1.2 Fizika fanini o’qitishda interfaol metodlardan foydalanish. Ta'limda interfaol metodlarni qo'llashning asosiy maqsadi o'quvchilarni faol ta'lim olish jarayoniga jalb qilish, ularga bilish hamda izlanish malaka va ko'nikmalarini rivojlantirish, umumta'lim maktablari fizika fani bo'yicha o'quv materiallarini puxta o'zlashtirishda faoliyatni oshirishdan iboratdir.
Interfaol metodlar o'qituvchi bilan o'quvchining faol munosabati, bir-birini to'liq tushunishga asoslanadi. Interfaol metodlarni o'quv jarayoniga joriy etishning tub maqsadi –dars qaysi shaklda bo'lmasin, qayerda o'qitilmasin darsda o'qituvchi bilan o'quvchining hamkorlikda ishlashini tashkil etishdir. O'qituvchi darsida tegishli muammolarga o'quvchilarni jalb etish, ularning harakatini faollashtirish va natijada o'zlashtirishlarini ta’minlash lozim. Ta'lim jarayoniga bilish vazifasini qo'yilishida muammoli savollar asosiy o'rinni egallaydi. Ular muammoli vaziyatlar yaratishning har qanday usullariga tegishli ravishda qo'yiladi.Bilishga doir savol o'quvchilar uchun muayyan darajada qiyin bo'lishi, ulardagi mavjud bilimlarning cheklanganligini ko'rsatish va ayni vaqtda, ular bajara oladigan bo'lishi, ya'ni idrokning hayotiy tajribaga va nazariy bilimlarning qay darajada egallaganliklariga bog'liqligini hisobga olish zarur.
Fizika darslarida o'quvchilarning erkin fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishda “Muammoli vaziyat” texnologiyasidan fodalanish yaxshi samara berishini biz o'z tajribamizda juda ko'p bora kuzatganmiz. Chunki fizika fanining har bir mavzusi hoh u nazariy bo'lsin, hoh u amaliy bo'lsin, muammoli savollarga duch kelasiz.
“Muammoli ta'lim “ texnologiyasining maqsadi: o'quvchilarga o'quv fanining mavzusidan kelib chiqqan turli muammoli masala yoki vaziyatlarning yechimini to'g'ri topishlariga o'rgatish, ularda muammoning mohiyatini aniqlash bo'yicha malakalarini shakllantirish, muammoni yechishning ba'zi usullari bilan tanishtirish va muammoni yechishda mos uslublarni to'g'ri tanlashga o'rgatish, muammoni kelib chiqish sabablarini va muammoni yechishdagi xatti-harakatlarni to'g'ri aniqlashga o'rgatadi.
O'qituvchi o'quvchilarni guruhlarga ajratib, ularni mos o'rinlarga joylashtirgandan so'ng, mashg'ulotni o'tkazish tartib qoidalari va talablarini tushuntiradi, ya'ni u mashg'ulotni bosqichli bo'lishini va har bir bosqich o'quvchilardan diqqat-e'tiborni talab qilishini, mashg'ulot davomida ular guruhli va jamoa bo'lib ishlashlarini aytadi. Bunday kayfiyat o'quvchilarga berilgan topshiriqlarni bajarishga tayyor bo'lishlariga yordam beradi va bajarishga qiziqish uyg'otadi. Ana shundan so'ng mashg'ulot jarayoni boshlanadi.
Muammoli o'qitish texnologiyasi ko'p jihatdan o'quv materialining mazmuniga bog'liq. Bunda fizik hodisalar, qonunlar, amaliy tajribalar va nazariyalarni o'rganish misolida ko'rish mumkin. Masalan, «quvvat» tushunchasini o'rganishdan oldin «Yer kovlovchi bilan ekskavatorning ish qobilyatlarini qiyoslash uchun ular bajargan ayni bir ishning miqdorini bilishning o'zi yetarlimi?» degan savol qo'yiladi. O'quvchilar savolga javob berishlari uchun mavjud ma'lumotlarning yetarli emasligini payqaydilar va bir ishning o'zini bajarish uchun ketgan vaqtni ham bilish zarurligini taxmin qilishlari kerak. Hatto bunday uncha katta bo'lmagan mustaqil qadam o'quvchilarni yangi «quvvat» degan fizik tushunchaning kiritilishini ancha tushunib yetgan holda zaruriyat deb bilishlariga olib keladi. Bilishga doir vazifa darsda muammoli namoyish tajribalar formasida ham qo'yilishi mumkin.