Ming bir kecha. O‘rta asr arab adabiyotining buyuk yodgorliklari qatoriga
sehrgarlik ertaklari va hikoyalarining ulkan to‘plami, butun dunyoda «Ming bir
kecha» romantik nomi bilan mashhur bo‘lgan asar kiradi. Mubolag‘asiz aytish
mumkinki, dunyoda birorta ham savodli inson yo‘qki, bolaligida yoki katta
yoshida to‘liq tarjima holda yoki bayon etilgan holda ushbu mashhur kitob bilan
tanishmagan bo‘lsa. «Ming bir kecha» ma’lum bir muallifning asari emas, ushbu
ajoyib to‘plamning qismlari qator asrlar mobaynida shakllanib borgan. Nihoyat
XIV–XVI asrlarda to‘planib, tahrir qilinib, bizga ma’lum ko‘rinishda yetib
kelgan.
160
To‘plamning oxirgi varianti vatani deb Misr hisoblanishi bejiz emas. Bu
mamlakatning Hindiston, Arabiston va Afrika mamlakatlaridan Yevropaga
o‘tadigan savdo yo‘llari chorrahasida joylashuvi shaharlar (ayniqsa, Qohira)ning
iqtisodiy va madaniy jihatdan o‘sishiga, shahar adabiyotning rivojlanishiga
yordam bergan. Ushbu adabiyotning asosiy janrlari – maishiy va fantastik
novellalar – shahar muhitida yaratilgan turli fantastik va haqiqiy, xorijdan olib
kirilgan va «mahalliy» hikoyalardan yuzaga kelgan.
Barcha zamonlarda arablar ajoyib hikoyachilar sifatida shuhrat qozonganlar.
Juda qadim zamonlardayoq, islom tarqalishidan ancha ilgari, arab badaviylari o‘z
ajdodlarining qahramonona ishlari haqidagi rivoyatlari bilan bir qatorda Hindiston
va Erondan kelib chiqqan ertaklar va tarixiy hikoyalarni eshitishni xush
ko‘rganlar. Ular eshituvchini arab hikoyalariga xos bo‘lmagan cheksiz fantaziya
bilan o‘ziga tortganlar. Ular uchun ba’zan uzoq mamlakatlar haqidagi
bilimlarning yagona manbai bo‘lgan.
«Ming bir kecha»ning asosida, aftidan, «Ming rivoyat» («Xazor afsona»)
nomli fors to‘plamidagi hind ertaklarining arabcha tarjimasi yotgan. Mazkur
to‘plamning mavjudligi haqida X asrdayoq yozilgan arab manbalarida xabarlar
bor. Ushbu tarjimaning xarakteri haqida xulosa chiqarish qiyin. Chunki bizgacha
faqat o‘z hikoyalari bilan o‘ziga tahdid solayotgan o‘limning vaqtini cheksiz
uzoqlashtirib borgan ertakchi qiz haqidagi «qobiq» hikoya yetib kelgan. Bu
hikoya hind adabiyotida uchraydi hamda «Ming bir kecha»ning eng qadimgi
o‘zagini tashkil qiladi. «Ming bir kecha»ning aksariyat fantastik ertaklari ham
qadimgi yoki o‘rta asr hind adabiyotidagi prototiplariga ega. Ayrim ertaklar uchun
Uzoq Sharq xalqlari adabiyotidan parallellar topish mumkin.
«Ming bir kecha»ning qobig‘i bo‘lib hind «ramka»siga yaqin bo‘lgan fors
podshohi Shahriyor haqidagi ertak xizmat qiladi. Shahriyor bevafo xotinidan
g‘azablanib, har tun yangi ayolni xotin qilib olish, erta tongda esa qatl etishga
qaror qilgan. Natijada ko‘plab bebaxt ayollar nobud bo‘lgan. Shahriyorning
shafqatsizligiga chek qo‘yish uchun vazirning qizi Shahrizoda o‘z xohishi bilan
podshoning xotini bo‘lishga rozi bo‘ladi va birinchi nikoh tunida unga qiziqarli
161
hikoya aytishni boshlaydi. Tongda Shahrizoda hikoyasini eng qiziq joyida
to‘xtatadi. Podshoh hikoyaning davomini bilish istagida qatlni keyingi kunga
qoldiradi. Shahrizoda o‘z ertaklarini ketma-ketiga ming kun aytadi, oxirida
podshoh uni sevib qolib, qatlni bekor qiladi.
