O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta


Jinoiy javobgarlik vujudga keladigan



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə48/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   126
jinoyat huquqi

7.5. Jinoiy javobgarlik vujudga keladigan
yoshni belgilash asoslari

Jismoniy sog‘lom bo‘lgan kishilarda o‘z qilmishi va uning oqibatlarini idora qila olish qobiliyati muayyan yoshga yetganidan keyingina shakllanadi. Bu yoshga yetguncha shaxsda ma’lum hayotiy tajriba to‘planadi. Uni o‘rab turgan muhitni qabul qilish va baholash mezonlari shakllanadi. O‘z xulqining xususiyatini, uning jamiyat uchun foydali va zararli jihatlarini anglash, muayyan qilmishning zararli ekanligi va uni sodir etishni taqiqlanganligini anglash, ana shu taqiqlashni bilgani holda harakatning qaysi variantini qo‘llashni tanlash qobiliyati shakllanadi.


Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, shaxs 16 yoshga to‘lganidan keyin yuqorida ta’kidlab o‘tilganlarni anglash qobiliyati shakllanadi. Shaxs (o‘smir) bu yoshga yetganida shunday ijtimoiy yetuklikka erishadiki, o‘z xulqining xususiyatini, qilmishi jinoyat ekanligini, bunday qilmish uchun jinoyat qonuniga binoan javob berish zarurligini anglaydi. Hatto, ayrim qilmishlarning jinoyat ekanligini ancha oldin, ya’ni 16 yoshga yetmasdan ham anglay boshlaydi. Yuqorida bayon etilganidek, jinoyat sodir qilish paytida qonunda belgilangan yoshga yetgan shaxslargina jinoyatning subyekti bo‘ladilar. Demak, shaxsning muayyan yoshga yetganligi uni jinoiy javobgarlikka tortish shartlaridan biri hisoblanadi.
Qonunda belgilangan yoshga yetmagan kichik yoshdagilar o‘zlarining yoshi, ruhiy va jismoniy rivojlanishi jihatidan o‘z qilmishlari uchun hali to‘la javob bera olmaydilar, o‘z harakatlari (yoki harakatsizlik)larini oqilona boshqara olishmaydi. Chunki ular ongining rivojlanishi darajasi hali bu darajagacha rivojlanmagan bo‘ladi.
Jinoyat subyekti bo‘la olish yoshi, asosan, voyaga yetmagan ongining rivojlanganlik darajasi, sodir etilayotgan hodisa va jarayonlarni anglash, shunga muvofiq ravishda harakat qila olish qobiliyati shakllangan davrdagi yoshidan hisoblandi. Kichik yoshdagilarda bunday qobiliyat hali shakllanmaganligi tufayli ular jinoyat subyekti bo‘la olishmaydi.
Shaxs o‘z xulqining ijtimoiy xavfli xususiyatda ekanligini anglashi, tarbiya, hayotni kuzatish, atrofdagilarning ta’sirida asta-sekin shakllanadi. Shaxs qanday harakatlarni qilish yoki qilmaslikni, yaxshi va yomon ekanligini asta-sekin ajratib boradi va bu masalalarni ajratishda oila tarbiyasi g‘oyat muhimdir. Shaxs muayyan yoshga yetganidan keyin muayyan hayot tajribasi to‘planadi, yaxshi va yomonni ajratish qobiliyati shakllanadi, o‘z hayotiy ehtiyojini qondirishda harakatning u yoki bu variantini tanlash, muayyan muammoni hal qilishning u yoki bu yo‘lini tanlash qobiliyati shakllanadi. Ana shunday qobiliyat o‘n olti yoshga to‘lgan voyaga yetmaganlarda shakllanadi, deb hisoblab Jinoyat kodeksining 17-moddasi, 1-qismida 16 yoshga to‘lgan yosh jinoyatning subyekt yoshi sifatida belgilangan. Demak, Jinoyat kodeksining 17-mod­dasida belgilanganiga ko‘ra, O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lgan shaxslar jinoyat subyekti yoshiga to‘lgan hisoblanadilar. Ammo shunday jinoyatlar borki, ularni 16 yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar ham jinoyat ekanligini, bunday qilmishlar uchun jinoyat qonunida jazo belgilanganligini biladilar.
