ta’lim (o‘qitish, o‘qish), tarbiya, ma’lumot, shakllanish va rivojlanish. Ta’lim – tarbiyalanuvchilarni nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malakalar bilan
qurollantirish, ularning bilish qobiliyatlarini o‘stirish va dunyoqarashlarini shakllantirishga
yo‘naltirilgan jarayon. Ta’lim o‘zida uch asosiy elementni aks ettiradi: bilim, ko‘nikma va malaka.
Bilim – tarbiyalanuvchining ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar ko‘rinishida aks
etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy ma’lumotlar majmui.
Ko‘nikma – shaxsning muayyan faoliyatni tashkil eta olish qobiliyati.
Malaka – muayyan harakat yoki faoliyatni bajarishning avtomatlashtirilgan shakli.
Ta’lim ikki tomonlama tavsifga ega bo‘lib, o‘qitish va o‘qishni o‘z ichiga oladi.
O‘qitish – pedagogik faoliyat bo‘lib, u bilim, ko‘nikma, malakalarni bolalarga singdirish,
ularning bilish va amaliy faoliyatiga rahbarlik qilishdir.
O‘qish – ta’lim oluvchining bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashdagi amaliy
faoliyatidir.
Tarbiya – muayyan aniq maqsad hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har
tomonlama o‘stirish, uning ongi, xulq-atvori va dunyoqarashini tarkib toptirish jarayoni.
“Tarbiya” tushunchasi “Maktabgacha ta’lim pedagogikasi”ning asosiy tushunchalardan
biri sanaladi. Jamiyat va pedagogikaning tarixiy rivoji davomida mazkur kategoriyani
tushuntirishga turlicha yondashuvlar yuzaga keldi. Eng avvalo, keng va tor ma’nodagi tarbiya
farqlanadi. Keng ma’noda tarbiya shaxsga jamiyatning ta’sir etishi, ijtimoiy hodisa sifatida
qaraladi. Mazkur holatda tarbiya ijtimoiylashtirish bilan uyg‘unlashadi.
Tor ma’noda tarbiya deganda, pedagogik jarayon sharoitida ta’lim maqsadini amalga
oshirish uchun pedagog va tarbiyalanuvchilarning maxsus tashkil etilgan faoliyati tushuniladi.
Ushbu holatda pedagoglarning tarbiyaviy faoliyati tarbiyaviy ish deb ataladi.