Oila, mahalla va maktab hamkorligi. Tarbiya – murakkab, uzoq muddatli jarayon boʼlib, uzluksizlik va davomiylikni kasb etish bilan bir qatorda, albatta hamkorlikni talab etadi. Shu boisdan, mamlakatimiz istiqbolli kelajagi yoʼlida yuksak maʼnaviyatga ega yoshlar kamolotini taʼminlab berishda pedagogik hamkorlikning mustahkam faoliyati muhim zaruriyat hisoblanib, 1993 yilda «Oila-mahalla-taʼlim muassasasi hamkorligi» ¬ konsepsiyasi ishlab chiqildi va shu orqali tarbiyadagi masʼullik va javobgarlik huquqiy asosda kengaytirildi. Buning zamirida yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiya koʼnikmalarini shakllantirishdek ulkan vazifani amalga oshirish orqali, oʼquvchi-yoshlarni vatanparvarlik, tinchliksevarlik, insonparvarlik va mehnatsevarlik kabi tamoyillariga monand, kasb va hunarga yoʼnaltirilgan, turli illatlar, jinoyatchilik va buzgʼunchi gʼoyalarga qarshi kurasha oladigan raqobatbardosh kadr sifatida jamiyatimizga yetkazib berishdek buyuk maqsadlar amalga oshirish
koʼzlangan. Bu oʼrinda esa, taʼlim-tarbiya makonida pedagogik hamkorlik munosabatlarining muhim shakllari tarbiyalanuvchi—ota-onalar,tarbiyalanuvchi — oʼqituvchi, taʼlim muassasalari — mahalla organlari, mahalla organlari –ota- onalar faoliyatini doimiy tadqiq va tahlil etish orqali shaxsning rivojlanganlik va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash zarur. Buning uchun hamkorlik asosida belgilangan vazifalar va amalga oshirilayotgan ishlar tarbiya jarayonining samaradorligini nazorat qilish va baholash, mazkur hamkorlik faoliyatidagi masʼul tamonlarning tayyorgarlik darajasini aniqlashda pedagogik kvalimetriya metodlari orqali amalga oshiriladi. Muammo shundaki, pedagogik hamkorlikning maʼnaviy- axloqiy tarbiya ishlarini baholash toʼgʼridan-toʼgʼri yuzaga keladigan jarayon emas, bu avvalo maʼnaviy- axloqiy tarbiya ishlarini baholash meʼzonlari va faoliyatni kvalimetriyalashning ilmiy asoslangan nazariy va amaliy metodlarini ishlab chiqishni talab etadi. Shu boisdan tadqiqot ishi dolzarb boʼlib, amaliy jihatdan yangilik kasb etadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019 yil 31- dekabrdagi “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash va amalga oshirish chora- tadbirlari toʼgʼrisida” 1059-sonli qarori ham “Oila, mahalla va taʼlim muassasalari”ning mustahkam hamkorligiga inovatsion huquqiy asos boʼlib xizmat qiladi. Ushbu qarorning 2-ilovasi 5-bandiga muvofiq “Homiladorlik davridan boshlab 30 yoshgacha davom etadigan uzluksiz maʼnaviy tarbiyani amalga oshirishda ota-ona, tarbiyachi, oʼqituvchi, uzluksiz taʼlim muassasalari va mahalla jamoatchiligining oʼzaro samarali hamkorligi mehanizmini ishlab chiqish va hayotga joriy etish” masalasi Konsepsiyaning chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishning ustuvor yoʼnalishi etib belgilandi. Bu ham albatta, “Oila, mahalla va taʼlim muassasalari hamkorligi”ning ham zimmasiga kelgusida yanada kuchli maʼsuliyat va javobgarlikni yuklash bilan bir qatorda faol samaradorlikni talab etadi.
Maktab jamoasining ota-onalar va mahalla jamoatchiligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlarning mazmuni quyidagicha shakl va usullar orqali amalga oshiriladi:
Ota-onalar, oilalar bilan yakkama-yakka ishlash turi. Bu usul orqali pedagog hodimlar oila va bolalarning shaxsiy xususiyatlarini oʼrganishi va inobatga olishi orqali tarbiyaviy jarayonda toʼgʼri va aniq yondashishga erishadilar. Tarbiyalashdagi muammoli jarayonlarda bu usul katta ahamiyat kasb etib, ijobiy natijani qoʼlga kiritish imkonini beradi.
Ota-onalar bilan jamoa tarzida ishlash turi. Bunga ota-onalarning guruhli va umumiy majlislari, anjumanlar va tadbirlar kiradi.
Tarbiyaviy ishlarda mahalla jamoatchiligi va jamiyatimizning tegishli faol aʼzolari bilan hamkorlikda ish olib borish. Tarbiyalashning bu uslubi umumiylik asosida hamjihatlik kasb etib, bunda nafaqat tarbiyalanuvchi oʼquvchi, balki ayrim ota- onalar ustidan ham nazorat oʼrnatilib, maʼnaviy-axloqiy tarbiyaga zid mavjud holatlar jamoatchilik asosida bartaraf etilishi farzand kamoloti uchun oilada sogʼlom muhitni
taʼminlashga xizmat qiladi. Misol uchun, baʼzi oilalarda oʼziga xos murakkab ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy, psixologik muommolar mavjud boʼlib, bu albatta tarbiyalash jarayonida salbiy vaziyatning taʼsiriga tushib qolgan oʼquvchi-yoshlarning ruhiy, maʼnaviy-axloqiy ehtiyojlarini birinchi navbatda inobatga olish masalasini koʼndalang qoʼyadi. Bunday oilaviy nizoli xolatlarni farzand tarbiyasiga taʼsiri pedagog- xodimlarning mashaqqatli mehnatida yanada murakkablik tugʼdiradi. Shu boisdan mazkur vaziyatlarni ijobiy hal qilish jamoatchilik asosida tartibga solishni talab etadi.