«Ming rivoyat»ning arabcha tarjimasining katta doirasiga asrlar mobaynida
mohir ertakchilar yoki ko‘chirib yozuvchilar yangidan-yangi hikoyalarni
qo‘shganlar. Shu bois to‘plam bir qancha tahrirlarda chiqqan. Ayrim qo‘lyozmalar
ertaklarning joylashuvi, tunlar bo‘yicha bo‘linishi va tarkibiga ko‘ra farq qiladi.
Ertak to‘plamga tushgach juda katta o‘zgarishlarga uchragan. Arablardan kelib
chiqqan hikoyalarni tadqiqotchilar odatda ularning kiritilgan joyiga ko‘ra
to‘plamni Bag‘dod va Qohira ertaklariga ajratadilar. Bunday bo‘linish ancha
shartlidir. Chunki hikoyalarni aniq ajratish uchun mezonlarga ega emasmiz.
Mahalliy va tarixiy voqealar ularga qayta ishlash vaqtida kiritilgan bo‘lishi
mumkin.
«Ming bir kecha»ning ilk Bag‘dod tahririning rasmiylashuvi, ehtimol, X–XI
asrlarga to‘g‘ri keladi. Bag‘dod tahririda ramka hamda «ming rivoyat»dagi hind
ertaklarining bir qismi saqlab qolingan, Hindistondan kelib chiqqan boshqa
ertaklar esa mahalliy arab hikoyalari bilan almashtirilgan. XIII–XIV asrlarda
to‘plamning Misrda kelib chiqqan hikoyalari hisobiga to‘ldirilgan Qohira qismi
rasmiylashgan. Nihoyat, «Ming bir kecha»ning Qohirada amalga oshirilgan oxirgi
tahriri XIV–XVI asrlarga taalluqli bo‘lib, unda to‘plamning eng qadimgi saqlanib
qolgan qo‘lyozmalari kirgan. Bu vaqtga kelib, to‘plam hozirgi hajmigacha
ko‘paygan va nomi biroz o‘zgargan. Eski forsiy nomi «Ming rivoyat» IX asrda
«Ming kecha»ga aylanib, bu nom to‘plam juda ko‘p hikoyalardan iborat
ekanligini anglatgan, xolos. To‘plamning «Ming bir kecha» degan nomi, ehtimol,
«Bin bir» – «Ming bir» degan turk ideomasining ta’sirida kelib chiqqan bo‘lib, u
juda katta sonni angalatishga xizmat qiladi.
Biroq ilgari «Ming», «Ming bir» soni istiora sifatida xizmat qilgan bo‘lsa,
oxirgi tahririning mualliflari buni tom ma’noda tushunganlar va shu bois
to‘plamga kechalar sonini «Ming bir»ga yetkazish uchun bir qancha hikoyalarni
162
qo‘shganlar. Bu davrda to‘plamga «Sindbodning sayohati», «Umar ibn an-
Nu’mon haqidagi qissa» hamda ilgari alohida, mustaqil asarlar ko‘rinishida
mavjud bo‘lgan boshqa hikoyalar ham kirgan.
Garchi
to‘plam mazmun-mohiyatining ba’zi jihatlari tuzuvchining
to‘plamdagi mavzularni tasniflash, unga ma’lum tartib berish va hikoyalarni
turkumlar bo‘yicha joylashtirishga intilganidan dalolat bersa-da, «Ming bir
kecha»ning ayrim qismlari o‘rtasida ichki bog‘lanish deyarli sezilmaydi.
Hikoyalarning joylashuvi ham tasodifiy xususiyatga ega. To‘plamning bir
mavzuga bag‘ishlangan va turkum hosil qiladigan ayrim hikoyalari ko‘pincha bir
joyda to‘planib qolishi, masalan, Xorun ar-Rashid haqidagi hikoyalar hali
tuzuvchining materialni tanlash va joylashtirishda faol ishtirok etganidan dalolat
bermaydi. «Ming bir kecha»ning turkumlarga bo‘linishi to‘plamga tayyor
hikoyalar to‘plamlari kiritilishining natijalari bo‘lishi mumkin. Tabiiyki, ushbu
turkumlar to‘plamda alohida bo‘limlarni tashkil qilgan.
