O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə111/126
tarix12.05.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#112156
1   ...   107   108   109   110   111   112   113   114   ...   126
jinoyat huquqi

17.5. Shartli hukm qilish


Shartli hukm qilish – sudning aybdorga ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish, xizmat bo‘yicha cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazolaridan biri tayinlash vaqtida ishdagi holatlar va aybdorning shaxsini e’tiborga olib, bu jazoning o‘tashi maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelsa, qonunda ko‘rsatilgan shartlar mavjud bo‘lganda, aybdorga bu jazoni shartli ravishda qo‘llamasligi haqida qaror chiqarishdan iborat.
Ko‘pchilik olimlar shartli jazo belgilashni jazodan ozod qilishning alohida bir turi, deb hisoblashadi. Ba’zilari esa, shartli jazo belgilashni jazoni o‘tashning alohida bir turi, deb hisob­laydilar, ba’zilari hukmni ijro etishning alohida tartibi, deb ko‘rsatadilar. Ayrim mutaxassislar esa, shartli jazo belgilash jazoning ijrosini kechiktirishdir, degan fikrni ilgari suradilar.
Bu institutni jazodan ozod qilishning boshqa institutlari bilan taqqoslaganimizda, ular o‘rtasida umumiy xususiyatlar mavjud­ligini ko‘ramiz. Jazodan ozod qilishning barcha holatlarida, shuningdek, shartli jazo belgilashda ham aybdor jazoni faktik jihatdan o‘tamaydi. Jazodan ozod qilishning boshqa turlari kabi shartli jazo belgilash ham umumiy ta’sir chorasi bo‘lib hisoblanadi.
Shartli jazo belgilash jazodan ozod qilishning boshqa turlaridan:

birinchidan, sud tomonidan shartli ravishda jazo belgilanishi;


ikkinchidan, mahkumning jazodan qisman emas (jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish), balki to‘liq ozod qilinishi;
uchinchidan, sud mahkumning oldiga jazoning shartliligini bekor qilishi mumkin bo‘lgan muayyan talablarni qo‘yish bilan farqlanadi.

Shartli hukmning yuridik tabiatini belgilash nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Bu shartli hukmning mohiyatini ochib berishga, uni qo‘llash asoslarini hamda shartli hukm qilingan shaxsni sinov muddati davrida bajarishi va amal qilishi zarur bo‘lgan shartlarni belgilashga yordam beradi.


