10.2. XALQ ROMANI
Darsning maqsadi: mazkur qismda kech o’rta asrda yaratilgan qator xalq
romanlari haqida so’z boradi.
Tayanch so‘zlar va iboralar: xalq romani, “Sirat Abu Zayd”, “Qissat bani
Hilal”, “Sirat az-Zaxir Beybars”, az-Zaxlan qabilasi, “Sirat zil-Himma”.
Xalq romani janrining dastlabki asarlari qatoriga «Antaraning hayoti» bilan
birga Abu Zayd haqidagi 38 jildli «Abu Zaydning hayoti» («Sirat Abu Zayd»)
romani kiradi. Bu romanning boshqa bir nomi, unda ifodlangan qabilaning
nomidan kelib chiqib, «Hilol qabilasi haqidagi qissa» («Qissat bani Hilal»).– deb
nomlanadi.
Romanning bosh qahramoni – Hilol qabilasining afsonaviy qahramoni – Sarv
hukmdori Rizq hamda Makka hokimining qizi Xadraning o‘g‘li Abu Zayd
(Barakot). Romanda aytilishicha, Xadra Abu Zayd tug‘ilishidan sal avval sayr
chog‘ida boshqa qushlarga g‘azab bilan hujum qilayotgan va ularni o‘ldirayotgan
qora qushni ko‘radi hamda xudodan unga xuddi shunday kuchli va qo‘rqmas
o‘g‘il ato etishini so‘raydi. Uning iltijosi qabul bo‘lib, qop-qora farzand ko‘radi.
Xadra qora tanli farzandni dunyoga keltirib, qabilani sharmanda qildi deb
hisoblagan. Qabila boshliqlarining gapiga kirib, Rizq xotinini yangi tug‘ilgan
o‘g‘li bilan uyidan quvib, amaldorlar bilan birga Makkadagi otasining uyiga
yuboradi. Yo‘lda Xadra va uning yo‘ldoshlari az-Zaxlan qabilasining boshlig‘ini
uchratadilar. U Xadraga rahmi kelib, uni o‘z homiyligiga oladi hamda Abu
Zaydni o‘g‘il qilib oladi. Bola o‘sib-ulg‘ayib, kuchli va jasur jangchiga
ayanganidan keyin onasi unga az-Zaxlan qabilasining boshlig‘i uning amakisi
ekanligi, haqiqiy otasini esa Rizq o‘ldirganini aytadi. Abu Zayd otasining o‘limi
uchun qasos olishga qasam ichadi. Asta-sekin u qahramonliklar ko‘rsatib, nafaqat
172
uni boqib olgan az-Zaxlan qabilasi, balki qo‘shni qabilalar ko‘z o‘ngida ham
obro‘ orttiradi va az-Zaxlan qabilasiga boshliq etib tayinlanadi.
Ayni vaqtda xotini va o‘g‘lini quvib yuborganidan keyin qattiq tushkunlikka
tushgan Rizq qabilani tashlab ketadi va Xadra bir vaqtlar qushlar jangini ko‘rgan
joydagi buloq yoniga joylashadi.
Bir qancha vaqt o‘tib, Hilol qabilasi ustiga ofat kelib qurg‘oqchilik
yopiriladi. Yaylovlar izlab qabilaning katta qismi az-Zaxlan mulkiga hujum
qiladi. Barakot kelgindilarni yengadi, ammo ularga rahm qilib, shu yerda
qolishlariga ijozat beradi. Hilol qabilasining boshliqlari bir vaqtlar o‘lpon to‘lagan
az-Zaxlan qabilasiga dushmanlik kayfiyatida bo‘lishda davom etadilar. Ular Rizq
huzuriga elchi yuborib, Barakotning tazirini berishda ko‘maklashishini talab
qiladilar. Rizq qabila boshliqlarining amriga bo‘ysunib, qabilaga qo‘shiladi. Elchi
bilan suhbatdan az-Zaxlan qabilasining boshlig‘i uning o‘g‘li ekanligini anglay
boshlaydi, lekin qabila boshlig‘ining ismi Abu Zayd (Barakot) ekanligi unda ba’zi
shubhalar uyg‘otadi. Rizq Barokatni yakkama-yakka kurashga chaqiradi.
Otasining qotilidan qasos olish orzusida yurgan Barakot chaqiriqni jon deb qabul
qiladi. Boshlangan olishuvda u Rizqni egardan urib tushiradi va endi o‘ldirmoqchi
bo‘lganida onasi o‘g‘lini padarkushlikdan saqlab qoladi. U o‘g‘liga tug‘ilish
holatlari haqida aytib beradi, Hilol qabilasining boshliqlari esa Abu Zaydni
Rizqning qonuniy va munosib o‘g‘li deb tan oladilar hamda unga va onasiga
ko‘rsatgan adolatsizliklari uchun kechirishini so‘raydilar.