Mazmun-mohiyat va janr jihatidan «Ming bir kecha»ning materiali
nihoyatda har xil: bu yerda fantastik va maishiy novellalar, didaktik hikoyalar,
kichikroq hajviyalar, maishiy va tarixiy latifalar, afsona va rivoyatlar, risarlik
qissalari, sayohatlar haqidagi hikoyalar va boshqalar uchraydi.
Fantastik novellalar sirasiga Hindistonda kelib chiqqan «Savdogar va ruh»,
«Baliqchi», «Hammol va uch qiz», «Shahzoda Badr va Malika Javhar», «Hasan
al-Basriy», «Kamar uz-Zamon va Budur» haqidagi ertaklar hamda Misrda
yaratilgan ertaklar («Olovuddin va sehrli chiroq») kiradi. Hind ertaklari syujet
jihatidan o‘zlarining hind manbalariga yaqindir, holbuki ularni muayyan tarixiy
zamin bilan bog‘lash qiyin. Zero, ular ko‘p asrlar mobaynida mavjud bo‘lish
davomida etnik xususiyatlarini deyarli batamom yo‘qotgan. Hind ertaklari
o‘zining badiiylagi, tuzilishining go‘zalligi hamda qiziqarliligi bilan ajralib turadi.
Ularning tipologik xususiyatlarini ertaklar qahramoni bo‘lgan va ular bila turib
ertak qahramonlariga o‘zlari xush ko‘rgan odamlarga ongli ravishda yordam
beradigan hamda yaxshi ko‘rmagan odamlariga zarar yetkazadigan g‘ayritabiiy
mavjudotlar, yaxshi va yomon ruhlar tashkil qiladi.
163
Hindistonda kelib chiqqan fantastik novellaning namunasi deb «Baliqchi
haqidagi ertak»ni hisoblash mumkin. Uning mazmuni quyidagicha.
Bir kun baliqchi chol to‘r bilan dengizdan shoh Sulaymonning muhri
bosilgan qo‘rg‘oshin tiqinli ko‘za tutib oladi. Qiziquvchan chol tiqinni olib
tashlaydi – shunda undan tutun chiqib quyuqlashadi va nihoyatda katta jinga
(yovuz ruhga) aylanadi. Bu jinni qachonlardir shoh Sulaymon dindan qaytgani
uchun idishga qamab qo‘ygan bo‘ladi. Jin cholni o‘ldirmoqchi bo‘ladi, chunki
ko‘zada o‘tirib butun dunyodan nafratlangan va kim uni ozod qilsa, jazolashini
aytib qasam ichgan bo‘ladi. Ayyor chol jinga shunday ulkan jin kichkina ko‘zaga
sig‘ishi mumkinligidan shubhalanishini aytadi. Sodda jin tutunga aylanib, asta
ko‘zani to‘ldiradi. Shunda baliqchi ko‘za tiqinini tiqib, uni dengizga
uloqtirmoqchi bo‘ladi. Shu payt jin kechirim so‘rab, yalinishni boshlaydi, cholga
har xil ne’matlar va’da qiladi. Chol shunday deydi: «Yolg‘on gapiryapsan, la’nati!
Men bilan sen podsho yunon va shifokor Dubanga o‘xshab ketamiz». Shunda jin
o‘tirgan joyida so‘raydi: «Ular kimlar va ularning tarixi nimadan iborat?»
Baliqchi ushbu hikoyani aytib beradi... va ertaklarning sehrli tasmasi asta-sekin
ochila boshlaydi.
«Ertak» nomi Shahrizoda hikoyalarining juda kam qismiga to‘liq to‘g‘ri
keladi. Hikoyalarning aksariyati yorqin ifodalangan maishiy xususiyatga ega
bo‘lib, ularning fantastik tarkibiy qismi borligiga qaramay, mazmuni va ruhi
bo‘yicha ular sehrli ertakka qaraganda ko‘proq maishiy hikoyaga yaqin turadi.
Ushbu hikoyalarda har xil aholisi va keskin ijtimoiy nizolari bo‘lgan katta o‘rta
asr arab shahrining murakkab, ko‘pincha notinch hayoti aks ettirilgan.
Tadqiqotchilar odatda shahar hayotiga oid hikoyalarni Bag‘dod va Qohira
hikoyalariga ajratadilar. Bag‘dod hikoyalariga muhabbat mazmuniga ega bo‘lgan
kichikroq qissa va hikoyalar kiritiladi. Ulardagi voqealar Bag‘dodda shaharning
o‘zida yoki xalifa saroyida yuz beradi. Ushbu hikoyalarning baxtli yakuni
«rahmdil» xalifa Xorun ar-Rashid aralashgani tufaylidir. Masalan, Nima va Numa
haqidagi hikoya ana shunga misol bo‘la oladi.