Jinoyat kodeksiga muvofiq shartli jazo belgilash – o‘z tabiatiga ko‘ra aybdorni sud tomonidan tayinlangan jazoni real o‘tashdan shartli ozod qilish. Shartli jazo belgilashning maqsadi mahkumni sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tamasdan tuzatish va qayta tarbiyalashdan iborat.
Shartli jazo belgilashda sud shaxsni ma’lum jinoyatni sodir qilishda aybli, deb topadi va unga jazo tayinlaydi, lekin shuning bilan birga ishdagi holatlarni hamda aybdorning shaxsini e’tiborga olib, bu jazoni o‘tashi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblaydi.
Shartli hukm qilishda sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini va xususiyatini, aybdorning shaxsini, javob­garlikni og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olishi lozim. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shartli ravishda jazo tayinlash uchun obyektiv va subyektiv asoslar bo‘lishi lozim.
Obyektiv asos – bu sodir etilgan jinoyatning o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, usuli va oqibati bo‘yicha og‘ir bo‘lmasligi.
Subyektiv asos — aybdorning shaxsiy xususiyatlari va sodir etilgan jinoyatni xususiyatlovchi subyektiv xususiyatlari, ya’ni aybdorning uncha ijtimoiy xavfli emasligini tasdiqlovchi holatlar yig‘indisidan iborat.
Aybdorning shaxsiga baho berishda uni jinoyat sodir etishga undagan xulq-atvori, turmush va ishdagi axloqi hamda o‘z jinoyatiga so‘nggi munosabati (aybini bo‘yniga olish, yetkazilgan zararni to‘lashi va boshqalar) e’tiborga olinadi.
Jinoyat kodeksi shartli jazo belgilanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar va shaxslar doirasini chegaralaydi. O‘ta og‘ir jinoyati uchun jazoga hukm qilinganlarga, shuningdek, ilgari qasddan sodir etgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan shartli jazo belgilash qo‘llanilmaydi. Jinoyat kodeksi ijtimoiy adolat prinsiрidan kelib chiqib, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan shaxslarga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan holda ham shartli jazo belgilash mumkinligi mustahkamlangan.
Shartli jazo belgilashda sinov muddati jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi hamda mahkumga tayinlangan jazoning miqdoriga qarab, sud tomonidan bir yildan uch yilgacha belgilanadi. Sinov muddatining asosiy mohiyati va ahamiyati mahkumga jazoni o‘tamasdan tuzalishi, o‘zini jamoat oldida oqlashi uchun vaqt va imkoniyat berishdir. Agar shu muddat ichida mahkum ishonchni oqlasa, sinov shartlarini bajarib tuzal­ganligini isbotlasa, unga tayinlangan jazoni o‘tashdan ozod bo‘ladi va sudlanmagan hisoblanadi. Sinov muddati hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Shartli jazo belgilash to‘g‘risidagi qaror yuqori sud tomonidan chiqarilgan taqdirda ham, sinov muddatini hisoblash shu kundan boshlanadi. Jinoyat kodeksining 72-moddasi, 3-qismiga muvofiq, sud shartli jazo belgilashi bilan bir qatorda aybdorga bir qator majburiyatlarni: yetkazilgan zararni bartaraf etish, ishga yoki o‘qishga kirish, yashash joyi yoki o‘qishini o‘zgartirsa, bu haqda shartli hukm qilingan shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organga xabar berib turishi, vaqti-vaqti bilan kelib bu organlar ro‘yxatidan o‘tib turishi, muayyan joylarda bo‘lmaslik, muayyan vaqtda yashash joyida bo‘lishi, alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini o‘tashi kabi yuklashi mumkin.
Shartli hukm qilinganlar ustidan nazoratni ichki ishlar organ­lari va harbiy xizmatchilar ustidan harbiy qism yoki muassasa qo‘mondonligi amalga oshiradi. Jazoni ijro qilish inspeksiyasi shartli hukm qilingan shaxslarni ro‘yxatga oladi va sud belgilagan sinov muddati mobaynida ularning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishini nazorat qilib boradilar. Shartli hukm qilingan shaxs harbiy xizmatga chaqirilgan taqdirda jazolarni ijro qilish inspeksiyasi sud hukmi (ajrimi) nusxasini hamda harbiy xizmat o‘tash joyida uning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun kerakli boshqa hujjatlarni mudofaa ishlari bo‘yicha tegishli bo‘limga yuboradi. Harbiy qism (muassasa) qo‘mondonligi o‘n kunlik muddat ichida mahkum ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida, xizmatni tugatgandan keyin esa, jo‘nab ketganligi to‘g‘risida jazolarni ijro etish inspeksiyasiga xabar beradi.
Shartli hukm qilingan shaxsning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ sinov muddati mobaynida belgilangan cheklashlarni to‘liq yoki qisman bekor qilish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritishga haqlidir.
Mahkum zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlagan yoki ma’muriy yoxud intizomiy javobgarlikka tortilgan hollarda mahkum xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ jinoyat huquqiy ta’sir chorasini bekor qilishi hamda hukmda tayinlangan jazo chorasini ijro etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritishi mumkin. Sud ushbu taqdimnomaga asosan shartli jazoni bekor qilib, hukmda tayinlangan jazoni ijro etish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
Agar shartli hukm qilingan mahkum sinov muddati o‘tmay turib, yangi jinoyat sodir etsa, unga bir necha hukm yuzasidan Jinoyat kodeksining 60-moddasiga muvofiq jazo tayinlanadi. Sud yangi hukm bo‘yicha tayinlangan jazo muddatiga ilgarigi hukm yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddatini to‘la yoki qisman qo‘shadi.
Shartli hukm qilish to‘g‘risidagi sud hukmining kuchga kirishi bilan sinov muddati davomida mahkum sudlangan, deb topiladi. Agar sinov muddati davomida mahkum yangi jinoyat sodir etmasa, shartli hukm sud tomonidan bekor qilinmagan bo‘lsa, hukm ijro etilmaydi va shaxs Jinoyat kodeksining 78-moddasi, «a» bandiga ko‘ra sudlanmagan hisoblanadi.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   107   108   109   110   111   112   113   114   ...   126




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin