Reja Sport psixologiyasining O‘zbekistonda paydo bo’lishi
Z.G.Gapparovning tashabbusi
Respublikamiz olimlarining Sport psixologiyasiga qoshgan xissasi
Kalit sozlar: laboratoriya, rivojlantirish tarixi, fan sifatida, sport musobaqalari, tadqiqotlar O‘zbekistonda sport psixologiyasi fan sifatida dastlab O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutining pedagogika va psixologiya kafedrasi bazasida dunyoga keldi. Mazkur kafedraning mudiri dotsent L.Ye.Lebedyanskaya bo‘lib, u ushbu lavozimda 1962-yildan 1972 yilga qadar samarali faoliyat yuritdi. Ana shu yillar mobaynida u “Sport psixologiyasi”ning metodologik asosini ishlab chiqdi, aynan shu muallif tomonidan o‘sha paytlarda institut talabalariga mazkur kurs bo‘yicha beriladigan darslarning barcha o‘quv hujjatlari ishlab chiqildi.
Sport psixologiyasining fan sifatida oyoqqa turishida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti pedagogika va psixologiya kafedrasi bilan Moskva shahridagi Markaziy Davlat jismoniy tarbiya institutning psixologiya kafedrasi o‘rtasidagi aloqalari juda katta ta’sir ko‘rsatdi. O’sha paytlarda mazkur institutni jismoniy tarbiya oliy o‘quv yurtlarida sport psixologiyasini o‘quv predmeti sifatida o‘qitilishining asoschisi, professor P.A.Rudik boshqarar edi.
O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida umumiy va sport psixologiyasini o‘qitishning farqli tomoni shunda ediki, bu yerda ma’ruzaviy mashg‘ulotlardan so‘ng seminar mashg‘ulotlari emas, balki laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazilar edi. Ushbu mashg‘ulotlarda talabalarning ma’ruzalardan olgan bilimlari talabalarning o‘zlarida tajribalar o‘tkazish yo‘li bilan mustahkamlanardi. Tadqiqotlarning natijalari yo‘riqnomalar bo‘yicha ishlab chiqilar, so‘ngra xulosalar chiqarilardi va talabalar tajriba yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar asosida o‘zlari mustaqil xulosalarga kelardilar (o‘quv mashg‘ulotni shu tarzda tashkil etish an’anasi hozirgacha saqlanib kelmoqda).
Shunday qilib, institutdagi laboratoriya mashg‘ulotlari ko‘proq ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib borish xarakterini kasb etardi. Laboratoriya mashg‘ulotlarining mazmuni Moskva va Leningrad jismoniy tarbiya institutlari psixologiya kafedralari tomonidan nashr etilgan uslubiy qo‘llanmalar asosida doimiy ravishda yangilanib borilgan.
Sport psixologiyasi fanidan o‘zbek tilida dotsent N.A.Yax’yarov va Z.T.Sayitmetovalar dars berganlar.
Bugungi kunda sport psixologiyasi fani pedagogik universitetlarning jismoniy tarbiya fakul’tetlari o‘quv dasturlariga kiritilgan, shuningdek u Milliy universitetning psixologiya fakultetida ham o‘qitilmoqda. 2003 yilda Milliy universitetda “Sport psixologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura ochildi. Hozirgi kunda sport psixologiyasi yo‘nalishi yopilgan
Laboratoriya mashg‘ulotlarining doimiy yangilanib borilishi ushbu mashg‘ulotlar uchun zarur psixologik apparaturalarni, uskuna va jihozlarni yaratishni taqazo etadi. Shuni ta’kidlash joizki, psixologiya fani uchun zarur ilmiy asbob -uskuna va jihozlarni ishlab chiqish va tayyorlash bo‘yicha hech qanday maxsus tashkilotlar bo‘lmagan va hozirgacha ham yo‘q. 1966 yilda O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutining pedagogika va psixologiya kafedrasida Moskva jismoniy tarbiya insitutining bitiruvchisi bo‘lgan o‘qituvchi Z.G.Gapparov tomonidan ilk psixologiya o‘quv ilmiy laboratoriyasi tashkil etildi. Ushbu laboratoriyaning yaratilishi kafedraning sport psixologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar faoliyatining boshlanishiga yordam berdi. Dastlabki tadqiqotlar asosan psixofiziologik xarakterga ega bo‘lib, ular qilichbozlarning harakatlaridagi assimmetriyalarni o‘rganishga yo‘naltirilgan edi. Ushbu mavzu Z.G.Gapparov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unga L.Ye.Lebedyanskaya rahbarlik qilgan (1966-1969 yillar).