164
Bag‘dod hikoyalariga, shuningdek, «Soxta xalifa to‘g‘risidagi hikoya»,
«Unsal-Vujud to‘g‘risidagi hikoya», «Nuriddin va uning birodari to‘g‘risidagi
qissa» va boshqalar ham kiradi.
Bag‘dod hikoyalari ancha nafis, tili adabiy tilga yaqin va puxta sayqal berish
izlari mavjudligi sababli ular Qohira hikoyalaridan avval, ehtimol Bag‘dodning
o‘zida shakllangan deb taxmin qilish mumkin.
«Xurosonlik Abul Hasan haqida hikoya» Bag‘dod hikoyalarining yaxshi
misoli bo‘lishi mumkin.
Kunlardan bir kun Bag‘dod xalifasi al-Mu’tadid fuqarolarining hayoti bilan
yaqinroq tanishish uchun savdogar kiyimini kiyib, vaziri bilan birga shahar
aylangani chiqadi. Go‘zal me’moriy uy uning e’tiborini tortadi. Vazir o‘zini
musofir sifatida tanitib, uy egasidan bir kecha tunashga ijozat so‘raydi. Uy egasi
Abul Hasan xalifani yaxshi kutib oladi va sahiylik bilan mehmon qiladi. Uyning
ichki boyligidan hayratlangan xalifa atrofdagi narsalarni diqqat bilan kuzata
boshlaydi va kutilmaganda gilamlar, idishlar va kiyimlarda o‘z bobosi xalifa al-
Mutavakkilning tamg‘asini ko‘rib qoladi. O‘shanda u uy egasiga o‘zini tanitadi va
buni izohlashni talab qiladi. Abul Hasan boy savdogarning o‘g‘li ekanligini,
yoshligida yengiltak turmush tarzini kechirganligini, va hatto otasinig butun
boyligini aysh-ishratga sarflab yuborganini aytib beradi. Keyinchalik u esini
yig‘ib, savdo orqali yana boylik to‘plagan bo‘ladi. Kunlardan bir kun Abul
Hasanning do‘koniga nihoyatda go‘zal qiz kelib, biroz pul berishini so‘raydi. Uni
bir qarashda sevib qolgan Abul Hasan nima so‘rasa hammasini beradi.
Qiz Abul Hasanning do‘koniga yana ko‘p bora keladi. Bir kuni u qizga
bildirmay ortidan borib, xalifa al-Mutavakkilning kanizak qo‘shiqchisi ekanligini
va xalifa saroyida yashashini bilib qoladi. Abul Hasan u bilan uchrashish yo‘lini
izlay boshlaydi. U xaram og‘asini pulga sotib olib, xalifa kiyimida saroyga kiradi
va mahbubasining xonasiga kirib boradi. Kutilmaganda xonaga xalifa kirib keladi.
Qiz Abul Hasanni zo‘rg‘a yerto‘laga yashirishga ulguradi. Xalifa g‘amgin kirib
keladi va qo‘shiqchiga Banja ismli kanizakni sevishini va u bilan janjallashib
qolganligini, endi usiz siqilayotganligini aytadi. Abul Hasanning mahbubasi
165
hukmdorni ovutish uchun muhabbat haqida qo‘shiqlar aytadi. Ko‘ngli taskin
topgan xalifa uni ozod qiladi, o‘zi esa Banjaning oldiga jo‘naydi va u bilan
yarashadi. Abul Hasan saroydan ayollar kiyimida chiqishga urinayotganida uni
soqchilar ushlab oladilar. O‘shanda u xalifaga o‘z tarixini samimiy aytib beradi.
Xalifa Abul Hasanga o‘zining sobiq kanizagiga uylanishi va saroydan uning
barcha mulkini sep hisobida olib ketishiga ruxsat beradi. Abul Hasanning
hikoyasidan ta’sirlangan al-Mu’tadid uy egasini yigirma yilga soliqdan ozod
qiluvchi qog‘oz yozib beradi.