Romanning keyingi qismlarida Abu Zayd (Barakot) va Hilol qabilasining
qahramonliklari, xususan Abu Zayd uch nafar jiyani bilan yaylov qidirib Shimoliy
Afrikaga qilgan safari hikoya qilinadi. Birin-ketin forslar, Amir Temur bilan
fantastik kurashlar epizodlari, Tanjer va Marokash shaharlarini qamal qilish
voqealari, Nilning yuqori qismlariga uyushtirilgan harbiy yurishlar va bir qator
boshqa epizodlar ketma-ket tasvirlanadi.
Abu Zayd haqidagi romanning mazmunini yuzaki hikoya qilishdan ko‘rinib
turibdiki, u ancha xilma-xil va murakkab romandir. Unda eski urug‘-qabilachilik
ongining elementlari kuchli bo‘lib, bu asarning o‘zagi ancha ilgari, ya’ni arablar
173
xotirasida hali Arabistonni buzib kirgan islomgacha bo‘lgan davrdagi yaylovlar va
suv havzalari uchun olib borilgan qabilalararo urushlar haqidagi xotiralar bo‘lgan
IX asrni kiritish imkonini beradi. Abu Zaydning Shimoliy Afrikadagi
sarguzashtlarida arablarning Shimoliy Afrika va Ispaniyaga qilgan yurishlari,
salibchilar bilan bo‘lgan urushlar va boshqa keyingi voqealar aks etgan.
Misrda mashhur bo‘lgan boshqa bir roman – «Az-Zahir Beybarsning hayoti»
(«Sirat az-Zaxir Beybars»)da oxirgi ayubiylar va mamluklar hukmronlik qilgan
davrdagi fojiali voqealar hikoya qilinadi. Bu asar Abu Zayd haqidagi romandan
syujet jihatdan biroz murakkabroqdir.
Romanning asosiy qahramonlari – mashhur mamluk sultoni az-Zaxir
Beybars (1260–1277) va uning ba’zi zamondoshlari. Romanda tarixan ishonchli
materiallar nisbatan kam, fabulaning barcha asosiy tarkibiy qismlari sof badiiy
to‘qima tashkil etadi. Romanning qisqacha mazmuni quyidagicha:
Misr sultoni as-Solih Ayubiy (1240–1249)ning mamluk qo‘shini uchun
o‘smirlarni sotib oluvchi qulfurush boshqa yoshlar orasida Mahmud ismli yigitni
(keyinchalik u Xorazm shohining o‘g‘li ekanligi aniqlanadi) sotib oladi. Savdogar
Mahmudni o‘zining Damashqdagi sudxo’rlaridan biriga qarz evaziga berib
yuboradi, u esa, o‘z navbatida, Mahmudni xotiniga qul sifatida sovg‘a qiladi.
Xotini qulga o‘zining esi pastroq o‘g‘liga qarab yurishni topshiradi. Kunlardan bir
kun xo‘jayinning singlisi Fotima akasinikiga mehmonga kelib, kelinoyisini
nihoyatda g‘azablangan holatda uchratadi: Mahmud bebaxt ovsarga yaxshi qarab
turmaganligi uchun u kursidan yiqilib tushgan bo‘ladi. O‘smirning o‘lgan o‘g‘liga
nihoyatda o‘xshashidan hayratlangan va uning ahvoliga achingan Fotima qulni
akasidan sotib oladi, o‘ziga o‘g‘il qilib olib unga vafot etgan o‘g‘lining Beybars
ismini qo‘yadi va uni o‘z mulkining egasi qilib tayinlaydi.
Bir kun Damashqqa as-Solihning vaziri, Fotimaning kuyovi (opasining eri)
Najmiddin sultonning topshirig‘i bo‘yicha keladi. U Misrga qaytayotganida
Beybarsni o‘zi bilan olib ketadi. Qohirada o‘smir tez ko‘tariladi va tez orada
sultonning yaqinlaridan biriga aylanadi. As-Solih vafotidan keyin hokimiyat
uchun kurash boshlanadi va nihoyat Beybars sulton bo‘lib qoladi. Romanning
174
keyingi qismi Beybarsning harbiy yurishlari, jumladan Suriyada vizantiyaliklar,
salibchilar va mo‘g‘ullarga qarshi urushlari, shuningdek qahramonning romantik
sarguzashtlari hikoya qilinadi.
