Birinchi bosqichda (2021 yil) quyidagilar rejalashtirilmoqda:
strategiyani amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash, mazkur muammoni birgalikda hal qilish uchun keng jamoatchilik va xalqaro tashkilotlarni jalb qilish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida O‘zbekiston qonunchiligini rivojlantirish istiqbollarini belgilash;
ekstremistik va terrorchilik faoliyatiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat hokimiyati va o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy ta’minlanganligi va uyg‘unligini takomillashtirish;
vaziyatni monitoring va tahlil qilishning kompleks dasturlarini tashkil etish, shuningdek, muammolarni aniq belgilash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.
Ikkinchi bosqichda (2022−2025 yillar) quyidagilar belgilandi:
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan amaldagi qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va yangilarini qabul qilish;
milliy axborot makonini ekstremistik va terrorchilik mafkura kirib kelishidan qo‘shimcha himoyalashga qaratilgan tizimni yaratish;
strategiyani amalga oshirishda erishilgan natijalarni monitoring qilish;
ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishdan kelib chiqaradigan xavf, tahdid va xatarlarni, shuningdek, mamlakatdagi millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarni kompleks tahlil qilib, vaziyatning rivojlanish istiqbollari bo‘yicha prognozlarni hamda aniqlangan xavf, tahdid va xatarlarni kamaytirish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
Uchinchi bosqichda (2026 yil) ushbu strategiyani amalga oshirish natijalarini umumlashtirish hamda mazkur sohada strategik rejalashtirish bo‘yicha yangi hujjatlarni ishlab chiqishga qaratilgan takliflarni tayyorlash, shuningdek, idoralararo darajada tashkiliy xarakterdagi choralar qabul qilinishini ta’minlash nazarda tutiladi.Hujjatda qayd etilishicha, strategiyani amalga oshirish ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va mafkuraviy mexanizmlarning samarali tizimini, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish va boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi.