MAVZU : KIMYOVIY TEXNOLOGIYA FANINING
UMUMIY VAZIFALARI
REJA:
1. Texnologiya fani haqida umumiy tushuncha.
Texnologiya fanining bo`limlari.
Ishlab chiqarish usuli.
Texnologik sistema va texnologik sxema.
5. Texnologiya fanining mamlakatimizdagi rivoji.
6. O`zbekistondagi kimyoviy sanoat korxonalari haqida ma`lumot.
Texnologiya so`zi ikki so`zdan iborat bo`lib, "texnik" - hunar, "logos" - fan, hunar haqidagi fan demakdir. U 1772 - yilda fanga kiritilgan.
Texnologiya - bu tabiiy homashyodan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish usullarini o`rganuvchi fandir. Ishlab chiqarish usuli deganda homashyodan to tayyor mahsulot olingunga qadar sodir bo`ladigan barcha jarayonlar yig’indisi tushuniladi. Homashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan mashina va apparatlar yig’indisi texnologik sistema deyiladi. Mana shu maxsus mashina va apparatlarda yuz beradigan jarayonlarning grafik tasviri texnologik sxema deyiladi.
Har bir app aratda bir emas, balki bir nechta jarayonlar sodir bo`lishi mumkin. Reaktorlar deb ataluvchi kimyoviy apparatlarda bir vaqtning o`zida bir nechta jarayonlar sodir bo`ladi, ya`ni gidravlik, issiqlik, diffuzion va kimyoviy jarayonlar.
Texnologiya mexanik va kimyoviy texnologiyaga bo`linadi.
Mexanik texnologiyada materiallarning faqat fizik xossalari va tashqi ko`rinishlarigina o`zgaruvchi jarayonlar o`rganiladi.
Kimyoviy texnologiyada esa materiallarning ichki tuzilishlari va xossalari o`zgaruvchi jarayonlar o`rganiladi. Kimyoviy texnologiya kimyoviy reaksiyalar ishtirokida mahsulotlar ishlab chiqarishning jarayon va usullarini o`rganadi.
Hozirgi kunda kimyo mahsulotlari qo`llanilmaydigan biror - bir soha yo`q desa bo`ladi. Fan va texnikaning dolzarb yo`nalishlari bo`lgan biologiya, tibbiyot, fizika, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish sohalari va qishloq xo`jaligi rivojlanishini kimyosiz tasavvur etib bo`lmaydi.
Hozirgi kunda Respublikamizda 20 dan ortiq kimyo korxonalari mavjud bo`lib, turli moddalar - mineral o`g’itlar, sulfat kislota, o`simliklarni himoya qilish vositalari, plastmassalar, sintetik smolalar, sement, sun`iy va sintetik tolalar, lak-bo`yoqlar va boshqa bir qator mahsulotlar ishlab chiqariladi. Masalan: Respublikamizdagi eng yirik kimyo korxonalaridan hisoblangan Chirchiqdagi "Elektrokimyo zavodi", Navoiydagi "Navoiyazot", Farg’onadagi "Azot" ishlab chiqarish birlashmalarining mahsulotlari ammiakli selitra, karbamid, ammoniy sulfat kabi azotli o`g’itlarni tashkil etadi. Olmaliq va Samarqand kimyo korxonalarida kompleks o`g’it hisoblangan ammofos, Navoiy elektrokimyo zavodida turli pestisidlar,"Farg’ona azot" ishlab chiqarish birlashmasida xlorat magniyli defoliant ishlab chiqarilmoqda.
O`zbekistonda kimyoning rivojlanish tarixi 1920 yilda Toshkent Davlat Dorilfununining tashkil etilishi bilan o`zviy bog’liqdir. Professorlar S.N.Naumov, M.I.Prozin, E.V. Rakovskiy kabilar Respublikamizda kimyoning organik, anorganik, fizik va boshqa tarmoqlarini rivojlantirishda o`zlarini katta hissalarini qo`shdilar. O`zbekiston kimyo fani va sanoatining rivojlanishida Ulug’ Vatan urushi yillarida bu yerga ko`chib kelgan sanoat korxonalari, Moskva kimyo texnologiya instituti, Harkov kimyo instituti, L.Ya. Karpov nomidagi fizik - kimyo instituti, kimyo sanoati va loyihalash institutining bo`limlari va laboratoriyalarining hissasi katta bo`ldi. Bu yillarda O`zbekiston kimyogarlari sobiq Ittifoqning yirik olimlari - akademiklar I.A.Kablukov, V.A.Korgin, M.M.Dubinin, I.P.Losev va boshqalar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib bordilar. Respublikamizda dastlab 1933 yili kimyo instituti tashkil etildi. Kimyo instituti laboratoriyalari asosida keyinchalik ilmiy tadqiqot markazlari - o`simlik moddalari kimyosi, paxta sellyulozasi kimyosi va texnologiyasi, O`rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati biorganik kimyo, polimerlar kimyosi va fizikasi, o’g’itlar institutlari tashkil etildi. O`zbekistonda kimyo sanoatining rivojlanishida juda ko`p olimlarning xizmatlari katta bo`lib, ulardan O`zbekiston Fanlar Akademiyasining haqiqiy a`zolari O.S.Sodiqov, S.Y.Yunusov, X.U.Usmonov, M.N.Nabiev, K.S.Axmedovlar yaratgan maktablar alohida ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda kimyo texnologiyasi fani oldida bir qator dolzarb muammolar turibdiki, ular qatoriga quyidagi yo`nalishlarni kiritish mumkin, masalan:
- yangi konstruktsion va funktsional organik va noorganik materiallar (polimerlar, kompozitsion, keramik va h.), elastomerlar, sun`iy va sintetik tolalar, ularni korroziya va yemirilishidan saqlash usullari.
- yangi yuqori samarali kimyoviy texnologik jarayonlari, masalan, katalitik, elektrokimyoviy jarayonlar, kimyoviy reaksiyalarni yuqori va fizik metodlari yordamida tezlatish:
- mineral homashyolar, neft, gaz va qattiq yoqilg’i, moddalarni chuqur va kompleks kimyoviy qayta ishlash bilan bog’liq bo`lgan yangi jarayonlar:
- kimyoviy analizning yangi instrumental usullari, kimyoviy jarayonlar hamda materiallar va buyumlar xossalari diagnostikasi:
- kimyoviy energetika, yangi kimyoviy tok manbalarini va energiyani boshqa holatga o`tkazish tizimlarini yaratish:
- kimyoviy texnologik jarayonlarning xavfsizligini va atrof - muhitni muxofaza qilish:
- kimyoviy informatika:
Respublikamiz kimyogarlari oldida hali o`z yechimini kutayotgan ulkan muammolar turibdi. Bu muammolar jumlasiga kam tarqalgan va noyob usullarni yaratish, sanoat va qishloq ho`jaligi chiqindilarini qayta ishlash natijasida xalq xo`jaligi uchun muhim bo`lgan materiallar olish, chiqindisiz va kam energiya talab qiladigan texnologik jarayonlarni ishlab chiqish, atrof - muhit va inson salomatligi uchun zararsiz hamda kam miqdorda sarflanadigan o`simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalarini yaratish, sanoat oqava suvlarini tozalash uchun samarali sirt aktiv birikmalar tanlash, tegishli xossalarga ega bo`lgan kompozitsion, konstruktiv yangi materiallar va elektr o`tkazuvchan polimerlar olish, xalq salomatligi uchun zarur bo`lgan dori - darmonlar yaratish kabilarni kiritish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |