Germaniyada ta’lim davlat va jamiyat tomonidan ardoqlanayotgan soha bo‘lib, u mamlakatning iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlar ichida kuchli oltilikka kirgan.
Germaniya ta’lim tizimlarining bayoni kuyidagicha: Germaniyada ta’lim tizimi: Maktabgacha tarbiya tizimi Germaniya ta’lim tizimida ham muhim bosqich hisoblanadi. Uning 100 yildan ortiq tarixi bor. Bolalar bog‘chalari ta’limning quyi bosqichi hisoblansada, lekin u davlat tizimi tarkibiga kirmaydi. Bog‘chalarni mablag‘ bilan ta’minlash turli jamoat tashkilotlari, hayriya birlashmalari, korxonalar, hususiy shaxslar, diniy muassasalar zimmasidadir. Ota-onalar bolalar bog‘chalariga o‘z farzandlarini
tarbiyalanganliklari uchun ancha miqdorda pul to‘laydilar. 3 yoshdan 6 yoshgacha bolalarning 80 foizi bog‘chalarga qatnaydi. Germaniyada odatda bolalar bog‘chada tushgacha tarbiyalanadilar. Kunning yarmida esa uyda, oilada bo‘ladilar. Germaniyada kuni uzaytirilgan bog‘chalar ham bor.
Majburiy ta’lim 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tegishli. Bu jarayon 12 yil davom etadi. Bundan 9 yillik (ba’zi joylarda 10 yil) maktabda to‘la haftalik o‘qishni bitiradi, keyin hunar-texnika bilim yurtida to‘la bo‘lmagan haftalik o‘qishda o‘qiydi. O‘qish davlat maktablarida tekin. Maktab o‘quvchilariga o‘quv ko‘llanmasi, asosan darsliklar tekin ta’minlanadi. Hususiy maktablar ozroq. O‘qish 6 yoshdan boshlanib, 4 yil davom etadi (faqat Berlinda 6 yil). Boshlang‘ich maktabdan so‘ng o‘quvchilar yo‘nalish bosqichidagi maktabga o‘tadilar. Bu yerda 5-6 sinf bosqichdagi yo‘nalish maktablarda maxsus dastur asosida o‘qiydilar. Keyin navbatdagi maktab tipiga ko‘chadilar:
Bular: -asosiy, maxsus maktab, real bilim yurtlari. Deyarli 30% bola asosiy maktabga o‘tadi. 9 yoki 10 yillik o‘qish tugatilgandan keyin kasbiy tayyorgarlikka o‘tiladi. Maxsus maktablarda nuqsonga ega bo‘lgan bolalar o‘kiydi. Real bilim yurtlari asosiy maktab va yuqori maktabi o‘rtasida turadi. Qoidaga ko‘ra bu yerda o‘qish b yil davom etadi (5-10 sinfgacha) va to‘la ma’lumot berish bilan tugallanadi. Bilim yurtini tugatganlar o‘rta maxsus o‘quv yurtiga yoki yuqori bosqichdagi hunar-texnika maktabiga kirib o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Germaniyada gimnaziyalar ham mavjud. Ular 5-13 sinflarni o‘z ichiga oladi. 11-13 sinflar oliy o‘quv yurtlariga tayyorlash vazifasini ham bajaradi.
Gimnaziyani bitirganlik haqidagi yetuklik attestati oliy o‘quv yurtida o‘qish imkonini beradi. Germaniya ta’limi tizimida hunar ta’limi muhim ahamiyatga ega, chunki yuqori malakali ishchilarga bo‘lgan talab kuchlidir. To‘liqsiz o‘rta maktabni bitiruvchilarining (9-10 sinflar) 79 %, to‘liq o‘rta maktabni bitiruvchilarining esa 20 % hunar ta’limi tizimida bilim olishni davom ettiradilar. Aksariyat xollarda o‘qish muddati 3-3,5 yilni tashkil etadi. o‘qish uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi yili asosiy hunar ta’limi beriladi. Bunga o‘qitilayotgan kasbga taaluqli maxsus fanlardan nazariy asoslash berilib, yirik korxonalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ikkinchi yil davomida maxsus hunar ta’limi beriladi. O‘quvchining birinchi yildan ikkinchi yilga o‘tish sinov imtihonlari o‘tkazilib o‘qishni davom ettiruvchi yoshlar tanlab olinadi. Uchinchi yil davomida maxsus hunar ta’limi yanada chuqurlashtirilib boriladi. Bitiruv imtihonlari maxsus komissiya tomonidan qabul qilinadi. Komissiya a’zolari korxonalarning yetakchi mutaxassislari, fideral yerlardagi sanoat palatasi, hunarmandchilik palatasi vakillaridan tashkil topadi. Hunar maktablarining diplomlari oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun huquq, bermaydi. Buning uchun 1 yillik tayyorlov kurslarini tugatish talab etiladi. O‘qishga qabul qilish imtihonsiz maktab ta’limi to‘g‘risidagi hujjatga asosan amalga oshiriladi.