Abul Hasan haqidagi hikoyada Bag‘dod turkumidagi boshqa novellalar va
Hindistondan kelib chiqqan hikoyalarda bo‘lgani kabi ijtimoiy jihat juda kam
ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Bag‘dod hikoyalarida, Hindistonda va keyinchalik
Misrda kelib chiqqanlaridan farqli o‘laroq, g‘ayritabiiy kuchlar hech qanday rol
o‘ynamaydi. Ayrim tadqiqotchilar Bag‘dod hikoyalarida sog‘lom fikri
fantastikaga qarshi bo‘lgan arablarning milliy jihatlari, ayniqsa, yorqin namoyon
bo‘lgan deb hisoblaydilar.
Qohira hikoyalari boshqacha xususiyatga ega. Bag‘dod hikoyalaridan farqli
o’laroq ular ko‘pincha biroz behayo mazmunga ega. Ularda ijtimoiy muhabbatlar
ancha kuchli ifodalangan. Ularda Qohira savdogarlari va hunarmandlarining har
xil qiziqarli sarguzashtlari va hiylalari haqida hikoya qilinadi. Qohira
novellalarining qahramonlari mayda savdogarlar yoki kambag‘al hunarmandlar.
Maqomalar qahramonlaridan farqli o‘laroq, ular unchalik ma’lumotli emas, ammo
sog‘lom fikr va katta aqlga egadirlar. Vaziyat ularni ayyorlik ko‘rsatishga, ustalik
qilishga majbur qiladi. Ammo oxir-oqibatda ular yuqori mavqega erishadilar
(malikaga uylanadilar yoki o‘zlari podsho bo‘ladilar). Qohira novellasining tipik
misoli bo‘lib «Kosib Ma’ruf haqidagi hikoya» xizmat qilishi mumkin.
Qohira shahrida Ma’ruf ismli qashshoq kosib yashaydi. Uni badjahl va injiq
xotini qiynaydi va uradi. Xotinidan qutulish uchun u boshqa shaharga qochib
ketadi. Yo‘lda u jinga duch keladi va o‘zining achchiq qismati haqida unga hikoya
qilib beradi. Ma’rufning achchiq tarixini eshitgan va unga rahmi kelgan jin
kosibni yelkasida uzoq bir shaharga olib boradi.
166
Yangi shaharda Ma’ruf bolalikdagi do‘sti Alini uchratadi. Ali unga o‘zini
boy savdogar qilib ko‘rsatishni maslahat beradi va uni pul bilan ta’minlaydi.
Ma’ruf olgan pullarini sahiylik qilib tarqatadi va shaharliklar uni nihoyatda boy
ekanligiga ishona boshlaydilar. Hatto, xasis podsho ham unga ishonadi, saroyga
taklif qilib, qizini unga xotinlikka beradi. Faqat ayyor vazirgina Ma’rufga
ishonmaydi va raqibiga nafrat bilan qaraydi.
To‘y kuni Ma’ruf kambag‘allar va xizmatkorlarga podshoning butun
xazinasini tarqatib yuboradi. Vazirning so‘ziga ko‘ra podsho Ma’rufning boyliklar
haqidagi so‘zlarini tekshirishga qaror qiladi va bu ishni o‘z qiziga topshiradi.
Ma’ruf xotiniga o‘z sirini chin ko‘ngildan ochiqchasiga aytib beradi Xotini eriga
xizmatkor kiyimini kiydirib, pul beradi va qochib ketishiga ko‘maklashadi,
otasiga esa Ma’ruf mol ortilgan karvonni kutib olish uchun ketgan deb aytadi.
Yo‘lda Ma’ruf dehqonga duch keladi. U o‘z ovqatini Ma’ruf bilan baham
ko‘radi. Buning evaziga Ma’ruf dehqonning yerini haydab beradi va tasodifan
xazinaga duch keladi. U yerda juda ko‘p oltin va qimmatbaho toshlar orasida
egasiga shaxsan «jinlar» hukmdorining o‘ziga har qanday buyruqlar bera olish
huquqini beradigan uzuk bo‘ladi. Jin yordamida Ma’ruf karvon tuzib, shaharga
g‘alaba bilan qaytib keladi. Bu yerda o‘z boyliklarini sahiylik bilan tarqatadi.