Beybars haqidagi xalq romanning syujeti, shubhasiz, u «Abu Zaydning
hayoti»ga nisbatan ancha kech yozilganidan dalolat beradi. U haqidagi dastlabki
ma’lumotlar XVI asr boshida misrlik tarixchi ibn Iyas (1448–1522) asarlarida
uchraydi. Biroq Beybars haqidagi xalq romani ilgariroq XIV asrda, ya’ni sulton
Beybarsning aniq shaxsi haqidagi xotiralar fantastika bilan qoplanishidan avval
uning ideallashtirilgan obrazi, «Ming bir kecha»dagi Xorun ar-Rashid obrazi kabi,
xalq ichida keng tarqalmagunicha yuzaga kelishi mumkin emas edi. Misrliklar
ongida Beybars o‘zining taqvodorligi va insonparvarligi bilan mamluk
jangchilarining boshqa vakillaridan ajralib turardi.
Beybars obrazida va tarixiy voqealar talqinida shahar tabaqalarining
qiziqishlari va muhabbatlari yorqin seziladi. Qahramon, garchi xalq ichidan
chiqmagan
bo‘lsa ham, qashshoq ahvolga solingan savdogarlar va
hunarmandlarga hamdardlik bilan munosabatda bo‘ladi hamda ularni yovvoyi va
makkor amaldorlarning xonavayron qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shaharliklarning
yaxshi va odil hukmdor haqidagi ko‘p asrlik orzusi ana shunda namoyon bo‘ldi.
O‘rta asr arab xalq romanlarining bosh qahramoni sifatida odatda arablar
himoyachisi va ashaddiy musulmon, arab qabilalari ideallarining ifodachisi
namoyon bo‘ladi. Bunda an’anaviy fazilatlar (kuch, jasorat, sahovat,
donishmandlik, qabilaga va islomga sadoqat) haddan tashqari ko‘pirtiriladi.
Barcha romanlarda ideal arab jangchisi gavdalanadi, ammo u har qanday o’ziga
xoslik jihatlardan mahrum bo‘ladi. Qahramonni atrofdagi odamlardan yuksaklikka
ko‘tarish uchun unga odatda, an’anaviy fazilatlardan tashqari, yana aslzodalik
xislati qo‘shiladi. Deyarli har doim qahramon – adolatsizliklar, ko‘rolmaydigan va
ayyor odamlar fitnalarining qurbonidir. Biroq u quroli va donoligi bilan
dushmanlarni yengadi, o‘zining halol nomini tiklaydi, aybsiz jabrlanganlarni
himoya qiladi va tug‘ilganidan o‘ziga tegishli bo‘lgan jamiyatdagi yuksak
mavqeini qaytarib oladi.
175
«Abu Zaydning hayoti» asarida ham, Beybars haqidagi romanda ham
islomning kuchli ta’siri seziladi. Biroq agar ilgariroq chiqqan Abu Zayd haqidagi
xalq romanida hali eski urug‘-qabilachilik mafkurasi elementlari kuchli bo‘lsa,
kechroq yozilgan Beybars haqidagi romanda kech o‘rta asr uchun xos bo‘lgan
mutaassib musulmon dunyoqarashi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. «Antaraning
hayoti» qahramonlarining diniy bag‘rikengligidan bu yerda iz ham qolmagan.
Beybars haqidagi roman nasroniylarga qarshi pafos bilan yo‘g‘rilgan: islomni
qabul qilishni istamayotgan nasroniylar va boshqa personajlar unda eng qora
bo‘yoqlarda tasvirlangan.
Beybars har narsada Allohga tavakkal qiladi. U sulton as-Solihni faqat
Qur’onni buzgan holda may ichgani uchun qoralaydi, ammo u chin ko‘ngildan
tavba qilgan zahoti uni kechirib yuboradi. Beybars kamtarin va adolatli, masalan,
u do‘stlari unga maslahat berganidek, Ayubiylar hukmdorlarini taxtdan ag‘darish
va Misr taxtini egallashga qaror qilmaydi, balki taxt unga «qonuniy» asoslarda
topshirilishini kutadi va hokazo.
Boshqa bir xalq xalq roman– «Zul-Himmaning hayoti» («Sirat zil-Himma»)
yanada islomiy xususiyatga ega. Uning nomi qahramonning nomidan kelib
chiqqan. Asarda IX asrdan boshlab nasroniylarga qarshi olib borilgan urushlar
haqida hikoya qilinadi. Bunda asar qahramoni Zul-Himma ismli ayol bu
urushlarda kofirlarni yakson qiluvchi islom armiyasining yo‘lboshchisi sifatida
namoyon bo‘ladi.