Shuni hisobga olib, Jinoyat kodeksining 17-moddasi, 2-qismida faqat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyatlari uchun Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qis­mi) o‘n uch yoshga to‘lgan voyaga yetmaganlar shu jinoyatning subyekti bo‘lishlari nazarda tutilgan. Jinoyat kodeksining 17-mod­dasi, 3-qismida o‘n to‘rt yoshga to‘lganlar subyekt bo‘la olishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning qat’iy ro‘yxati berilgan. Bular 97-mod­daning 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish), 98-modda (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish, 104-mod­da (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 105-modda (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) 106-modda (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish), 118-modda (nomusga tegish), 119-modda (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish, 137-modda (odam o‘g‘irlash), 164-modda (bos­qinchilik), 165-modda (tovlamachilik), 166-modda (talonchilik), 169-modda (o‘g‘rilik), 173-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 220-mod­da (ozodlikdan mahrum etish jazosini ijro etish muassasalarining ishini izdan chiqarish), 222-modda (ozodlikdan mahrum qilish joylaridan qochish), 247-modda (o‘q-otar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash), 252-modda (radioaktiv materiallarni qonunga xilof ravishda egallash), 263-mod­­da (temiryo‘l, dengiz, daryo, havo transporti vositasi yoki aloqa yo‘llarini yaroqsiz holatga keltirish), 267-modda (transport vositalarini olib qochish), 271-modda (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda egallash), 14 yoshga to‘lganlar subyekt bo‘la oladigan jinoyatlarning ushbu ro‘yxati qat’iy bo‘lib, ana shu ro‘yxatda ko‘rsatilganidan boshqa birorta jinoyat uchun shaxs o‘n to‘rt yoshdan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
1959-yilda qabul qilinib, 1995-yil 1-aprelgacha amalda bo‘lgan Jinoyat kodeksidagiga nisbatan amaldagi 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Jinoyat kodeksida o‘n to‘rt yoshga to‘lganlar subyekt bo‘la oladigan jinoyatlarning ro‘yxati qisqartirilgan. Jumladan, 1959-yil­da qabul qilingan Jinoyat kodeksida ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish (86-modda) uchun o‘n to‘rt yoshga to‘lganlar ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ayrim amaliyot xodimlari, hatto, ba’zan yuristlar ham ayrim og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik o‘n to‘rt yoshdan belgilangan, deb hisoblashadi. Bunday deb hisoblash to‘g‘ri emas. Agar qonun chiqaruvchi organ og‘ir va o‘ta og‘ir ji­noyat­lar uchun jinoiy javobgarlik yoshini o‘n to‘rt yoshga to‘lganlik hisobidan olinganda edi, o‘ta og‘ir jinoyat hisoblangan terrorizmga, davlatga xoinlik qilish, josuslik, jinoiy uyushma tuzish va hokazo jinoyatlar uchun o‘n to‘rt yoshdan javobgarlikni belgilagan bo‘lar edi. Vaholanki, qonunda 14 yoshga to‘lganlar subyekti bo‘la oladigan jinoyatlar ro‘yxatida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar ham (masalan, 169-moddaning 1-qismi), uncha og‘ir bo‘lmagan ji­noyat­lar (masalan, 104-moddaning 1-qismi) ham bor.
Ushbu ro‘yxatdagi jinoyatlar uchun o‘n to‘rt yoshga to‘lgan­larning jinoyat subyekti bo‘la olishida, asosan, shu yoshdagilarning ana shu qilmishlarni jinoyat ekanligini bilganligi, qonunda ularni sodir etish taqiqlanganligini bilganligi asos qilib olingan.
Jinoyat kodeksining «Maxsus» qismida shunday jinoyatlar borki, ularni faqat o‘n sakkiz yoshga to‘lganlargina sodir qila oladilar. 1959-yili qabul qilingan Jinoyat kodeksida o‘n sakkiz yoshga to‘lganlar subyekt bo‘la oladigan jinoyatlar ro‘yxati «Umumiy» qism moddasida (10-modda) berilmaganligi tufayli subyekt yoshiga qarab javobgar qilish masalasida xatoga yo‘l qo‘yishlar bo‘lar edi. Amaldagi Jinoyat kodeksida o‘n sakkiz yoshga to‘lganlar subyekt bo‘la oladigan jinoyatlarning ro‘yxati berilib, bu borada yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lgan xatolarga chek qo‘yildi.
O‘n sakkiz yoshga to‘lganlar quyidagi jinoyatlarning subyekti bo‘la oladilar: 122-modda (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash); 123-modda (ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash); 127-modda (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish); 144-mod­da (fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish); 146-modda (saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish); ekologiya sohasidagi ayrim jinoyatlar (193–195-moddalar); ayrim mansabdorlik jinoyatlari (205–210-moddalar); odil sudlovga qarshi ayrim jinoyatlar (230–232, 234–235-moddalar); barcha harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar (279–302-mod­dalar).