Ma’rufning savdogarga xos bo‘lmagan sahiyligi vazir va podshoda shubha
uyg‘otadi hamda ular hiyla bilan uning sirini aniqlashga qaror qiladilar. Vazir
Ma’rufga may ichirib, sirini bilib oladi. Uning uzugini ayyorlik bilan qo‘lga
kiritadi va jinga Ma’ruf va podshoni sahroga tashlab kelishni buyuradi. U taxtni
egallab oladi va podshoning qiziga uylanmoqchi bo‘ladi. Ammo malika ayyorlik
bilan vazirning uzugini olib, otasi va erini qaytaradi. Podsho o‘limidan so‘ng
Ma’ruf taxtga o‘tiradi.
Shu bilan novella tugaydi. Malikaning vafotidan keyin shaharga Ma’rufning
birinchi xotini keladi. U ham uzukni o‘g‘irlashga harakat qiladi, ammo
Ma’rufning o‘g‘li uni o‘ldiradi. Shundan so‘ng Ma’ruf mehmonnavozligi bilan
uzukli bo‘lishga yordam bergan dehqonning qiziga uylanadi.
167
«Kosib Ma’ruf haqidagi hikoya» misolida ko‘rib turganimizdek, Misrda
yaratilgan fantastik hikoyalar Hindistondan kelgan ertaklarga o‘xshamaydi. Ular
hind sehrli ertaklariga qaraganda ko‘proq darajada muayyan tarixiy muhit, katta
musulmon shahrining hayoti bilan bog‘liqdir. Hind turkumidagi ertaklardan farqli
o‘laroq, bularda g‘ayritabiiy kuchlar mustaqil emas. Bular odatda yovuz ham,
yaxshi ham bo‘lmagan, egasiga – tumorga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunadigan bo‘lib,
tumor egasi ularni hatto ularning istagiga qarshi boshqaradi. Masalan, «Kosib
Ma’ruf haqidagi hikoya»dagi «uzuk quli» Abu Saodat ana shunday jinga misol
bo‘la oladi. G‘ayritabiiy mavjudotning tabiiy insonga bunday bo‘ysunishi sehrli
va haqiqiy dunyolarning uzviy birligini tashkil qiladi. Odamlar va sehrgar
ruhlarning ishlari shu darajada tabiiy qo‘shilib keladiki, ular o‘rtasida hech
qanday chegara sezilmaydi hamda hikoyaning fantastik yoki yarimfantastik
qobig‘i orqali o‘rta asr musulmon shahrining haqiqiy hayoti doimo namoyon
bo‘ladi.
Aftidan, qadimgi Misr ertaklaridan olingan (bu esa mahalliy folklor
an’analarining juda mustahkam ekanidan dalolat beradi) ba’zi an’anaviy ertak
motivlari mavjudligiga qaramay, Qohira turkumidagi makkorlik haqidagi
hikoyalar «Ming bir kechada» Misr shahrining mamluk sultonlari va turklar
hukmronlik qilgan davrdagi hayotini ko‘plab tarixiy hujjatlardan ko‘ra yorqinroq
aks ettiradi. Masalan, Ali az-Zaybak va uning do‘sti Ahmad ad-Danafa haqidagi
hikoya qadimgi Misrning jasur firibgari Amasis haqidagi hikoyalarini eslatadi
hamda shu bilan birga mamluklar urf-odatlarining g‘aroyib va nihoyatda go‘zal
manzarasiga ega.
Podshoga nisbatan istehzoli, odatda razil va ayyor bo‘lgan, axmoqroq va
baxil podshoning o‘rniga barcha ishlarni yuritadigan vazirga nisbatan
ochiqchasiga dushmanlik xususiyatiga ega bo‘lgan, kambag‘al, ammo sahiy,
mehnatkashlarga xayrixoh Qohira novellalarining umumiy ruhi shaharliklarning
amaldorlarga nisbatan nafratini aks ettiradi hamda ushbu hikoyalar yozilgan
muhitni qiyinchiliksiz tasavvur qilishga imkon beradi.
168
Maishiy novellalarga materiali jihatidan arablar xush ko‘radigan janrdagi
qisqa hikoyalar – maishiy va tarixiy latifalar yaqin turadi. Odatda bu kulgili yoki
noodatiy hikoya haqidagi qisqa, qiziqarli va ayni vaqtda hajviy hikoyadir. Ba’zan
unda shaxsiy hayot tafsilotlari yoki xiyonat bilan bog‘liq tarix aks etadi, ba’zan
esa u kulgili holat yoritilgan, hozirjavob dialog yoki biror personajning (odatda
xalqdan chiqqan) oddiy topqir javobi aks etgan qisqa hajviya bo‘ladi. Ushbu
janrdagi hikoyalar orasida shaharning tungi hayoti, xalifaning turli ishlari, tungi
sarguzashtlari kabilar katta o‘rin tutadi («Xorun ar-Rashid va kanizaklar», «Ayol
va ayiq haqidagi hikoya», «Qiz va maymun haqidagi hikoya» va boshqalar
kiradi).