Xalq romanlarining tuzilishi ancha bir xil tusga ega. Asarlarning asosiy
mazmunini odatda haqiqiy tarixiy shaxsning hayoti tashkil qiladi. Unga turli
epizodlar va chekinishlar kiritiladi. Ammo xalq romanlarida tasvirlangan voqealar
odatda tarixiy haqiqatdan yiroqdir. Hattoki qahramoni nisbatan kechki davrda
yashagan «Beybarsning hayoti» asarida ham eng umumiy faktlarnigina ishonchli
deb hisoblash mumkin. Syujet rivojlangani sayin Beybars haqidagi hikoya borgan
sari fantastik tus ola boshlaydi. Romanda boshqa asarlarda, masalan, «Ming bir
kecha»da yoki fors romanlarida uchraydigan har xil folklor motivlar paydo
bo‘ladi. Biroq to‘qimalarning ko‘pligi o‘rta asrdagi Qohiraning hayotini jonli va
176
haqqoniy
aks
ettiruvchi
romanning
madaniy-tarixiy
ahamiyatini
aslo
kamaytirmaydi.
Qadimgi afsonaviy yoki yarim afsonaviy qahramonlarga bag‘ishlangan xalq
romanlarida folklor motivlar muhim o‘rin egallaydi. Masalan, «Sayf ibn zi-
Yazanning hayoti» romanining qahramoni, islomgacha bo‘lgan Janubiy Arabiston
himyariy hukmdorlaridan biri, g‘aroyib sarguzashtlarda ishtirok etadi; bu yerda
sehrgarlar va afsungarlar uchraydi, yuqorida keltirilgan Abu Zayd fantastik
yurishlarda ishtirok etadi va hokazo.
Xalq romanlaridagi hikoyalar dialogli jonli sahnalarga to‘la. Bu esa
tadqiqotchilarga ularda drama kurtaklarini ko‘rish imkonini bergan. Ayni vaqtda
dialoglar so’z o’yinlarga to‘liq bo‘lib, hajviy xususiyatga ega. Nasriy matn she’riy
kiritmalar bilan bo‘linadi. Ularda odatda arab mumtoz she’riyatining
o‘lchamlariga amal qilinmaydi. Dastlab ular mumtoz vazn qoidalariga rioya
etilgan holda yozilgan, ammo vaqt o‘tishi bilan o‘quvchilar yoki xattotlar shu
she’rlarning tuzilishini ularga og‘zaki nutq elementlarini qo‘shib o‘zgartirib
yuborgan deb hisoblanadi. Bu she’riy kiritmalar tuzilishiga ko‘ra yakunlangan
qandaydir voqeani tavsiflaydi. Xalq romanlaridagi qo‘polroq so’z o’yinlar va
sodda hazil-mutoyibalar
shaharliklarga ma’qul kelgan. Romanlarning xalqchil tili,
ularda Misr shevasi va so‘zlashuv shakllaridan foydalanilganligi ushbu asarlarni
aholining keng qatlamlari uchun tushunarli qilgan. Bu esa syujetning qiziqarliligi
bilan bir qatorda, ularga xalq ichidagi keng mashhurlik bag‘ishlagan.
Turklar hukmronligi davri arab xalqlari tarixida eng qorong‘u davrlardan
bo‘lgan. Usmon imperiyasi davrida arab viloyatlarining madaniyati shunchalik
tanazzulga uchragan ediki, misrlik tarixchi al-Jabartiy (XVIII asr oxiri – XIX asr
boshi) so‘zlariga qaraganda, arab mamlakatlarida hatto musulmon ruhoniylarining
eng yuqori tabaqasi hisoblangan al-Azxar orasida ham ma’lumotli odamni topish
qiyin bo‘lgan. Shunga qaramay, arab adabiy an’anasi hech qachon batamom
uzilmagan. Bu esa XIX asrda arab adabiyoti tug‘ilishi davriga yaxshi ta’sir
ko‘rsatgan. Arablarning siyosiy va madaniy jihatdan yuksala boshlashi
XIX asrning dastlabki yillariga to‘g‘ri keladi va misrliklar Bonapart armiyasining
177
hujumi davrida kurashishiga to‘g‘ri kelgan jang bilan bog‘laydilar. Shu paytdan
boshlab arab mamlakatlarida mustaqillik uchun olib borilgan uzoq muddatli
kurash boshlanadi. Bu davrda shakllangan yangi adabiyot esa zamon bilan
chambarchas bog‘liq bo‘lib, ayni vaqtda ko‘p asrlik adabiy an’analarga tayandi.
Dostları ilə paylaş: |