Siklik sistemada sodir bo`ladigan sintezlarga spirtlar, motor yoqilg’isi va boshqa sintezlarni misol qilish mumkin. Bunda faqat bitta siklning o`zida uncha katta bo`lmagan darajada chiqishga ega bo`ladi, lekin reaksion aralashma ko`zda tutilgan, ya`ni hisoblangan miqdordagi mahsulot tayyor bo`lguncha apparatda bir necha marta sirkulyatsiyalanadi. Sirkulyatsiyalanayotgan aralashmaga bir siklda olinadigan tayyor mahsulotning miqdoricha yangi homashyodan qo`shib turiladi.
Bundan tashqari kombinirlangan, ya`ni murakkab texnologik sistemalar ham bo`lib, ularda reaksion fazalardan biri bir xil apparatlarda ketma - ket o`tib boradi, ikkinchi fazada esa sirkulyatsion sistemada ko`p marotaba sirkulyatsiyalanadi. Hozirda ishlab chiqarishning asosiy vazifalaridan biri siklik kimyoviy texnologik sistemalarni ishlab chiqarishdir, chunki ular ochiq zanjirlilarga nisbatan ancha ihchamdir.
Shuning uchun ularga kamroq mablag’ sarflanadi va chiqimsiz ishlab chiqarishga yaqinroqdir. Lekin ba`zi dastlabki mahsulotining miqdori uncha katta bo`lmagan jarayonlar uchun ochiq zanjirli sistemalar qulayroqdir.
Texnologik sistemaning murakkab yoki soddaligi ishlab chiqarishda mahsulotning tannarxiga ta`sir qiladi. Sistemada apparatlarning ko`pligi ishlab chiqarishning qurilishiga ko`proq mablag’ talab qiladi, bu esa apparatning remonti uchun sarfni va xizmatdagi ishchilarning shtatini oshiradi. Buning natijasida mehnat unumdorligi kamayadi va mahsulotning tannarxi ortib ketadi. Shuning uchun ishlab chiqarish usullarini ishlab chiqarishda kichik sistemalarga ko`proq ahamiyat beriladi, chunki bu sistemalarda kam bosqichli jarayonlar olib boriladi.
SAVOL VA TOPSHIRIQLAR: 1. Kimyoviy texnologik sistema nima?
2. Sistemalar qanday turlarda bo`ladi?
3. Ochiq zanjirli sistema deganda nimani tushunasiz?
4. Yopiq zanjirli sistemaning ahamiyati bormi?
5. Kombinirlangan sistemalar nima, uning qanday afzalliklari bor?