Maishiy novellalarda bo‘lgani kabi, qisqa hikoyalarda ham shahar
aholisining turli qatlamlariga mansub kishilarning butun boshli galereyasi
ko‘rsatilgan. Boy savdogarlar va kambag‘al hunarmandlar, badjahl kampirlar –
afsungarlar va sevishganlarga yordam beruvchilar; xaram qo‘riqchilari bo‘lgan
xaram og‘alari; katta yoshli, tajribali dono qariyalar va nodon murabbiylar;
poraxo‘r amaldorlar va dono qozilar; erkatoy yoshlar – «oltin yoshlar»ning
vakillari, otasining merosi uchun tug‘ishgan aka-ukalaridan har qanday yo‘l bilan
qutulishga harakat qiladigan surbet va dangasa yoshlar; erlariga xiyonat qiluvchi
yosh xotinlar, – bular ushbu hikoyalar qahramonlarining to‘liq bo‘lmagan
ro‘yxati.
Tarixiy xususiyatga ega bo‘lgan latifalarni xattotlar o‘rta asr arab
tarixchilarining asarlari va antologiyalaridan olganlar. Odatda ular mashhur
shaxslar – Aleksandr Makedonskiy, mamluk sultonlari, fors podsholariga
bag‘ishlangan. Ularda keyingi avlodlar uchun ideal hukmdor tuyulgan Xorun ar-
Rashid ayniqsa ko‘p uchraydi. Albatta, Xorun ar-Rashid haqidagi tarixiy latifalar
faqat Bag‘dodda emas, balki Qohirada ham yozilgan bo‘lishi mumkin. Al-Jaxiz
an’analarini davom ettiruvchi latifalarning alohida guruhini sahiy odamlar
haqidagi hikoyalar tashkil qiladi.
«Ming bir kecha»da pand-nasihat xususiyatiga ega bo‘lgan hikoya va
rivoyatlar katta o‘rin egallagan. Ularning asosiy qismi Hindistondan kelib chiqqan
169
bo‘lib, «Ming bir kecha» to‘plamiga turli davrlarda hikoya va ertaklarning boshqa
to‘plamlaridan kirgan. Pandnomalarga hayvonlar haqidagi ko‘plab ertaklar,
«Jilliad va Shimad» nomli katta turkum (asosan «Kalila va Dimna»ning qayta
hikoya qilinishidir), o‘z bilimlari bilan Xorun ar-Rashid saroyida yashagan taniqli
olimlarni ham uyaltirgan aqlli kanizak Tavaddud haqidagi uzun qissa, dono
Sindbod haqidagi turkum va ba’zi bir boshqa hikoyalar kiradi. Bu «Ming bir
kecha» asarinig eng zerikarli va badiiy jihatdan ojiz qismidir.
«Ming bir kecha»da ikkita katta roman – «Umar ibn an-Nu’mon haqidagi
roman» hamda «Ajib va G‘arib haqidagi qissa» alohida o‘rin tutadi. Ular
to‘plamga eng asosiy qismlari shakllanib bo‘lganidan keyin, kechalar sonini
ko‘rsatilgan raqamga yetkazish uchun kiritilgan. Antara haqidagi risarlik romani
singari ularning syujetlari salib yurishi bilan bog‘liq va o‘zining oxirgi
ko‘rinishiga ular, aftidan, XIII asrda kelgan. Romanlar markazida, «Ming bir
kecha» novellalarining aksariyatidan farqli ravishda, savdogar yoki hunarmand
emas, balki jasur jangchi turadi. Ularning qahramonlari («Umar ibn an-Nu’mon
haqidagi roman»da berilgan Sharkan hamda «Ajib va G‘arib haqidagi qissa»
qahramoni G‘arib) barcha risarlik fazilatlariga ega bo‘lib, shahar novellalaridagi
ojiz va ahmoqroq podsholarni aslo eslatmaydi. Risarlik romanlarining
qahramonlari – G‘arib va Sharkan – musulmon bahodirlari, ehtirosli, jasur va
oliyjanob insonlar. Ular kofirlarga qarshi kurash olib boradilar va islomni
yoyadilar. Qohira turkumidagi novellalardan farqli ravishda, u romanlarda
g‘ayritabiiylik elementi umuman yo‘q. Romanlarda ifodalangan ijtimoiy
muhabbat, shahar novellalaridan farqli o‘laroq, bu asarlar feodallar muhitida, yana
ham aniqrog‘i, mamluklar zodagonlari muhitida, salibchilarga qarshi kurash
sharoitida yuzaga kelganidan hamda Antara to‘g‘risidagi roman singari uzoq vaqt
mobaynida mustaqil asar sifatida mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.
