Pedagogik tahlil metodi. Tadqiqotni olib borish jarayonida ushbu metodni qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad tanlangan muammoning falsafiy, psixologik hamda pedagogik yo‘nalishlarda o‘rganilganlik darajasini aniqlashdan iborat bo‘lib, tadqiqotchi ilgari surayotgan g‘oyaning nazariy jihatdan haqqoniyligini asoslashga xizmat qiladi.
Bolalar ijodini o‘rganish metodi. Mazkur metod o‘quvchilarning muayyan yo‘nalishlardagi layoqati, qobiliyati, shuningdek, ma’lum fan sohalari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash maqsadida qo‘llaniladi. Uni qo‘llashda o‘quvchilarning ijodiy ishlari – kundaliklari, insholari, yozma ishlari, referatlari, hisobotlari muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Metodning afzalligi shundaki, u ma’lum o‘quvchiga xos bo‘lgan individual imkoniyatni ko‘ra olish, baholash va uni rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
Bolalar ijodini o‘rganishning quyidagi shakllari mavjud:
fan olimpiadalari;
turli mavzulardagi tanlovlar; maktab ko‘rgazmalari; festivallar;
musobaqalar.
Pedagogiktajriba (eksperiment – lotincha «sinab ko‘rish», «tajriba qilib ko‘rish») metodi. Pedagogik tajriba metodidan muammo yechimini topish imkoniyatlarini o‘rganish, mavjud pedagogik sharoitlarning maqsadga erishishning kafolatlay olishi, ilgari surilayotgan tavsiyalarning amaliyotda o‘z in’kosiga ega bo‘la olishi hamda
samaradorligini aniqlash maqsadida foydalaniladi. Muayyan muammo yechimini topishga yo‘naltirilgan pedagogik tajriba ma’lum doirada, soni aniq belgilangan respondentlar ishtirokida amalga oshiriladi. Mazkur metoddan foydalanish tadqiqotchi tomonidan ilgari surilayotgan maxsus metodikaning samaradorligini aniqlay olishi hamda unga baho bera olishi zarur.
Pedagogik tajriba tashkil etilish sharoitiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi: Pedagogik tajriba: tabiiy tajriba, laboratoriya tajribasi, tajriba ishi.
Pedagogik tajriba ham bir qator shartlarga amal qilgan holda tashkil etiladi.
Xususan:
tajribaning maqbul loyiha (dastur) asosida uyushtirilishi;
tadqiqot ilmiy farazining puxta asoslanishi;
tadqiqot obyektlari va usullarining to‘g‘ri tanlanishi;
tajriba o‘tkazilish vaqti hamda davomiyligini aniqlanishi;
zarur pedagogik shart-sharoitlar (asbob-uskuna, jihozlar, vositalar)ning yaratilganligi;
tajriba ma’lumotlarini umumlashtirish, tahlil qilish va natijalarni qayta ishlash.
Pedagogik tajriba yakunida olingan natijalarga asoslanib umumiy xulosaga kelinadi va ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqiladi.