor mahsulot, butlash
qismlar, yonilg’i, energiya uchun to’lovlar;
Pv – mehnat vositalari (asosiy ishlab chiqarish fondlari) – bino, inshoot,
uzatish moslamalari, mashina, hisoblash texnikasi, asbob-uskunalar,
transport vositalarini sotib olishga ketgan mablag’lar;
Pa – axborot uchun sarflangan mablag’lar;
Ph – boshqa tashkilotlar xizmatiga (qurilish ishlari, transport xizmatlari va
boshqalarga) ketgan to’lovlar.
Ishlab chiqarish faoliyati bilan shug’ullanish uchun tadbirkor boshlang’ich
kapitalga ega bo’lishi kerak. Har qanday kishining bunga imkoni bo’lmasligi
mumkin. Ushbu holatda ishbilarmon tijorat banki yoki mablag’i bor shaxsga kredit
olish uchun murojaat qiladi. Buning boshqa yo’li ham bor – tadbirkor ishlab
chiqarish omillari (bino, uskuna, xomashyo, material, axborot va boshqalar)ni
kreditga ham olishi mumkin. Tadbirkor kredit bergan shaxsga olingan pul mablag’i
yoki kreditga olingan ishlab chiqarish omillarining qiymatini qo’shimcha foizlar
bilan qaytarishi kerak.
Mablag’larni imtiyozli asosida davlat tuzilmalari ajratishi mumkin. Buning
uchun O’zbekistonda kichik biznesni rivojlantirishga yordam berish maqsadida
maxsus jamg’armalar tuzilib, kredit berishga imtiyozlar yaratilgan. Ishlab
chiqarish va tadbirkorlik faoliyatida bilvosita ishtirokchi bo’lib, unda moliya
soliq organlari ishtirok etadi. Ular tadbirkorlik faoliyati hisobidan mahalliy
byudjetga majburiy to’lovlar, ajratmalar va jarimalar o’tkazish bilan
shug’ullanadilar.