«Ming bir kecha»ning oxirgi tahririga kiritilgan asarlar sirasiga, shuningdek
«Sindbod haqidagi qissa» kiradi. U, aftidan, X asr o‘rtalarida yashagan hamda
dengiz kapitanlarining Hindiston, Sharqiy Afrika va Tinch okeani orollariga
sayohatlari haqidagi hikoyalarini to‘plagan fors kapitani Buzruk ibn
170
Shahriyorning «Hindiston ajoyibotlari» kitobiga asoslangan. «Sindbod haqidagi
qissa»da, «Hindiston ajoyibotlari» novellalarida bo‘lgani kabi, fantastik
sarguzashtlar va manzaralar ortida o‘rta asrlardagi Iroqning dengiz bo‘yidagi
shaharlarida dengizchilar va savdogarlarning haqiqiy hayotini, ularning boylik
to‘plash maqsadida uzoq, hali ochilmagan mamlakatlarga qilgan xavfli
sayohatlarini ko‘rish qiyin emas.
«Ming bir kecha», umuman olganda, o‘z mazmuni bilan kech o‘rta asr arab
jamiyatidagi hayotning deyarli barcha tomonlarini qamrab oladi.
Bu to‘plamning badiiy usuli hali juda sodda. Qahramonlarining tavsifi
umumiy, sxematik tusda. Hikoyalardagi qahramonlar odamlar yoki shaxslar emas,
balki shartli tiplardir (podsho, vazir, savdogar, qozi, hunarmand, qashshoq va
h.k.). Buning ustiga qahramonlarning u yoki bu xislatlari ularning harakatlarida
ko‘rinmaydi, balki ular haqida kitobxonga xuddi qahramonning ismi va u
haqidagi boshqa ma’lumotlar kabi aytib qo‘yiladi, xolos.
Personajlarning bunday minimal o’ziga xosligida shaxs hali tabaqadan
ajralmagan o‘rta asr jamiyatining ongi o‘z aksini topgan. Aniq qiyofasi u yoki bu
darajadagi ishonchlilik bilan xalq an’analarida shakllangan tarixiy shaxslar shu
ma’noda bundan mustasno ekanligi tasodifiy emas. Masalan, Xorun ar-Rashid,
uning xotini Zubayda hamda vaziri Ja’far bilan birga, garchi haqiqiy Abbosiy
xalifaga o‘xshamasa-da, kitobxon ko‘z o‘ngida jonli, yorqin ifodalangan o’ziga
xoslik sifatida gavdalanadilar.
«Ming bir kecha» novellalari ba’zan qo‘polroq, ba’zan esa nihoyatda nozik,
arablar va boshqa xalqlarning ko‘plab folklor asarlarini o‘z ichiga olgan jonli
yumorga boy.
To‘plamga mingdan ortiq she’riy parchalar kiritilgan. Bir qator belgilariga
ko‘ra ular taxminan XII–XIV asrlarda, ya’ni to‘plam tarixining Misr davridayoq
yozilgan deb hisoblash mumkin. Ushbu kichikroq qasidalar va mayda she’rlar,
aftidan, tayyor matnga o‘sha davrdagi adabiy urf uchun kiritilgan hamda, ba’zi
badiiy qimmatiga qaramay, badiiy yaxlitlikka ziyon yetkazmagan holda tashlab
ketilishi ham mumkin.
171
«Ming bir kecha»ning tili bir xil emas. Bu tabiiy, albatta, chunki to‘plamning
yaratilish tarixi murakkab va uzoq davom etgan. Aksariyat hikoyalar adabiy tilda
yozilgan, boshqalarida esa Misr va Suriya shevalarining kuchli ta’siri seziladi.
Dostları ilə paylaş: |