Sud shaxsni muayyan jinoyatni sodir etishda ayblar ekan, u ayblanayotgan jinoyatchining subyekti yoshiga yetganligini to‘g‘ri aniqlab olishi kerak. Agar jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning tug‘ilgan vaqti aniq bo‘lsa, jinoyat subyekti yoshiga to‘lgan, deb hisoblashda 13,14,16 yoki 18 yoshga to‘lgan, deb hisoblash uchun tug‘ilgan kuni emas, balki tug‘ilgan kunidan hisoblab, ana shu yoshga to‘lgan kuni to‘la o‘tib bo‘lganidan keyin (ya’ni, kech soat 24.00 o‘tganidan keyingina) subyekt yoshiga yetgan hisoblanadi. Demak, shaxs o‘zi tug‘ilgan kuni jinoyat sodir qilsa, u hali subyekt yoshiga yetmagan hisoblanadi va faqat ertasiga, ya’ni soat kech 24.00 dan keyin sodir qilgan jinoyati uchun jinoyat subyekt yoshiga yetgan hisoblanadi.
Ayrim hollarda jinoyat sodir qilgan voyaga yetmaganlarning yoshi aniq bo‘lmaydi. Bunday holda uning yoshini aniqlash ekspertlariga yuboriladi. Bu borada sobiq SSSR Oliy sudi plenu­mining 1976-yil 3-dekabrdagi «Voyaga yetmaganlar jinoyat ishlari to‘g‘risidagi qonunlarni, ularni jinoyatga va boshqa g‘ayriijtimoiy faoliyatga jalb qilish to‘g‘risidagi qonunlarni sudlarda qo‘llanish amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 6-bandida quyidagicha tushuntirish berilgan edi: «Shaxsning tug‘ilgan yili sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan aniqlab berilgan bo‘lsa, o‘sha yilning oxirgi kuni (31-dekabr) tug‘ilgan kuni, deb olinadi. Agar ekspertlar eng kam va eng ko‘p muddat (masalan, 15 yosh bilan 17 yosh o‘rtasida) ko‘rsatib aniqlab bergan bo‘lsa, eng kam belgilab berilgan yosh miqdoridan olinib tug‘ilgan yili belgilanadi». Hozirgi kunda ham yoshi aniq bo‘lmagan shaxslarning jinoyat subyekti yoshiga yetgan yoki yetmaganligi ana shu qoidaga amal qilingan holda aniqlanmoqda.
Ayrim hollarda aqliy rivojlanish darajasi jismoniy rivojlanish yoshiga nisbatan orqada qolib ketgan shaxslar ham ijtimoiy xavfli qilmish sodir qiladilar. Jismoniy rivojlanish yoshi muayyan jinoyat subyekti yoshiga yetgan, ammo aqliy rivojlanish darajasi orqada qolib ketganlar jinoyatning subyekti bo‘la oladimi, degan savol tug‘iladi.
Jinoyat kodeksining 17-moddasi mazmuniga ko‘ra, jinoyat subyekti bo‘lish uchun shaxsning qonunda ko‘rsatilgan yoshga to‘lmaganligi va aqli raso bo‘lishi talab qilinadi. Aqliy rivojlanish darajasi orqada qolib ketgan shaxslar aqli norasolar bilan tenglash­tirilmaydi. Ularning aqli rivojlanishi orqada qolib ketgan bo‘lsa-da, aqli raso hisoblanadi va shunga ko‘ra, ular muayyan jinoyatning subyekti bo‘laveradi. Ammo sudlar bunday shaxslarga jazo tayinlashda javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishning asoslarini ko‘rib chiqishlari kerak. Lekin bunday shaxslarning javobgarligini hal qilishda sud uning o‘z harakatlari ahamiyatini anglay olish va harakatlarini boshqara olish qobiliyatidan kelib chiqishlari kerak.

1. Jinoyatning subyekti, deb nimaga aytiladi?


2. Jinoyat subyektining jinoyat tarkibi tizimida tutgan o‘rni nimalarda ifodalanadi?
3. Jinoyat subyektining belgilarini bayon eting.
4. Aqli rasolik, deb nimaga aytiladi?
5. Aqli norasolik, deb nimaga aytiladi?
6. Aqli norasolik mezonlarini izohlang.
7. Jinoyat kodeksida jinoyat subyekti yoshi necha yoshdan belgilangan?
8. Shaxsni muayyan yoshga yetgan, deb hisoblash tartibi qanday?
9. Jinoyatning maxsus subyekti, deb nimaga aytiladi?
10. Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan jinoyatning maxsus subyektlarini sanab bering.
11. Jinoyatning subyekti va jinoyatchi shaxsi tushunchalarining farqi nimada?


8-bob. JINOYAТNING SUBYEKТIV ТOMONI



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin