240-modda. Ehtiyot chorasini qo‘llash, bekor qilish, o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim Ehtiyot chorasi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori va sudning ajrimi bilan qo‘llanilishi, bekor qilinishi va o‘zgartirilishi mumkin.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida qo‘llanilgan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi shaxsni bundan keyin qamoqda saqlash yoki uning uy qamog‘ida bo‘lishi uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ehtiyot choralari to‘g‘risida qaror chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi ushbu ehtiyot chorasini aynan o‘sha shaxsga nisbatan qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga takroran murojaat etishga monelik qilmaydi.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida sud tomonidan qo‘llanilgan garov tarzidagi ehtiyot chorasi uni bundan buyon qo‘llash uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda, xuddi shuningdek ish yuritish tugatilgan taqdirda, mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqargan sud albatta xabardor etilgan holda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Ehtiyot chorasini qo‘llash, bekor qilish, o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda: shaxsning qanday jinoyatni sodir etishda ayblanayotganligi; ehtiyot chorasi qanday qonuniy asoslarga tayanib qo‘llanganligi yoxud tegishli dalillar keltirish yo‘li bilan bu asoslar yo‘qligi yoki o‘zgargani; ehtiyot chorasini tanlashga ta’sir qiluvchi, qonun bilan belgilangan holatlarni hisobga olib, ehtiyot choralarini qo‘llash, bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruratini izohlovchi sabablar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Qaror yoki ajrim kimga nisbatan chiqarilgan bo‘lsa, shu shaxsga darhol e’lon qilinadi, shaxsning og‘ir kasalligi yoki uning qochib ketganligi tufayli e’lon qilinishi mumkin bo‘lmagan hollar bundan mustasno.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan yoxud o‘zgartirilgan taqdirda, qamoqda yoki uy qamog‘ida bo‘lgan shaxs darhol ozod qilinishi kerak.