235-modda. Ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyonni undirish Shaxsga qonunsiz ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyon, basharti keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa yoki ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra ish tugatilgan bo‘lsa, to‘liq hajmda qoplanadi.
28-bob. EHTIYOT ChORALARI 236-modda. Ehtiyot choralari qo‘llanilishining maqsad va asoslari Ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish; uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish; uning ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik; hukmning ijro etilishini ta’minlash maqsadida qo‘llaniladi.
Ayblanuvchi, sudlanuvchi sodir etgan, Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning xavfliligi tufayli u surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi mumkin degan o‘rinli taxmin ham qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Ekspertiza o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilishini kutayotgan shaxslarga, shuningdek aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslarga nisbatan ehtiyot choralari ularning qochib ketishining va boshqa ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash haqidagi sud ajrimining ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘llanilishi mumkin.
237-modda. Ehtiyot choralarining turlari Ehtiyot choralariga quyidagilar kiradi: munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat; shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi; garov; uy qamog‘i; qamoqqa olish; voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi. Bir shaxsga nisbatan bir vaqtning o‘zida ana shu choralardan faqat bittasi qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yiladi.