244-modda. Qamoqda saqlash joylari Ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar tergov hibsxonasining kameralarida saqlanadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud bir jinoyat ishi bo‘yicha yoki bir necha o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilarni va ayblanuvchilarni alohida-alohida saqlash to‘g‘risida tergov hibsxonasining ma’muriyatiga yozma ko‘rsatma berishga haqli.
Agar qamoqqa olinganlar Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan bo‘lsa, prokurorning qaroriga yoki sudning ajrimiga ko‘ra tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin. Bu chora voyaga yetmaganlarga, oltmish yoshdan oshganlarga, shifokorning yozma xulosasi bilan tasdiqlangan og‘ir kasallarga va ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qamoqqa olinganlar vaqtincha saqlash hibsxonalarida o‘n sutkagacha saqlanishi mumkin. Qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonasiga olisligi yoki lozim darajadagi qatnov yo‘llari mavjud emasligi tufayli olib borishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda, bunday shaxslar vaqtincha saqlash hibsxonalarida surishtiruvchi yoki tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga ko‘ra o‘ttiz sutkagacha saqlanishi mumkin.
Qamoqqa olingan harbiy xizmatchilar gauptvaxtalarda ko‘pi bilan yigirma sutkagacha, olis joylarda esa, bu ehtiyot chorasining butun amal qilish muddati mobaynida saqlanishi mumkin. Harbiy xizmatchini gauptvaxtada saqlash muddati harbiy sudlar tomonidan ishni sudda ko‘rib chiqish vaqtiga, lekin ko‘pi bilan o‘n besh sutkaga uzaytirilishi mumkin. Intizomiy qismga yuborishga hukm qilingan harbiy xizmatchilar hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar gauptvaxtalarda saqlanishi mumkin.
Tergov harakatlarini bajarish yoki jinoyat ishlarini tergov hibsxonalari joylashgan aholi punktlari hududidan tashqarida sudda ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan hollarda, qamoqqa olinganlarni mazkur harakatlarni amalga oshirish va sud majlislarini o‘tkazish uchun har kuni olib borish imkoniyati bo‘lmaganda ular tergov hibsxonalaridan vaqtincha saqlash hibsxonalariga o‘tkazilishi, lekin bir oy mobaynida ko‘pi bilan o‘n sutkaga o‘tkazilishi mumkin. Bunday o‘tkazish uchun qamoqqa olinganni boshqa erga ko‘chirish to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asos bo‘ladi.
Basharti mahkum boshqa jinoyat ishi bo‘yicha guvoh yoki jabrlanuvchi bo‘lsa, u sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin jazoni ijro etish muassasasidan tergov hibsxonasiga o‘tkazilishi yoki tergov hibsxonasida qoldirilishi mumkin. Bu holda mahkum: Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining, shuningdek ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan uch oygacha muddatga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari roziligi bilan olti oygacha muddatga, sudning ajrimiga ko‘ra esa ish sudda ko‘rib chiqilishi vaqtiga tergov hibsxonasida saqlanishi mumkin.
Boshqa tumanda (shaharda) turgan mahkum boshqa erga ko‘chirish to‘g‘risidagi surishtiruvchining yoki tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga muvofiq boshqa erga o‘tkaziladi. Mahkumni boshqa erga ko‘chirishni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmalari zimmasiga yuklanadi.
Qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylarida saqlash tartibi va shart-sharoitlari qonunda belgilanadi.