Oliy maktab o‘z-o‘zini boshqarish huquqiga ega. Oliy o‘quv yurtini shtatdagi rektor yoki bir necha yilga saylangan Prezident boshqaradi. O‘z-o‘zini boshqarishda vazifalari aniq taqsimlab berilgan bir necha guruhlar bosqichma-bosqich ishtiroki tamoyiliga amal qilinadi. Uning tarkibiga professor-o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ilmiy xodimlar va boshqa xodimlar kiradi. Talabalar o‘qishi erkin tashkil etilgan. Ko‘p sonli o‘quv bosqichlari bilan birga o‘quv rejalari taklif etiladi. O‘qishga haq to‘lanmaydi. Agar talaba yoki ularning ota-onalari oziq-ovqat xarajatlarini ko‘tara olmasa o‘qish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi federal qonunga ko‘ra ular moliyaviy yordam oladilar. Bu yordamning yarmi stipendiyaga qo‘shib berilsa, ikkinchi yarmi qarz tariqasida beriladi.
Mamlakatda ta’limni isloh qilish masalasi ko‘pdan buyon muhokama qilinmoqda, bunda o‘quv jarayonini qisqartirish taklif qilinmoqda. Hozir universitetlarda talabalar 7 yil o‘qiydi. Ular o‘qishga kirganlariga qadar korxonalarda bir necha yil ishlashlari yoki bundesverda xizmat qilishni hisobga olsak, talabalar haqiqiy mexnat faoliyatlarini ancha kech boshlayotganligini tushunamiz.
Shuni ta’kidlash lozimki, Germaniya ta’limi o‘ziga xos yo‘nalishga, juda murakkab tizimga ega. Mamlakatda har qaysi maktab tipi uchun maxsus tayyorlangan o‘qituvchilar bor. Ularning hammasi oliy maktabni tugatgan bo‘lishlari shart. Boshlang‘ich va asosiy maktabning bo‘lajak o‘qituvchilari olti semestr o‘qiydilar. Real maktab, maxsus maktab, gimnaziya va hunar-texnika bilim yurtlarining o‘qituvchilari ancha uzoq muddat o‘qishlari kerak. O‘qish tamomlangandan keyin o‘qituvchilikka nomzodlarning hammasi imtihon topshiradilar. Keyin maktabda pedagogik amaliyot o‘tkazadilar va ikkinchi imtihon topshiradilar. O‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lgandan keyin, qoidaga ko‘ra umrbod lavozimga tayinlanadi.
Quyidagi xolatga e’tibor qarataylik. Bo‘lajak o‘qituvchilar 3 yil o‘qiganlaridan keyin real sharoitdagi maktabda ikki yillik pedagogik amaliyotdan o‘tadilar, xaftasiga 10-12 soatdan dars beradilar.
Bu davrda ularga maxsus murabbiylar belgilanadi, bu murabbiylar ularning faoliyatini nazoratda tutadilar, amaliyot tugagandan keyin shogirdlariga tegishli tavsifnomani beradilar. Shundan keyin maktab kengashi yuqori tashkilotlar bilan birgalikda bo‘lg‘usi o‘qituvchilardan imtihon oladi va ularning kelgusi ishlarini baholab, tegishli tavsiyalar beradilar. Bu jarayonning yana o‘ziga xos tomoni shundaki, imtihon va tavsiyalardan keyin bo‘lg‘usi o‘qituvchi bir yilga sinov muddati bilan ishga olinadi. Bu sinov muddatini muvaffaqiyatli o‘tgandagina unga o‘qituvchi martabasi beriladi. Praktikant-talabalar qo‘yilgan talablarni bajara olmasa maktabga qo‘yilmaydi. Uning ustiga attestatsiyadan o‘tkazish va litsenziya berish keng rasm bo‘lganligini e’tiborga olsak, o‘qituvchi doim o‘z malakasini oshirib borishga majbur bo‘ladi, aks holda u o‘qituvchilik lavozimidan mahrum bo‘lishi mumkin.