54-modda. Jabrlanuvchi Jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi shaxsga ma’naviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar bo‘lgan taqdirda, bunday shaxs jabrlanuvchi deb e’tirof etiladi. Jabrlanuvchi deb e’tirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxs bo‘lsa, ishda u bilan birgalikda yoki uning o‘rniga qonuniy vakili ishtirok etadi.
55-modda. Jabrlanuvchining huquq va majburiyatlari Jabrlanuvchi: ko‘rsatuv berish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; o‘z ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; qonunda nazarda tutilgan hollarda yarashuv to‘g‘risida ariza berish hamda sud tomonidan ish bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazilayotganda va yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha, birinchi instansiya, apellatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; shaxsan o‘zi yoki vakili orqali sudda ayblovni quvvatlash; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va u haqda o‘z mulohazalarini bildirish; ish bo‘yicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Jabrlanuvchi: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi; haqqoniy ko‘rsatuvlar berishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning talabi bo‘yicha dalillar taqdim qilishi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Jabrlanuvchi uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan taqdirda ushbu Kodeksning 261 — 264-moddalarida nazarda tutilgan tartibda majburiy olib kelinishi mumkin.
Jabrlanuvchi ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar bo‘ladi.
Jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ushbu moddada ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlarni dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan marhumning qonuniy vakili deb e’tirof etilgan yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar amalga oshiradilar.